«Tolibon»ga tik boqqan Malala - u haqda yoshlar nimalarni bilishmaydi?
10 noyabr kuni Kun.uz’ning yoshlar Telegram kanalida pokistonlik Malala turmushga chiqqani haqida xabar e'lon qilindi. Yoshlarning aksariyati bu ayol haqida tushunchaga ega emasligi ayon bo‘ldi. Biz Malala haqida ma'lumot berishga qaror qildik. Demak, o‘qing: «Tolibon»ga tik boqib, suiqasddan omon qolgan va ta'lim uchun kurashgan Malala.
Malala kim?
Pokistonga o‘rnashib olgan toliblarga tik boqib, qizlarning ta'lim olishiga ruxsat berilishini talab qilgan Malala Yusufzay 1997 yili, 12 iyulda Pokiston mamlakatining Svat vodiysida tug‘ildi. Bolalik chog‘laridanoq qizlarning ta'lim olishi tarafdori bo‘lgan Malalaga toliblar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lim tahdidini qilishadi.
Yusufzay 11 yoshida internetda o‘z blogini yurita boshlaganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgandi. U toliblarning Svat okrugida shariat ahkomlarini joriy qilishga urinayotganini tanqid qilgandi. 2012 yil 9 oktyabrida u jangarilarning hujumiga uchradi. Niqobdagi qurollangan kishilar maktab avtobusini to‘xtatib, ulardan biri avtobus ichkarisiga kirgan va Malalani boshi va bo‘ynidan yaralagan edi. U 2013 yil yanvarida shifoxonadan chiqdi, keyinchalik huquqni himoya qilish faoliyatiga qaytdi.
«Tolibon»ning suiqasdi
Ta'lim himoyachisi hisoblangan Malala 2014 yili, 17 yoshida «Tolibon» tomonidan uyushtirilgan yana bir suiqasddan omon qoladi. Uchta o‘qdan tirik qolgan Malala ta'limning muhimligi haqida gapirishda davom etaverdi.
2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotida nutq so‘zladi. Ushbu nutqida quyidagi gaplarni aytib o‘tdi: «Ekstremistlar kitob va qalamdan oldin ham qo‘rqishgan, hozir ham qo‘rqishadi. Ta'limning kuchi ularni tahlikaga soladi. Ular ayollardan qo‘rqishadi... Kelinglar, kitob-qalamimizni olaylik. Ular bizning eng kuchli qurolimizdir».
Nobel mukofoti sohibasi va dunyoning eng yosh tinchlik elchisi
Yusufzay ilk bor 2013 yilda Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo g‘olib bo‘la olmagan. U 2014 yil mart oyida, 17 yoshida qayta nomzod qilib ko‘rsatilgan va yakunda nufuzli mukofotni qo‘lga kiritgan.
2017 yil aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish Malalani qizlarning ta'lim olishini targ‘ib qilish maqsadida BMTning tinchlik elchisi etib tayinladi. O‘shanda u 20 yoshga to‘lgan edi.
Livandagi qochqinlar maktabi
Malala Yusufzay 2015 yilda Livanda suriyalik qochqinlar uchun maktab ochdi. Pokistonlik pushtun qiz Livanda ayni paytda voyaga yetganini ham nishonladi.
«Men bekorga Beka vodiysidagi qochqinlar lagerini tanlamadim. Men tug‘ilgan kunimni suriyalik opalarim va singillarim ichida kutib olmoqchi edim. Men ularning qismatini yengillashtirishga harakat qilaman», — dedi Yusufzay maktabning ochilish marosimida. Malala o‘z safarini «qurolli ixtiloflar tufayli maktabga bora olmaydigan 28 mln bolalar oldidagi burchi» tufayli amalga oshirganini aytgandi.
U ochilish marosimda «Livandan turib barcha davlatlar yetakchilari va hukumatlariga xabar yo‘llamoqchiman: mablag‘ni o‘qlarga emas, kitob va darsliklarga ajrating», — deydi.
BMTdagi murojaat: Pandemiyadan keyin 20 million qiz darslarga qaytmasligi mumkin
2020 yilda Malala BMT tadbirida koronavirus inqirozidan keyin millionlab qizlar darslarga qayta olmasligi haqidagi xavotirlarini bildirib, tashkilotga a'zo davlatlarga murojaat qildi.
«Agar biz faqat ta'lim sohasi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu inqiroz tugaguniga qadar 20 million qiz darslarga qaytmasligi mumkin. Global ta'lim uchun ajratiladigan mablag‘ defitsiti 200 milliard dollarni tashkil etyapti. Pandemiya — bu to‘siq, lekin bahona emas. Tengsizlik pandemiyadan oldin ham kuchayib borgan. Dunyo davlatlari rahbarlarini va'dalarni bajarishga va «yangi davr» — adolat davrini boshlab berishga chaqiraman», — dedi u.
Men Malalaman
2013 yilda u o‘zining «Men Malalaman» nomli birinchi kitobini nashr ettirdi. Unda muallif ayol-qizlar haq-huquqlari uchun kurashishda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni, qizlarning maktabga borishini qo‘llab-quvvatlashi ortidan o‘zi duch kelgan tazyiq-u tahdidlar haqida yozadi.
«Men Malalaman» kitobi iste'dodli tarjimon Ahror Sharif tomonidan o‘zbek tiliga ham tarjima qilinib, «Yangi asr avlodi» nashriyotida chop etilgan.
U turmush qurdi
Pokistonlik bloger va inson haqlari himoyachisi, butun jahonda xotin-qizlarning ta'lim olishi huquqi uchun kurashuvchi Malala Yusufzay shu yilning 10 noyabr kuni 24 yoshida turmushga chiqdi. Bu haqda u o‘z Tvitterida ma'lum qildi.
Kuyovning ismi Asser bo‘lib, ular Angliyaning Birminghem shahrida nikohdan o‘tishgan.
Mavzuga oid
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
23:50 / 29.11.2024
Rossiya «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarmoqchi. Shoygu Kobulga bordi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
19:21 / 01.11.2024