O‘zbekiston | 21:17 / 13.10.2021
14524
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Kun.uz reportajida yoritilgan mahalla va maktabni e'tirof etdi

Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda Xatirchi tumanidagi Tamabahrin mahallasi va hududdagi 22-maktabni e'tirof etib, bu maktabni rivojlantirishni taklif qildi. Avvalroq Kun.uz abituriyentlar markazi bo‘lmish bu mahalla haqida reportaj tayyorlagan edi.

“Sizlar yaxshi bilasiz, Xatirchi tumanida mashhur Tamabahrin mahallasi bor. Mahallada joylashgan 22-maktab viloyatning eng ilg‘or ta'lim maskanlaridan biri hisoblanadi. Bu yil Navoiy viloyati maktab bitiruvchilari oliygohlarga kirish bo‘yicha mamlakatimizda 1-o‘rinni egallashida ushbu jamoaning alohida hissasi bor.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan fidoyi ustozlar mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida, ushbu maktab negizida aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etsak, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysiz”, – dedi prezident saylovchilar bilan uchrashuvda.

Foto: O‘zLiDeP

Kun.uz reportajida Tamabahrin mahallasida asos solingan repetitorlik maktabi va hozirgi abituriyent tayyorlash tizimi haqida ma'lumot berilgandi.

Tamabahrin mahallasi – abituriyentlar tayyorlash borasida 25 yillik tarixga ega markaz va aynan shunisi bilan mashhur. Bu yerga har yili tuman, viloyatning turli hududlaridan, hatto boshqa viloyatlardan OTMga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar oqib keladi.

Mahallada turli umumta'lim fanlaridan dars o‘tadigan repetitorlar abituriyentlarni saralab olib, yil davomida ularni imtihonga tayyorlashadi. Repetitorlarning hammasi ham 22-maktab o‘qituvchilari emas, lekin abituriyentlar tayyorlash tarixi aynan 22-maktabda boshlangan va maktab hozir ham asosiy markaz vazifasini bajarib kelmoqda.

Reportajdan so‘ng Navoiy viloyat hokimi Qobil Tursunov ham Tamabahrin mahallasiga borib, repetitorlar bilan uchrashgan va abituriyentlarning dars sharoitlari bilan tanishgandi.

Mavzuga oid