Jahon | 13:53 / 06.11.2021
15125
2 daqiqa o‘qiladi

CNN: MRB direktori Moskvaga Kremlni ogohlantirish uchun borgan

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns 2-3 noyabr kunlari Moskvada bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Rossiya Xavfsizlik kengashi rasmiy sayti

«Tomonlar Rossiya – AQSh munosabatlarini muhokama qildi», deb yozilgan atigi 5 ta so‘zdan iborat xabarda.

CNN esa bu tashrifning asl mohiyati haqida o‘z manbasiga tayanib yozdi. Unda aytilishicha, MRB direktori Moskvaga Kremlni ogohlantirish uchun borgan. O‘z vaqtida AQShning Rossiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Byorns Rossiya Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Patrushev va Kremlning boshqa yuqori martabali vakillari bilan uchrashib, AQSh Rossiyaning Ukraina chegarasidagi favqulodda harbiy faollashuvidan xabardorligini bildirgan.

CNN'ga ko‘ra Jo Baydenning ko‘rsatmasi bilan Moskvaga borgan MRB direktori Moskvadan turib Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga telefon qilgan. Nashrga ko‘ra, AQSh Rossiya va Ukraina munosabatlari keskinlashuvining oldini olmoqchi. Ukrainaga bir necha kun avval Davlat departamenti delegatsiyasining yuborilganiga ham aynan shu sabab bo‘lgan.

CNN'ning Davlat departamentidagi manbasi Rossiya istalgan vaqt Ukrainaga hujum qilishi mumkinligi va bunday holatda hech qanday ogohlantirish Ukrainaga yordam bermasligini aytgan. O‘z navbatida Pentagon Rossiya Ukrainaga hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini bildirgan.

Rossiya va Ukraina chegarasidagi holat Vladimir Putinning Qrimga tashrifidan keyin yana katta sahnaga chiqdi. Ukraina TIV bu tashrifni qoralab chiqqandi.

Mavzuga oid