Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Temir Sariyev qo‘lga olindi
Ma'lumot berilishicha, Sariyev iqtisodiyot vaziri va tegishli davlat komissiyasi raisi bo‘lgan vaqtida “Qumtor” koni faoliyatining ekologik zararini bir necha milliard somga kamaytirib ko‘rsatgani aniqlangan.
Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi tergov guruhi sobiq bosh vazir Temir Sariyevni qo‘lga oldi. Bu haqda Kabar agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, u “Qumtor” oltin koni ishi bo‘yicha ushlangan.
Agentlikning yozishicha, tergov Sariyev iqtisodiyot vaziri va tegishli davlat komissiyasi raisi bo‘lgan vaqtida “Qumtor” koni faoliyatining ekologik zararini bir necha milliard somga kamaytirib ko‘rsatganini aniqlagan.
Avvalroq “Qumtor” oltin koni ishi bo‘yicha so‘roqda qatnashish uchun Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev Rossiyadan Bishkekka kelgandi.
17 may kuni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi “Qumtor” konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan “Kumtor Gold Kompani” korxonasi vakillariga nisbatan 4 ta jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Qamchibek Toshiyevning ta'kidlashicha, ushbu ish doirasida xavfli moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish, tuproq va atmosferani ifloslantirish, muzliklarni yo‘q qilish, sug‘urta va soliq qonunbuzarliklari bilan bog‘liq holatlar tergov qilinmoqda.
May oyi oxirida sobiq bosh vazir Omurbek Babanov va parlamentning sobiq raisi Asilbek Jeenbekov mazkur ish doirasida hibsga olingandi.
Iyun boshlarida esa prezident ma'muriyatining sobiq rahbari Daniyar Narimbayev va sobiq bosh vazir o‘rinbosari Almazbek Baatirbekov hibsga olindi.
“Qumtor” konini o‘zlashtirish bilan 1990-yillar boshidan beri Kanadaning “Centerra Gold Inc.” korporatsiyasi shug‘ullanib keladi. Korporatsiyaning Qirg‘iziston hukumati bilan tuzgan kelishuviga asosan konni o‘zlashtirish maqsadida “Kumtor Gold Kompani” korxonasi tashkil etilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Qumtordan 17 tonnadan ko‘proq oltin olingan.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024