O‘zbekiston | 11:24 / 05.08.2021
14298
2 daqiqa o‘qiladi

Uhan shahridan Toshkentga birinchi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi

Joriy yil 28 iyul kuni Xitoyning Xubey provinsiyasi ma'muriy markazi Uhan shahridan birinchi yuk poyezdi Toshkentga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Xitoyning «Jenmin jibao» gazetasi elektron nashriga ko‘ra, poyezd Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni Xorgos temir yo‘l postidan o‘tadi va 12 kun ichida o‘z manziliga yetib keladi. Poyezdda umumiy og‘irligi 600 tonnadan ortiq bo‘lgan bolalar aravachalari, paxta tolasidan tayyorlangan iplar, poyabzal bo‘yoqlari, maishiy texnika, konditsionerlar uchun butlovchi qismlar, mato va boshqa iste'mol mollari o‘rin olgan.

«China Railway Modern Logistics Technology Co., Ltd» logistika kompaniyasi xodimining gazeta muxbiriga aytishicha, ushbu to‘g‘ridan to‘g‘ri temir yo‘l loyihasining ishga tushirilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat mollari almashinuvi oshishiga va transport xarajatlari, tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaqtning qisqarishiga xizmat qiladi.

2020 yilda «Xebey Gaoi-Xorgos-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha 50 ta vagondan iborat birinchi xalqaro yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid