O‘zbekiston | 15:45 / 15.10.2021
122610
5 daqiqa o‘qiladi

Rustam Azimov hukumatdan ketganidan beri ilk marta OAVda chiqish qildi

Rustam Azimov oxirgi yillardagi o‘zgarishlar, davlat tashqi qarzi haqida fikr bildirdi va Islom Karimovni xotirladi.

Bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari, sobiq moliya vaziri, ayni paytda «O‘zbekinvest» aksionerlik jamiyati bosh direktori lavozimida ishlayotgan Rustam Azimovning maqolasi «Yangi O‘zbekiston» gazetasida e'lon qilindi. Unda muallif mustaqillikning ilk yillaridagi vaziyat va oxirgi yillarda bo‘lgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mustaqillikning dastlabki yillari va Islom Karimov haqida

“Bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmadi, albatta. Mustaqillik e'lon qilingan birinchi kunlardagi qiyinchiliklar, respublika omborlarida bir haftaga yetar-yetmas don qolgani yoki neft tanqisligi, bu muammolarni hal etish, ya'ni chet davlatdan sotib olish uchun valutamiz yo‘qligi, undan keyin Toshkentda terroristlar tomonidan sodir etilgan portlashlar, Namangan va boshqa hududlardagi fojiali voqealar... Shularni eslaganda, avvalambor, Birinchi prezidentimiz Islom Karimovni O‘zbekiston mustaqilligiga asos solgan inson sifatida ko‘z oldimizga keltirishimiz tabiiydir. Birinchi prezidentimizning qo‘l ostilarida 25 yil ishlash men uchun ham juda katta maktab, ham sinov edi. Islom Abdug‘aniyevich o‘ta talabchan inson edilar. Lekin ular ushbu talabchanlikni oldin o‘zlariga qaratar, keyin qo‘l ostida ishlaydiganlardan talab qilar edi. U insonning qilgan ishlariga prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev juda to‘g‘ri va odilona baho berdilar. Shu o‘rinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi kunda dunyoda rasman 200dan ziyod mustaqil davlat bor, lekin aslida ko‘pchiligining mustaqilligi qog‘ozda, ya'ni sun'iy, chunki ular siyosiy, iqtisodiy yoki xavfsizlik jihatidan u yoki bu davlatga tobe va afsuski, ularning taqdiri o‘z poytaxtlarida emas, balki boshqa poytaxtlarda hal etiladi. O‘zbekiston ulardan farqli o‘laroq, 25 yil ichida haqiqiy mustaqillikka ega bo‘ldi”.

Oxirgi yillardagi o‘zgarishlar haqida

“O‘zbekiston demokratik jamiyatni qurishga kirishdi. Buni ochiq aytish kerak, oson qaror bo‘lmadi. Demokratiya bo‘lmagan davlatda rivojlanish bo‘lishi juda qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, bir qushning qanotlarini kesib tashlasangiz, u uchmaydi. Demokratiya xalqimiz qanotlarni keng yoyib, parvoz qilishiga yo‘l ochdi”.

Oshib borayotgan davlat tashqi qarzi haqida

“Iqtisodiy islohotlar jadal rivojlanyapti, bulardan eng birinchisi valuta erkin aylanmasi joriy qilingani bo‘lsa, bank tizimi va pul muomalasi erkinlashtirilishi, soliq yukining keskin kamaytirilishi va xususiy biznesga keng yo‘l ochilishi uning asosiy negizidir. Ko‘plab yig‘ilib qolgan muammolarni faqat o‘zimizning chegaralangan manbalar hisobidan to‘liq hal qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun davlatimiz chetdan qarz olishga majbur. To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga, iqtisodiyotimiz ham tez sur'atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi”.

Ma'lumot uchun, Rustam Azimov 1991–1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruv raisi sifatida ishlagan, 1998–2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2000 yildan 2002 yilgacha u O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri, 2000–2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — makroiqtisodiyot va statistika vaziri bo‘lib ishlagan. 2003–2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri. 2005–2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri. 2008 yil 22 noyabrdan 2016 yil dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri, Makroiqtisodiy rivojlantirish majmuasi rahbari.

2017 yildan hozirgi kunga qadar «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Mavzuga oid