Jahon | 22:11 / 18.10.2021
9531
6 daqiqa o‘qiladi

Plastikni fermentlar asosida qayta ishlash usuli yaratildi. U qanchalik samarali?

Plastikning katta qismi qayta ishlanmaydi. Bu – katta ekologik muammo. Tabiiy katalizatorlar bo‘lmish fermentlar muammoni yechishda yordam berishi mumkin.

Foto: REUTERS/Feline Lim

Buni tekshirish uchun Fransiyadagi Carbios startapi sentabr oyi oxirida ko‘rgazma zavodini ochdi.

U yerda fermentlar yordamida ichimliklar uchun butilkalarni ishlab chiqishda qo‘llaniladigan bir martalik plastikning eng keng tarqalgan turi – PET (polietilentereftalat) qayta ishlanadi.

O‘n yillar davomida plastikning ayrim turlari mexanik usullar bilan qayta ishlanib kelinmoqda. O‘z o‘rnida kimyoviy va fermentativ jarayonlar nisbatan toza mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki kiyimlar va shunga o‘xshash buyumlar ko‘rinishida qayta ishlash imkonini beradi.

Bir martalik plastik asosan neftdan ishlab chiqariladi. 2050 yilga kelib, jahondagi neft iste'molining 20 foizi uning hissasiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Chiqindilarni kamaytirish uchun insonning plastikka qaramligini kamaytirish va allaqachon ishlab chiqarilgan tovarlardan to‘g‘ri foydalanish zarur.

Hozirda butun dunyoda yiliga plastikning 15 foizga yaqinigina qayta ishlashga yuborilmoqda.1990 yillardan beri tadqiqotchilar bu materialning katta qismini takroran ishlatish uchun uni qayta ishlashning yangi usullarini izlashyapti. Kompaniyalar fermentativ (Carbios) va kimyoviy (Loop Industries'dagi kabi) jarayonlarni ishlab chiqish uchun olimlar bilan hamkorlik qilishdi. Biroq yaqin-yaqindan boshlab bu usullar tijoriy muhitda qo‘llana boshlandi.

Carbios texnologiyasi qanday ishlaydi?

Carbios reaktori o‘lchami 20 kub metr – taxminan yuk mashinasi furgoniga teng. U 2 metrik ton plastik, ya'ni taxminan 100 mingta maydalangan butilkalarni sig‘diradi. 10-16 soat davomida reaktor PET – etilenglikol va tereftal kislotasi kabi tarkibiy qismlarga ajratadi.

Ko‘rgazma zavodida olib borilgan sinovlar natijasida Carbios o‘zining ilk sanoat korxonasini qurishni rejalashtirgan. Unda namoyish etilganidan taxminan 20 marta kattaroq reaktor bo‘ladi. Carbios bosh ilmiy xodimi Alena Martining so‘zlariga qaraganda, yangi korxona 2025 yilga qadar Yevropa yoki AQShda plastik ishlab chiqaruvchi korxona yonida quriladi.

Carbios 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtdan beri fermentativ qayta ishlash bilan shug‘ullanib keladi. Texnologiya plastikni tashkil etuvchi polimerlarning uzun zanjirlarini kesuvchi fermentlardan foydalanadi. Hosil bo‘lgan monomerlardan yangi materiallar yaratish uchun ularni tozalash va birlashtirish mumkin.

Carbios tadqiqotchilari bakteriyalar barglarni parchalaydigan tabiiy fermentdan asos sifatida foydalanishgan. Keyin esa PETni qayta ishlashdagi samaradorligini oshirish uchun uni o‘zgartirishgan.

Yangi usul qanday natijalar olib keladi?

Carbios hisob-kitoblariga ko‘ra, fermentativ qayta ishlash yangi PET bilan taqqoslaganda taxminan 30 foizga kam issiqxona gazlari chiqindilarini hosil qiladi. Marti, kompaniya texnologiya ustida olib boriladigan ishlarni oxiriga yetkazsa, bu ko‘rsatkich yanada oshishini kutmoqda.

Olimlar fermentativ usul bilan olingan elementlardan PET ishlab chiqarish yangi plastikni yaratish bilan taqqoslaganda issiqxona gazlari chiqindilarini 17-43 foizga qisqartirishi mumkinligini hisoblashgan. Hisobotda Carbios texnologiyasi hisobga olinmagan. Biroq AQShdagi qayta tiklanuvchi energiyani o‘rganish laboratoriyasi tadqiqotchisi va hisobot hammuallifi Greg Bekhem mazkur ko‘rsatkich kompaniya imkoniyatlarini yaxshi baholaydi, deb hisoblaydi.

Kompaniyalar va tadqiqotchilar o‘z e'tiborlarini asosan yangi fermentlarni ishlab chiqishga qaratishgan. Biroq Bekhemning fikriga ko‘ra, texnologiyaning qay darajada samarali va rentabel bo‘lishini jarayonning boshqa bosqichlari aniqlaydi.

Foto: Unsplash

Masalan, plastmassani fermentlar samarali qayta ishlay oladigan ko‘rinishga keltirish va bu jarayonda zarur elementlarni ajratib olish ko‘p vaqt va energiya talab qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, chiqindilar va ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi.

Martining qayd etishicha, Carbios mahsuloti odatiy PETga qaraganda deyarli ikki marta qimmatroq. Taqqoslash uchun: mexanik usulda qayta ishlangan plastik yangisiga qaraganda bor-yo‘g‘i 50 foizga qimmatroq. Shunga qaramay, Carbios'ning PETdan ishlangan kichikroq butilkasi ishlab chiqaruvchilar uchun bir necha sentga aylanadi, bu esa nisbatan qimmat emas, deydi Marti.

Avvalroq, shu yili e'lon qilingan press-relizda Carbios hamkorlar, jumladan, PepsiCo va Nestle'ning ko‘rgazma shisha idishlarini taqdim etgandi. Kompaniya tashlab yuborilgan plastikni qayta ishladi va uni kompaniyalarga yubordi, ular esa mazkur qayta ishlangan materialdan yangi shisha idishlarni ishlab chiqarishdi.

Vaqt o‘tishi bilan fermentativ qayta ishlash mexanik qayta ishlash usuli uddalay olmaydigan buyumlar – kiyimlar va aralash chiqindilar bilan ishlashda ham qo‘l kelishi mumkin. Biroq hozir har ikkala usul ham o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Masalan, ko‘plab mamlakatlarda plastik katta bo‘lmagan qismigina ikkilamchi qayta ishlovga yuboriladi.

Ta'kidlash kerak, fermentativ qayta ishlash – chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirish va plastikning atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish bo‘yicha ko‘plab yechimlardan biri xolos.

Mavzuga oid