O‘zbekiston | 15:08 / 10.11.2021
18669
8 daqiqa o‘qiladi

“O‘zkomnazorat” nega AQSh Davlat departamentiga taqdimnoma kiritmaydi?

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga asos bo‘layotgan qonun moddasi mantiqsizliklarga to‘la va u bekor qilinishi kerak. Biz bunday deb hisoblash uchun uchta asosni sanab o‘tamiz.

Fotokollaj: Kun.uz

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27 prim birinchi moddasi asos bo‘lmoqda. Bu moddaga asosan, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi kerak.

Bir necha kun oldin shu talabni bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qoldi. Yangi qonunga asosan, endilikda ijtimoiy tarmoqlar ustidan ayni shu modda talabi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ham mumkin.

Bizningcha, bu – senzurachilar o‘ylab topgan, Rossiyadan ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan mantiqsiz qonun. Bunday deyishga asoslar yetarli.

Qonundan parcha
Qonundan parcha

Birinchidan, qonundagi talab faqat ijtimoiy tarmoqlargagina taalluqli emas. O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarga ishlov beruvchi davlat organi yoki jismoniy va yuridik shaxs deyilgan. Bu mantiqdan kelib chiqsa, AQSh Davlat departamenti zudlik bilan grin-karta bazasini O‘zbekistonga ko‘chirib kelishi kerak. Axir har yili kamida 2 million o‘zbekistonlik shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri va aniq qilib shu lotereya anketasiga kiritadi. Lekin negadir “O‘zkomnazorat” AQSh Davlat departamentiga taqdimnoma kiritgani haqida hali eshitmadik.

Jiddiy gapiradigan bo‘lsak, qonun talabi haddan tashqari keng. Masalan, siz Shveytsariyaga borib, bankda hisobraqam ochsangiz, o‘sha Shveytsariya banki sizning ma’lumotlaringizni saqlash uchun O‘zbekistondan server ijaraga olishi kerak. Xuddi shu talab xorijiy davlatlarning vizaga mas’ul idoralariga ham taalluqli.

Tasavvurni kengaytirib boraversak, chet elda siz yashayotgan mehmonxona, siz chipta xarid qilgan aviakompaniya – bularning bari sizning ma’lumotlaringizni O‘zbekistonda saqlashi talab qilinyapti.

Umuman, bu qonun bo‘yicha internetdagi millionlab saytlarni bloklab qo‘yish mumkin. Chunki faqat ijtimoiy tarmoqlar emas, boshqa oddiy saytlar ham avtorizatsiyadan o‘tkazish uchun eng kamida ism-familingiz va yoshingizni so‘raydi.

Yana bir jihat, qonun talabi barchaga birdek qo‘llanmayapti: odamlar tanqid yozayotgan Telegram va Facebook bloklanib, komment yozishga mo‘ljallanmagan Google va Yandex chetlab o‘tilyapti.

Twitter'ga hamon cheklov saqlanib qolayotgan bir paytda, masalan, 1xBet kabi qimor portallari haqida birov o‘ylayotgani yo‘q.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlar va katta-katta internet-kompaniyalar o‘zlarining millionlab gigabaytlik bazalaridan faqat O‘zbekiston fuqarolariga oid qismini ajratib ololmaydi. Chunki bu qimmatga tushadi, tizimning yaxlitligi buziladi, ishlash tezligi pasayadi. Dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarning bazalari sanoqli davlatlardagina borligi bejiz emas.

O‘zbekiston gigant internet-kompaniyalar uchun shu qadar kichik bozorki, ular ortiqcha xarajat va boshog‘riq qilgandan ko‘ra shunchaki bu bozordan voz kechib qo‘ya qoladi. Hech narsa yutqazmaydi ham.

Masalaga boshqa tomondan qarab ko‘raylik. Xo‘p, aytaylik, Facebook bu talabni bajardi ham deylik. O‘zbekistonga serverlarini olib kelib, sizlarning fuqarolaringizga oid ma’lumotlar mana shu serverlarda desa, Personallashtirish markazi buni qanday tekshiradi? Shaxsiy yozishmalar daxlsizligini buzib, doimiy reydlar o‘tkazib, serverlarni ochib ko‘radimi?

Yoki yana bir masala: bu serverlar ishlashi uchun juda yuqori tezlikdagi internet kerak, bunaqa tezlik O‘zbekistonda bormi? Bo‘lganda ham uzluksiz 24 soat bo‘ladimi?

Uchinchidan, zamonaviy dunyoda biror tarmoqni cheklash oddiy ish emas. Bu qonunni qabul qilishda andoza bo‘lgan Rossiyada ham “Roskomnadzor” Telegram'ni bloklashni eplay olmagan. Xuddi shunday, 3 noyabr kuni Telegram dasturchilari qisqa muddatda “O‘zkomnazorat”ning “blokirovka”sini bartaraf eta oldi.

Internetda to‘siqlarni sakrab o‘tish imkonini beradigan proksi-xizmatlar va VPN ilovalari istalgancha topiladi. Bu tizimlar O‘zbekistondagi rasmiylar himoya qilmoqchi bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni aksincha butun internetga tarqatib yuborishi mumkin.

Gap shundaki, biz ishlatayotgan bepul VPN ortida kimlar turganini bilmaymiz, ular ko‘p hollarda foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlaydi va pulini to‘lasa bas, istagan odamga sotadi. Sotib oluvchilar esa har doim ham shunchaki yaxshi niyatda reklama beruvchilar bo‘lmasligi mumkin.

Hozir minglab o‘zbekistonliklar VPN ishlatayotganini inobatga olsak, bir narsa aniq, ular orasida davlat xizmatchilari ham bor. Ya’ni ayrim davlat organlaridagi kompyuterlarda ham, mansabdorlarning qo‘l telefonlarida ham VPN bor. Ular qaysi saytlardan foydalanayotgani va o‘z akkauntlariga kirishda ishlatayotgan parollar VPN operatorlariga ko‘rinib turadi.

Masalan, 4 oydan beri O‘zbekistonda VPN'siz ishlamayotgan Twitter'dan O‘zbekistonning rasman ikkinchi odami – Senat raisi Tanzila Norboyeva, uning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, qator deputatlar, hukumat a’zolaridan Jamshid Qo‘chqorov va Timur Ishmetov ham foydalanyapti.

Bu qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishni eslatadi. Ya’ni odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish vazifasi baribir amalda bajarilmayapti, aksincha, ma’lumotlar begonalar qo‘liga topshirilyapti.

Masalaning yana bitta tomoni bor: VPN internet olamining eng qorong‘i va xilvat manzillari tomon eshiklarni lang ochib yuboradi. Biz 1-sinf bolasining ham qo‘lida telefon bor zamonda yashayapmiz. TikTok'ka kiraman deb VPN ishlatayotgan yoshlar har soniyada taqiqlangan tashkilotlar saytlariga, terroristik, pornografik, narkotik va qurol savdosiga oid portallarga to‘siqsiz kirib ketishi mumkin.

Afsuski, nomiga oliy so‘zi qo‘shilgan majlis a’zolari bu qonunni qabul qilishda yuqoridagi masalalarni ko‘tarmagan. Faqat ma’qullab qo‘llarini ko‘targan xolos.

Deputat va senatorlar shuncha gapdan keyin ham yoppasiga jim o‘tirishibdi, qonundagi moddani bekor qilish tashabbusi bo‘layotgani yo‘q. Nega degan savolga javobni balki o‘sha kuni olgandirmiz: ko‘rsatma Vazirlar Mahkamasidan kelgan...

Ishonchimiz komilki, agar ertaga davlat rahbari chiqib, bu moddani bekor qilishni taklif qilsa, parlamentdagi 250 kishi uni qanday qabul qilgan bo‘lsa, xuddi shunday bekor qilib yuboradi. Va to‘g‘ri tashabbus bo‘lganini aytib prezidentga madhlar aytadi.

Demak, xulosamiz bitta: bizga halol yo‘l bilan saylangan, mustaqil va kuchli parlament kerak.

Ko‘rib turibmiz, bu vazifani uddalash qiyin bo‘lyapti, lekin hech bo‘lmasa oson yechimdan bizni nima to‘sib turibdi: ochiqlikka da’vo qilayotgan Yangi O‘zbekistonda bu qonunni bekor qilishga nega hech kim shoshilmayapti?

Timur Tursunboyev

Mavzuga oid