O‘zbekiston | 22:14 / 09.08.2021
21257
3 daqiqa o‘qiladi

Asosiy e'tibor – hali umuman emlanmaganlarga. Nurmat Otabekov bayonoti

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasining 2- va 3-dozalari bilan emlash 1 haftaga to‘xtatilgani yuzasidan audiobayonot bilan chiqdi.

“Dunyo amaliyotida vaksina samaradorligi 50 foizdan yuqori deb baholansa, demak, bu vaksina samarador deb hisoblanadi. Biz aholini O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan vaksina bilan emlash barobarida faqat 1-emlashning yakunida 50 foizdan yuqori samaradorlikka erishyapmiz.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e'tirof etyaptiki, vaksinalar ta'minotida uzilishlar bo‘lsa, u holda emlashlar oralig‘idagi intervalni birmuncha kengaytirish maqsadga muvofiq.

Belgilangan muddatdan yana 12 haftaga uzaytirilishi mumkin. Bu degani 3 oy davomida [dozalar orasida] interval saqlash mumkin.

Aynan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan vaksinalar bilan emlash tadbirlarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2-marta emlanishi kerak bo‘lgan aholining 50 foizi, 3-marta emlanishi kerak bo‘lgan aholining 70 foizi, ming afsuski, emlash tadbirlarida kelmagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, agar ularning 2- va 3-dozalarni olish uchun kelishlarini kutib o‘tiradigan bo‘lsak, vaqtdan yutqazamiz. Shu bois ham aholining katta bir qismida qisman bo‘lsa ham immunitet shakllantirish uchun, olib kelingan vaksinalarni birinchi navbatda aholini 1-doza bilan emlashga ishlatishni maqsadga muvofiq deb topdik.

Negaki, biz 1-marta emlash orqali kasallikka qarshi qisman immunitet shakllantirishimiz, qolaversa, kasallik yuqqan taqdirda ham u og‘ir asoratlar bilan kechishining oldini olishimiz mumkin bo‘ladi.

Hurmatli yurtdoshlar, hozir dunyo hamjamiyatida vaksinalarga ehtiyoj keskin ortib boryapti, aholining vaksinalarga bo‘lgan ishonchi ortyapti. Qolaversa, hozir dunyoda 4,5 milliardga yaqin vaksina ishlatildi. Hozir Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gibrid vaksinalar haqida ham qayg‘uryapti.

Bu nima degani? Agar biz biror-bir vaksina bilan emlashni boshlasak, boshqa vaksina bilan yakunlash haqida ham bosh qotirishyapti. Qolaversa, mabodo shunday holatlarga ehtiyoj bo‘ladigan bo‘lsa, u holda vaksinalar ketma-ketligi haqida ham o‘ylab ko‘rishyapti.

O‘ylaymanki, vaksinalar ta'minotida hech qanaqa muammolar bo‘lmaydi; biz faqat vaksinalarni imkon qadar ko‘proq aholini qamrab olish maqsadida 1-marta emlanayotganlarga ishlatyapmiz”, – deydi Nurmat Otabekov Sog‘liqni saqlash vazirligining Telegram-kanalida e'lon qilingan audioizohida.

Mavzuga oid