Jahon | 18:44 / 10.11.2021
7231
1 daqiqa o‘qiladi

Apple-1 kompyuteri kimoshdi savdosida 400 ming dollarga sotildi

Dastlabki 200ta Apple kompyuteri kompaniya asoschilari Stiv Voznyak va Stiv Jobs tomonidan qo‘lda yig‘ilgan.

Foto: Apple

Kaliforniyada Apple-1 modelidagi 200 kompyuterdan biri 400 ming dollarga sotildi. Bu haqda France-Presse agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu modeldagi kompyuterlarni 1976 yilda Apple asoschilari shaxsan Stiv Voznyak va Stiv Jobs yig‘ib chiqqan. Jami 175 dona kompyuter sotilgan bo‘lib, dunyo bo‘yicha 20 donaga yaqin kompyuter ishlaydigan holatda saqlangan.

Auksion saytida xabar qilinishicha, kompyuterning sistema bloki Havayida o‘sadigan koa daraxti yog‘ochidan tayyorlangan. Unga 1986 yilda ishlab chiqarilgan Panasonic monitori va ikkita kassetada Apple dasturiy ta'minoti qo‘shimcha qilingan.

Kompyuterning birinchi egasi universitet professori bo‘lgan, u 1977 yilda uni o‘z talabasiga 650 dollarga sotgan.

2014 yilda Apple-1 kompyuteri kimoshdi savdosida 905 ming dollarga sotilgan, deb yozadi agentlik.

Mavzuga oid