Jahon | 18:50 / 12.08.2021
55819
7 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston urushi: «Tolibon» Kobulga yaqinlashmoqda, G‘azni va Qandahor qo‘ldan ketdi

Bir haftadan kamroq vaqt ichida Afg‘onistonning to‘qqiz viloyati markazini egallagan toliblar bugun strategik muhim ahamiyatga ega, Kobul-Qandahor avtomagistralida joylashgan, poytaxt janubidagi tayanch punktlarni bog‘lovchi G‘azni shahriga kirdi. Ko‘p o‘tmay hukumat qo‘shinlari Qandahorni ham tashlab chiqishdi.

Foto: Getty Images

Afg‘onistonning ikkinchi eng yirik shahri toliblar qo‘liga o‘tgani mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda toliblarning ushbu shahar ko‘chalarida yurgani aks etgan roliklar tarqalgan.

Qandahorning egallanishi «Tolibon» uchun navbatdagi strategik muhim g‘alaba bo‘ladi. Harakat qo‘shinlarining muvaffaqiyatli yurishlari davom etmoqda. Ayni vaqtda mamlakat g‘arbida joylashgan yana bir yirik shahar Hirot qamal holatida, shahar uchun bir necha kundan buyon janglar davom etmoqda.

Bugun kun davomida toliblar poytaxt Kobul shahri yaqinidagi G‘azni shahrining katta qismini zabt etishgani haqida ma'lum qilingandi. BBC’ning shahar kengashidagi manbasi xabariga ko‘ra, afg‘on xavfsizlik kuchlari faqat shahar tashqarisidagi politsiya bazasini nazoratida saqlab qolmoqda.

Afg‘on xavfsizlik xizmati xodimlari G‘azni viloyati gubernatorini hududni o‘z ixtiyori bilan toliblarga topshirishda ayblab qo‘lga olgan. Gubernatorning qo‘lga olinishi hozirgi urushdagi ilk pretsedent bo‘ldi.

Kuzatuvchilar G‘aznining egallanishi «Tolibon»ning Kobulga hujum qilishini tezlashtirishidan xavotirlanishmoqda.

Ayni vaqtga kelib mamlakatdagi 34 viloyatning qariyb uchdan bir qismi (10) «Tolibon» qo‘liga o‘tib bo‘ldi.

AQSh harbiylari Afg‘onistondan bosqichma-bosqich olib chiqilishi fonida mahalliy hukumat birin-ketin katta hududlarni boy berdi.

11 avgust kuni Qandahorda ham shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan, toliblar shahar qamoqxonasi egallanganini aytishgan, ammo bu tasdiqlanmagan.

Janubdagi Hilmand viloyati markazi Lashkargohda esa jangarilar politsiya shtab-kvartirasini egallab olgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

Hirotda shahar tashqarisidagi himoya to‘sig‘i yorib o‘tilgan va toliblar endilikda gubernator qarorgohini qamal qilmoqda.

Toliblardan qochib kelgan minglab kishilar Kobul yaqinidagi qochqinlar lagerida yashamoqda / AFP

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyda Afg‘onistonda tinch aholi orasida 1000dan ortiq qurbon berilgan.

So‘nggi hafta davomida shimoliy viloyatlardan minglab kishilar xavfsiz sharoitda bo‘lish uchun Kobul tomon yo‘lga chiqqan.

Ayni vaqtda poytaxt tashqarisida vaqtincha lager tashkil etilgan, lagerda joy topa olmaganlar ko‘chalarda yoki tashlandiq uylarda yashashga majbur bo‘lmoqda.

«Bizda non yoki chaqalog‘im uchun dori sotib olishga pul yo‘q», deydi 35 yoshli savdogar. U toliblar uyini yoqib yuborganidan so‘ng oilasi bilan Qunduzdan qochib kelgan.

BBC’ga ma'lum bo‘lishicha, chorshanba kuni Afg‘oniston prezidenti armiya bosh qo‘mondonini almashtirgan. Maxsus amaliyotlar korpusi qo‘mondoni, general Hibatullo Alizai armiya shtabi boshlig‘i lavozimini egallagan. U bu postda shu yil iyul oyida ishlashni boshlagan general Vali Muhammad Ahmadzoyni almashtirgan.

