Nig‘matilla Yo‘ldoshev prezident topshirig‘i asosida Oqqo‘rg‘onga bordi
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oqqo‘rg‘ondagi davlat bog‘chasida 30 nafar bolaning zaharlanishi voqeasini o‘rganib, tergovni o‘z nazoratiga oldi. Bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishga topshiriq berildi.
O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 14 avgust kuni prezident topshirig‘iga binoan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchilarining kasallanishi bilan bog‘liq holatni joyiga borib o‘rgandi.
Bosh prokurorga mutasaddi idoralarning rahbar xodimlari hamrohlik qildi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, shu yil 9 avgust kuni mazkur tashkilot tarbiyalanuvchilaridan 19 nafari turli tibbiyot muassasalariga murojaat qilishgan va ularga “botulizm” kasalligiga gumon tashxisi qo‘yilgan.
Holat yuzasidan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Bosh prokuror mazkur viloyat va tuman prokurorlari hamda tergov guruhi a'zolarining tergov jarayoni bilan bog‘liq hisobotlarini eshitib, ularga tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Mazkur jinoyat ishining tergov jarayoni bosh prokuror tomonidan alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mazkur maktabgacha ta'lim tashkilotining oxirgi 10 kunlik taomnoma bo‘yicha bolalarga tarqatilgan va gumon qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, Toshkent viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi qoshidagi laboratoriyaga tekshirish uchun yuborilgan hamda sudga oid oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur tekshiruv jarayonlari muayyan vaqtni talab qilishi va tahlil natijalari bo‘yicha zaharlanish sabablariga aniqlik kiritilishi inobatga olinib, yana boshqa oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida tekshiruv xulosalarini olgunga qadar gumon qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishni vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Bulardan tashqari, bosh prokuror tomonidan tuman Tibbiyot birlashmasida tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, maktabgacha ta'limni boshqarish va boshqa mutasaddi idoralar mas'ul xodimlari bilan ushbu hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash va kelgusida bunday noxush holatlarning oldini olish chora-tadbirlarini belgilash bo‘yicha suhbat o‘tkazildi va tegishli ko‘rsatmalar berib o‘tildi”, – deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, 5-sonli MTTda 138 nafar tarbiyalanuvchi ro‘yxat asosida qamrab olingan bo‘lib, kasallanishning dastlabki holati aniqlanganidan keyin zudlik bilan tor doiradagi (infeksionist, lor, okulist, nevropatolog) shifokorlardan iborat guruh tuzilib, 10 avgust kuni bog‘chaga kelgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Bog‘chaga kelmagan boshqa tarbiyalanuvchilar esa patronaj guruhlari jalb qilingan holda, uylariga borilgan holda ko‘rikdan o‘tkazilgan va nazoratga olingan.
Tibbiy ko‘riklar natijalari bo‘yicha kasallikka gumon qilingan bolalar Oqqo‘rg‘on tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga nazorat uchun yotqizilgan.
Jami 32 nafar tarbiyalanuvchilar tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan bo‘lib, ulardan:
- 16 nafari tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng qoniqarli ahvolda yashash joyi bo‘yicha tibbiy nazoratga olinib, uylariga ruxsat berilgan;
- tibbiyot muassasalarida jami 16 nafar tarbiyalanuvchi davolanmoqda, ularning holati dinamikada sog‘aymoqda.
Shular bilan bir qatorda, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi va tashkilotlari, tuman tibbiyot birlashmasi, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga mas'ul SEO JSB hamda veterinariya bo‘limlari, ta'minotchi korxonalar mutasaddilari kelgusida bu kabi noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida tuman prokuraturasi tomonidan rasman ogohlantirildi.
“Hurmatli fuqarolar! Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hodisa bo‘yicha turli asoslanmagan ma'lumotlar tarqalmoqda.
Sizdan mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma'lumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma'lumotlarga tayanishlaringizni so‘rab qolamiz”, – deya yakunlangan Bosh prokuratura rasmiy relizi.
Mavzuga oid
17:23 / 07.12.2024
Bosh prokuratura muzeyida qatag‘on qurbonlariga xotirasiga yangi ekspozitsiyalar ochildi – fotoreportaj
23:13 / 28.11.2024
Toshkent viloyatida o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
23:51 / 27.10.2024