Jamiyat | 19:08 / 19.11.2021
2422
2 daqiqa o‘qiladi

Qoida buzgan piyodalar qidiruvda ekani aniqlandi

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan «Xavfsiz tun» tezkor profilaktik tadbiri doirasida 3 nafar qidiruvdagi shaxs aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Yevgeniy Odinokov

Joriy yilning 9 noyabr kuni Yangiyo‘l shahrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori qoidabuzarlik sodir etgan piyodani to‘xtatgan. Elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida, 1982 yilda tug‘ilgan A.R. qidiruvda ekani, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, sud tomonidan «qamoq» ehtiyot chorasi belgilanishiga qaramasdan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgani aniqlangan.

Shuningdek, 15 noyabr kuni Parkent tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori piyoda B.S.ni qoidabuzarlik sodir etgani uchun to‘xtatib, elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida u ham qidiruvda ekani aniqlagan. Parkent tumani IIB tomonidan olib borilgan surishtiruvga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida yashovchi ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgan.

Yana bir holatda 18 noyabr kuni YPX inspektori Parkent tumanida xizmat olib borayotgan vaqtida qoidabuzarlik sodir etgan piyodani to‘xtatgan. Qoidabuzarligi yuzasidan elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida, mazkur fuqaro ham qidiruvda ekani aniqlangan. Surishtiruvlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan L.K. Jinoyat kodeksining 122-moddasida (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash) ko‘rsatilgan bir necha jinoyatni sodir etib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgani aniqlangan.

Ushlangan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida ular hududiy IIBga olib borilgan.

Mavzuga oid