Sport | 17:10 / 02.11.2021
8491
2 daqiqa o‘qiladi

Antonio Konte Angliyaga qaytdi

«Tottenhem» klubi Antonio Konte bosh murabbiy etib tayinlanganini rasman e'lon qildi.

London klubi rahbariyati va italiyalik mutaxassis o‘rtasida bir yilga uzaytirish sharti bilan 2023 yilga qadar kelishuvga erishilgan. Konte payshanba kuni Konferensiyalar ligasi doirasida «Vitess» bilan bahsda klubdagi debyutini nishonlashi kutilmoqda.

Foto: «Tottenhem» klubi rasmiy sayti

Avvalroq, «Tottenhem» Kontega yillik 18,3 million yevro maoshli 2023 yilga qadar mo‘ljallagan shartnoma taklif qilgani haqida xabar berilgandi.

London klubi so‘nggi turda o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ga 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, dushanba kuni klub ustozi Nunu Eshpiritu Santu iste'foga chiqarilgandi. 

«Shporlar» APL 10-turidan keyin 15 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. Klub so‘nggi 4 o‘yinida 3ta mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. APLda esa so‘nggi 7 o‘yindan 5tasida yutqazdi.

Eslatib o‘tamiz, Konte bungacha «Yuventus», «Chelsi» va «Inter» klublarida faoliyat yuritib, Italiya va Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid