Sport | 19:53 / 30.08.2021
39309
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston paralimpiyachilari kun davomida 3ta medal olishdi

Tokio shahri mezbonligidagi yozgi Paralimpiya o‘yinlarining navbatdagi kunida o‘zbekistonlik sakkiz nafar sportchi ishtirok etdi. Kun davomida bitta oltin va ikkita bronza medal qo‘lga kiritildi.

Dastlab para-yengil atletikaning erkaklar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Boburjon Omonov 14,06 metr natija qayd etgan holda chempionlikka erishib, O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.

U bu natija bilan paralimpiya rekordini yangiladi. Bu borada jahon rekordi ham Omonovga tegishli. U BAAda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 14.31 metr natija bilan dunyo rekordini o‘rnatgandi.

Para-yengil atletika bo‘yicha F55 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha kechgan bahsda Nurxon Qurbonova 7,77 metr natija qayd etib, bronza medaliga ega bo‘ldi.

Para-suzuvchi Shohsanam Toshpo‘latova ham Paralimpiya o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Toshpo‘latova 200 metr masofaga kechgan kompleks suzish dasturida uchinchi o‘rinni egalladi. U finalda masofani 2:27.92 daqiqada suzib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Shohsanam Toshpo‘latova mazkur Paralimpiya o‘yinlarida bungacha 3ta yo‘nalish finalida qatnashib, ikki marta 4 va bir marta 5-pog‘onani egallagandi.

Ma'lumot uchun, Shohsanam Toshpo‘latova Rio Paralimpiadasidan 2ta bronza medali bilan qaytgandi.

Suzish bahslarida qatnashgan Firdavs Musabekov (S13) va Nigoraxon Mirzohidova (S13), uzunlikka sakrashda qatnashgan Doniyor Soliyev (T12) va Izzat Turg‘unov (T36) hamda para-pauerliftingchi Nuriddin Davlatov esa muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasining medallari soni 15 taga yetdi — 5 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza. Jamoa umumiy reytingda 13-o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid