O‘zbekiston | 16:17 / 24.08.2021
45993
2 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘mita raisi ishdan olindi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilingan.

«Sohadagi tizimli muammolar hal qilinmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi», deyiladi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bergan xabarda.

Qayd etilishicha, videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda kechmoqda.

Davlat rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tgan. Ekologiyaga mas'ul bo‘lgan qo‘mita, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani tanqid qilingan.

So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me'yordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, hududlarda «yashil maydon»lar 3-4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketgan.

Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganiga urg‘u qaratilgan.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62ta loyihadan faqat 15tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.

  • Ma'lumot uchun, Alisher Maqsudov 2020 yil dekabrida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangandi. U 2017 yildan 2020 yilgacha «O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid