Saidbek Arslonov – AQShda dasturchi sifatida ishlash, imkoniyatlar va kasbiy o‘sish
Uzbek.life portali xorijdagi vatandoshlarimiz hayoti haqida ma'lumot beruvchi suhbatlarni davom ettiradi. Bugungi mehmon vatandoshimiz Mastercard kompaniyasi dasturchisi Saidbek Arslonov.
Men Toshkentda tug‘ilib voyaga yetganman. Olmaliq tibbiyot kollejini tamomlaganman. Shu bois ko‘pchilik qiziqadi, nega bu sohadan ketmadim? Dasturlash va tibbiyotni bir-biriga uzoq soha deb baholashadi. Menda o‘zi kichikligimdan kompyuterlarga qiziqish katta bo‘lgan. Aynan dasturlash sohasi orqali ham tibbiyotni rivojlantirish mumkin. AQShga 9 yil oldin oilaviy ko‘chib kelganmiz. Hozir Mastercard kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishlayman.
Amerikada ish topish va ishlash
Boshida hamma ishga rozi bo‘laverasiz. Men ham ilk borgan vaqtim restoranda ofitsiant yordamchisi bo‘lib ishlaganman. Ofisiant yordamchisining vazifasi mijozlar ovqatlanib bo‘lgandan keyin, idishlarni yig‘ib olish va ularni idish yuvishga olib borish edi. U mijozlarning o‘zi bilan bevosita gaplashmaydi. Ofisiantlar tushgan choy-chaqa pulidan ularga ham berishadi. Mana shu ishda ishlab yurganman. Keyin dorixonada ishlaganman, u yerda qo‘polroq qilib aytganda, yugurdak vazifasini bajarganman. Ya'ni asosan buyurtma qilingan dorilarni uyga yetkazib berish yoki dorixonaga yuklar kelganda, uni tushirish mening vazifam edi. Bu sohada bir yildan ko‘p vaqt ishlaganman. Keyin menga mashina haydashni maslahat berishgan. Sababi aynan mashina haydaganda istagan vaqtingda ishlash va istagan vaqtingda o‘qish imkoniyati bor deb aytishgan. Albatta, menda ham o‘z ishimni topgunimcha qiyinchiliklar bo‘lgan. Lekin yonimdagi insonlar menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishgan. Dasturlash sohasiga kirganimdan so‘ng hammasi yaxshi bo‘la boshlagan. Keyin dasturlash sohasini chuqurroq o‘rganishga harakat qilganman.
Muvaffaqiyatga erishishda motivatsiyaning o‘rni
Muvaffaqiyatga erishishimda menga eng ko‘p yordam bergan va har doim meni qo‘llab turadigan inson bu mening akam. Muvaffaqiyat faqat omadga bog‘liq deb o‘ylamayman, lekin mening omadim bu dadamga Grin-karta chiqqani va AQShga kelganim. Lekin hamma Amerikaga kelganlar ham harakat qilmaydi. Chunki bu yerda dasturlash sohasini o‘rganib yaxshi ish topish mumkin, aynan dasturlash sohasiga Amerikada talab katta va universitetda o‘qigan bo‘lish ham shart emas. Endi motivatsiyaga keladigan bo‘lsak, menda aynan yaxshiroq joyda ishlash uchun yaxshiroq pul topish uchun motivatsiya paydo bo‘lishiga, albatta, atrofimdagi insonlar sabab bo‘lishgan. Boshida aytganimdek qora ishlarda ishlab yurganimda mening atrofimdagi o‘zbeklar ham aynan shu kabi ishlarda ishlashardi. Men ham ularga qarab, yashab yuribman-ku degan fikr bo‘lgan. Lekin keyinchalik, boshqa shtatga ko‘chganimizda atrofimdagi o‘zbeklarni yaxshiroq ishda ishlayotganini, yaxshiroq pul topayotganini ko‘rib, menda ham harakat qilishga motivatsiya paydo bo‘lgan. O‘sha atrofimdagi yaxshiroq ishda ishlaydigan insonlar shanba va yakshanba kunlari dam olishga ketishardi, ular haftada 3 yoki 5 kun ishlashardi. Menda esa pitssa markazida ishlayotganimda shanba va yakshanba kunlari ish juda ko‘p bo‘lardi. Ular esa bu kunlarda dam olishga ketishardi. Shunda bilganman, odam atrofiga kuchli insonlarni yig‘ishi kerak va shundagina siz ularga qarab yaxshiroq harakat qilishni boshlaysiz.
Dasturlash sohasini o‘rganish bo‘yicha tavsiya
Ko‘pchilik insonlar dasturlash sohasini agar pul uchun o‘rganmoqchi bo‘lsang o‘rganmay qo‘ya qol deb aytadi. Lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Ko‘pchilik o‘zi aslida dasturlash sohasini yaxshi pul topish uchun o‘rganadi. Bu bor haqiqat, lekin chin dildan xohlab, bu kasbni egallagan va dasturlash sohasisiz uxlolmay chiqadigan insonlar mingtadan bitta yoki 10 mingtadan bitta bo‘lishi mumkin. Aynan mana shunday insonlar katta-katta korporatsiyalar va kompaniyalarni yaratadigan insonlar bo‘ladi. Ular sohaga yangilik olib kiradi. Dasturlash sohasini o‘rganaverish kerak. Yangi boshlayotganlarga tavsiyam, o‘zi mustaqil internetdagi manbalardan foydalanib o‘rganib ko‘rsin. Dasturlashda qanday sohalar bor, qanday tarmoqlar bor?! Agar bu sohani o‘rganib keta olishiga, ya'ni ishlab keta olishiga ko‘zi yetsa, keyin biror joyga borib o‘qishni maslahat bergan bo‘lardim. Agar bu soha menga emas ekan deb o‘ylasa bemalol boshqa sohadan keyin ketishi mumkin. Dasturlashni endi o‘rganishni boshlayotganlar uchun yana bir tavsiyam, Frontend dasturidan boshlashsa yaxshiroq deb hisoblayman.
AQSh chindan sehrli diyormi?
Amerikaga borib kelgan bu yerda yashagan insonlarni hammasi ham yomon taraflari haqida gapirib bermaydi. Masalan, Amerikada kredit tizimi juda ommalashgan. Uyni ham, mashinani ham insonlar uzoq muddatga kreditga olishadi. Agar u inson yaxshi ishda ishlamasa va katta oylik olmasa, kreditni to‘lashga qiynaladi. Shuning uchun ham Amerikada bankrot yoki o‘z joniga qasd qilish kabi holatlar ko‘p bo‘ladi. Amerika orzusi deganda faqat mashina olish, uy olish yoki yaxshi yashashning o‘zi emas. Bu yerdagi juda ko‘p insonlarning uyi ham, mashinasi ham aslida o‘ziniki emas, hali uzoq muddat davomida kredit to‘lashi kerak. Aytganimdek, bu yerda agar ular o‘z ishini yo‘qotib qo‘ysa yoki bankrot bo‘lsa, o‘z joniga qasd qilish holatlari ham ko‘p bo‘ladi. Bizda esa ko‘pincha unday emas. Insonlar pul to‘plab mashina yoki uy oladi. Hammaning ham Amerikada ishlab kelgan yoki yashaydigan tanishlari o‘z qiyinchiliklarini aytmaydi. Amerikada ish topishda qiynalganini yoki uyqusiz tunlari haqida odatda gapirishmaydi.
Amerikaga kelishdan oldin
Amerikaga kelishdan oldin meni tavsiyam ingliz tilini yaxshi o‘rganish kerak. Shunda ish jarayonida qiyinchilik kamroq bo‘ladi. Shuningdek, yaxshi maoshli ish topishda sizdan kasbiy mahorat ham talab qilinadi. Agar o‘z ishingiz ustasi bo‘lsangiz yaxshi haq evaziga ish topasiz. Masalan, men bu borada Amerikaga keluvchilarga bemalol dasturlash sohasini tavsiya qilaman. Boisi, bu sohada ish topish oson, talab bor. Agar siz boshqa mamlakatga ketayotgan bo‘lsangiz, avval u mamlakatni yaxshilab o‘rganing. Qaysi kasblarga ehtiyoj borligini bilsangiz, ish topishingiz ham osonlashadi. Eng muhimi esa, qiyinchiliklardan o‘tib olguncha sabr qiling. Dasturlashni o‘rganib, yaxshi ish topsangiz keyin hammasi o‘z joyiga tushib ketadi. O‘zim ham 30 ga yaqin yurtdoshimizga dasturlashni o‘rgatib, qora ishlardan chiqib, yaxshi kompaniyalarda dasturchi sifatida o‘z ishlarini topishlarida yordam berganman. Eng muhimi, chin dildan harakat qilish va mashaqqatlarni yengib o‘tish orqali maqsadga erishish mumkin.
Mastercard kompaniyasiga ishga kirish
Amerikada dasturlash sohasi bo‘yicha nafaqat Mastercard, balki boshqa kompaniyalarda ishga kirish tizimi bir-biridan farq qiladi. Agar siz Amerikada bo‘lsangiz va dasturlash sohasi bo‘yicha ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, ish bo‘yicha e'lon orqali ishga kirish qiyin. Masalan, men hech qachon e'lon berilgan ish bo‘yicha o‘z ma'lumotlarimni jo‘natmayman. Boisi menga o‘xshagan ishga kirmoqchi bo‘lganlar minglab topiladi va mening hujjatlarim e'tiborsiz qolib ketishi aniq. Eng yaxshisi, o‘zingiz haqingizdagi ma'lumotlarni ya'ni obektivka ko‘rinishida tayyorlab, ish topish bo‘yicha turli veb-saytlarga joylash orqali yaxshi ish topishingiz mumkin. Bunda sizga ularning o‘zlari ish taklif qiladi va suhbat jarayonida sizdan biron-bir dasturda ishlab berishni so‘rashlari mumkin yoki ular sizni dasturlash sohasida bilimingiz qay darajada yaxshi ekanligini tekshirishadi. O‘zimga keladigan bo‘lsak, Mastercard kompaniyasiga ishga kirish unchalik ham qiyin bo‘lmagan. Sababi dasturlash sohasida undan avval ancha yillardan beri faoliyat yuritib kelardim. Ishga kirish jarayonida uchta inson bilan intervyu bo‘lgan. Boshlanishida mendan shu kabi holat bo‘lganda nima qilgan bo‘larding deb savol berishgan. Ular mening javobimdan va suhbat jarayonida bilim darajamni bilishgan so‘ng oddiygina suhbatlashib o‘tirganmiz. Ba'zi kompaniyalarda esa ishga kirish jarayoni qiyin. Intervyu davomida masalalar yechishingiz kerak yoki ular bilim darajangizni chuqur tekshirishadi, lekin oxirida ishga olmasliklari ham mumkin.
O‘zim ishlaydigan kompaniya Mastercard haqida gapiradigan bo‘lsam, bu kompaniya juda katta, lekin kichik jamoalarga bo‘linib ishlaymiz.
Shaxsiy rivojlanish juda muhim
Hozir pandemiya sharoitida onlayn, ya'ni uydan turib ishlayapmiz. Eng muhimi esa o‘rganish jarayonidagi barcha qiyinchiliklardan o‘tib olsangiz va yaxshi ishga kirsangiz, keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Masalan, men kirgan kompaniyada ish unchalik ham qiyin emas. O‘z ustimizda ishlashga shaxsiy rivojlanish uchun ham vaqt ajratib oladi, bemalol biz jamoa bo‘lib ishlaymiz. Kuniga 8 soat ish qolgan paytda o‘zingizga vaqt ajratishingiz mumkin bo‘ladi. Masalan, Mastercard kompaniyasida 2 haftada bir marta shaxsiy rivojlanish uchun ish kunidan bir kun qo‘shimcha dam olish beriladi. Lekin dasturlashni o‘rganib, ishiga kirib olgunga qadar sizda ko‘plab qiyinchiliklar bo‘ladi va mana shu jarayondan o‘tganlargina o‘zining maqsadiga yetadi.
10 yil ortga qaytish imkoniyati bo‘lganda
Menda bunday imkoniyat bo‘lganda ko‘proq dars qilgan bo‘lardim. Hozir o‘ylab qolaman, shu narsalarni maktab vaqtida o‘rgansam bo‘lmasmidi?.. Maktabda o‘zi nima qilganman deb o‘ylayman? Agar vaqt orqaga qaytib kelganda ko‘proq bilim olib, dars qilishga harakat qilgan bo‘lardim. Boshqa insonlarga ham ko‘p o‘qib, kuchli bilimga ega bo‘lishlarini va vaqtlarini bekor o‘tkazmaslikni tavsiya qilardim.
Kelajakdagi rejalar
Eng avvalo, O‘zbekistonga qaytish niyatidaman. Eng birinchi navbatda, O‘zbekistondagi ta'lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchiman. Maqsadlarim katta, ko‘plab xorijiy tillardagi bilim o‘rganishga qaratilgan ta'lim jarayonida qo‘llaniladigan platformalarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni va mana shu dasturlar orqali ta'lim sifatini oshirishni xohlayman. Men o‘zim ham aynan O‘zbekistonda dasturlash sohasi bo‘yicha bilimli yoshlarni yetishtirib chiqarishga harakat qilaman.
Mashhura Rahmonova suhbatlashdi
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
15:04