Tanasidan ignalar topilgan bolakayning bugungi holati qanday?
Uch yil oldin Farg‘onada 11 oylik chaqaloqning tanasidan 14 dona igna topilgani ko‘pchilikni larzaga solgandi. Kun.uz hayotining ilk davridayoq og‘ir sinovni boshdan o‘tkazgan bolakayni yo‘qlab bordi.
Azizbek 2018 yilda Toshkentda operatsiya qilinib, tanasidan 11 ta igna olib tashlangan, 3 tasini esa olishning iloji bo‘lmagani bois bolaning tanasida qoldirilgandi. 17 kunlik komadan keyin o‘ziga kelgan bolakay mo‘jiza o‘laroq yashab ketdi.
Biz Xudoyberdiyevlar xonadonida uning ota-onasi Azimjon va Shohsanamxon bilan suhbatlashdik. Azizbek to‘rt yarim yoshga kiribdi. Sho‘x, tinimsiz harakatda ekan.
“Avvalambor, xalqimizga katta rahmat aytaman. Bolamning haqiga duoda turishdi. Tibbiyot xodimlarining ham yordami beqiyos. Ular Azizbekning dardini aritish uchun bor kuchini berishdi.
Bolamning holatiga kelsak, operatsiyadan so‘ng yaxshi tomonga o‘zgargan. Ancha o‘ynab qoldi. Yurishga harakat qilyapti. Lekin baribir o‘rtoqlaridan ozgina orqada. Gapirishga harakat qilyapti.
Shunisigayam shukr. Mana, ikki oy bo‘ldi, bog‘chaga berdik. Bog‘chaniyam ancha foydasi bor ekan. Odamovi bo‘lib qoluvdi. Odamlargayam kirishishni o‘rgandi.
O‘ng taraf oyoq-qo‘lida tonusi bor. Massaj olib, davolovchi gimnastika qilyapmiz. Natijada o‘ng oyog‘ini bosib qoldi. O‘ng qo‘lida ozgina harakat cheklanishi bor. Nevropotologlar vaqt o‘tgan sari sekin-sekin tarqab ketadi deyishdi.
Bolam operatsiyadan keyin 17 kun komada yotgan. Shuning ta'siridan deb o‘ylayman. Vrachlarning aytishicha, koma ta'sirida bolamning boshida qon aylanishi sustlashib, harakatlanish a'zolariga ta'sir qilgan. Shuning hisobiga o‘ng oyog‘i va qo‘li harakat qilishga sust. Doktorlar aytishi bo‘yicha, vaqt o‘tgani sari sekin-sekin tarqab o‘z holiga keladi. O‘ng oyog‘i qo‘lidan ko‘ra ancha harakatchan”, – deydi Azizbekning onasi Shohsanamxon.
Hozirgi kunda bolaning tanasida uchta igna qolgan. Ota-ona 2019 yili Toshkentga bolani operatsiya qilgan xirurglarga ko‘rikka olib borishgan. Mutaxassislar massaj va davolash gimnastikalarini muntazam olib turishni maslahat bergan. Azizbekning tanasida qolib ketgan uchta ignani esa bola kuchga to‘lib bemalol yurib ketganida jarrohlik operatsiyasi orqali olib tashlashlarini aytishgan.
Azizbekning ota-onasi farzandini operatsiya qilgan Habibullo Aqilov va uning jamoasiga yana bir bor o‘z tashakkurini bildirdi.
“Xudo xohlasa, o‘g‘limiz oyoqqa turib olsa, sunnat to‘y qilmoqchimiz. Bizga duoda bo‘lib turgan O‘zbekiston xalqiga hamisha bizni qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat aytmoqchimiz. Ularning barchasini to‘yga aytamiz”, – deydi Shohsanamxon Xudoyberdiyeva.
Azimboy Xudoyberdiyevning aytishicha, uning oilasiga Toshloq tumani hokimligi muntazam yordam berib keladi. Hokimlik xonadonga issiqxona qurib berishdan tashqari, Azizbekning imtiyozli ravishda bog‘chaga joylashishiga yordam berishgan.
Azizbek bog‘chaga boradi. Oila tomorqasidagi issiqxonada dehqonchilik qilib tirikchiligiga mablag‘ topmoqda.
Kun.uz muxbirining tashrifidan xabar topgan tuman hokimi Abduqahhor Jo‘raboyev Xudoyberdiyevlar xonadoniga o‘zi bilan mini-traktor ham olib kelibdi. Bu uskuna oilaning tirikchiligiga asqatadi.
Azizbekning umumiy holati yaxshi. Tanasida ignalar bilan yashayotgan bolajonga sog‘lik tilab qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov
P.S. Shu paytgacha berib kelingan xabarlarda bolakayning tanasidan 16ta igna topilgani aytilgan edi. Ota-ona bu safargi tashrifimizda ignalar soni 14ta bo‘lgani, ulardan 11tasini olinib, 3tasi qolganini aytib o‘tdi.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024