O‘zbekiston | 07:41 / 12.11.2021
6877
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahriga kelgach, o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bog‘dod Amreyevni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Kengashga a'zo davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot jadal rivojlanayotgani va amaliy hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.

Ta'kidlanishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonning Turkiy kengash mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ortdi, qo‘shma korxona va loyihalar soni 4 mingtaga yaqinlashdi. Joriy yilda mamlakatda tashkilotning qator muhim tadbirlari, jumladan, Xiva shahrida madaniyat vazirlari, Qo‘qon shahrida turizm vazirlarining uchrashuvlari, Toshkent shahrida yoshlar forumi o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev butun mintaqa barqarorligi va ravnaqini ta'minlashga qaratilgan muhim loyiha va dasturlarni ilgari surishda kengash imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ekanini alohida ta'kidladi.

Uchrashuv davomida bosh kotib Bog‘dod Amreyev Shavkat Mirziyoyevga bo‘lajak sammitga tayyorgarlikning borishi, tadbir dasturi va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Mavzuga oid