O‘zbekiston | 08:49 / 17.08.2021
10534
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu obektiv zaruratdir»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga intervyu berdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda mamlakatda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. 

“Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini ta'minlaydigan eng muhim mezondir.

Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo‘lsak, ushbu noyob hujjatda o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘ygan edik.

Ta'kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub'yektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obektiv zaruratdir.

Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va prinsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir”, dedi prezident.

Mavzuga oid