Ahmadzoy toliblarning Kobul viloyatiga muvaffaqiyatli yurish qilishi tufayli chetlatilgan.

Chorshanba kuni Afg‘oniston moliya vaziri Xalid Payyenda ham iste'foga chiqqandi. «Blumberg» agentligi xabariga ko‘ra, u ayni vaqtda mamlakatdan chiqib ketgan. Vazirning iste'fosi «Tolibon» chegara hududlardagi muhim bojxona punktlarini egallab olgani tufayli, budjetga tushum kelmay qolgani bilan izohlangan.

Shimolda qarshi zarba berish rejasi

Chorshanba kuni prezident Muhammad Ashraf G‘ani shimoldagi Mozori-Sharifga uchib bordi va mahalliy yetakchilar bilan uchrashdi. Rasmiy Kobul azaldan toliblarga qarshi asosiy qal'a vazifasini o‘tagan ushbu hududda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarni birlashtirib, shimoliy hududlarni qaytarib olishga harakat boshlashni rejalashtirgan.

O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralar yaqinida joylashgan Mozori-Sharifni ayni vaqtda toliblar qurshovga olgan, bu shaharning boy berilishi Afg‘oniston shimolda nazoratni butunlay qo‘ldan chiqarishini anglatadi.

Ushbu uchrashuvda Afg‘oniston o‘zbeklari yetakchisi marshal Abdulrashid Do‘stum, tojik jamoatidan Atta Muhammad Nur, hazora jamoatidan Hoji-Muhammad Muhakik ishtirok etgan. Ushbu qo‘mondonlar 1990-yillarda Shimoliy alyans deb atagan ittifoqqa birlashib, «Tolibon»ga qarshi kurashgan, 2001 yilning kuzida AQSh armiyasiga Afg‘onistonni toliblardan ozod qilishda yordam ko‘rsatgan.

Marshal Do‘stum «Tolibon» kuchlarini Afg‘oniston shimolidan siqib chiqarish uchun harbiy harakatlarga boshchilik qilishini aytgan. 

U toliblar «bir necha bor shimolga kelishgani, ammo har safar tuzoqqa tushishgani» haqida gapirgan. «Shimol har doim Tolibon uchun qopqon bo‘lgan. Bu gal ular shimoldan oson chiqolmaydilar», degan u.

Mozori-Sharif shahrida O‘zbekiston konsulxonasi ham joylashgan

Ashraf G‘ani o‘z prezidentligi davrida ushbu dala qo‘mondonlarining Afg‘on milliy armiyasiga ta'sirini pasaytirib keldi, ammo endilikda ularga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Avvalroq prezident hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi xalq militsiyasini ham qurollantirishga rozilik bildirgandi.

Kobulning qulashi tezlashishi mumkin

Washington Post nashrining yozishicha, amerikalik harbiy manbalar voqealar rivoji hozirgidek davom etsa, Kobul 30 kundan 90 kungacha bo‘lgan muddat ichida bosib olinishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat ham murakkablashmoqda. Toliblar egallagan hududlardan minglab kishilar poytaxt tomon oqib kelmoqda.

Ko‘plab qochqinlar uysiz, pulsiz va oziq-ovqatsiz qolishgan

Harbiy ekspertlar Afg‘oniston hukumati urushda yutqazsa, mamlakat xalqaro terrorizmning yangi bazasiga aylanishi, bu hududdan turib Yevropa va boshqa mamlakatlarga terrorchilik hujumlari tayyorlanishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu ehtimol ayniqsa mamlakat bir necha qismga bo‘linib ketsa reallashadi.

Al Jazeera hukumat mamlakatdagi vaziyat tobora yomonlashayotgani bois toliblar bilan tinchlikka erishish borasida kelishish kerak deb hisoblamoqda.

Manba xabariga ko‘ra, rasmiy Kobul «Tolibon» harakati yetakchilariga hokimiyatni bo‘lishish va zo‘ravonlikni to‘xtatish evaziga mamlakatni boshqarishda ishtirok etishni taklif qilgan.

Ayni paytda, Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» delegatsiyalari o‘rtasida AQSh, Rossiya, Pokiston va Xitoy kabi davlatlar diplomatlari vositachiligida uch kunlik maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda. Ular Afg‘oniston hududlarida jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida maslahatlashmoqda.

Mavzuga oid