Sport | 14:35 / 30.11.2021
37037
11 daqiqa o‘qiladi

Messi «Oltin to‘p»ga haqlimidi? Raqamlar va rekordlar

Robert Levandovskining gollari va rekordlari yordam bermadi - «PSJ»ning argentinalik hujumchisi yettinchi bor futbol olamidagi eng nufuzli individual sovrinni qo‘lga kiritdi.

Foto Getty Images/Global Look Press

«Oltin to‘p» hamisha boshqa har qanday mukofot kabi sub'yektiv bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi — g‘olibni oddiy odamlar aniqlashadi: butun dunyodagi 180 nafar jurnalist o‘z beshligini tuzadi, bu bilan tanlov optimalga yaqinlashishi mumkin, ammo u baribir sub'yektiv bo‘lib qoladi, natija esa — bahsli bo‘lib qolaveradi.

Bu safar ko‘p vaqtdan buyon ilk marta triumfator oxirgi daqiqalargacha aniq emasdi — France Football nihoyat ma'lumotlar sizdirilishining oldini oldi va yaqqol favorit ajralib qolmadi. Asosiy da'vogarlar ikkita edi: Robert Levandovski va Lionel Messi.

Mukofotni nega aynan argentinalik futbolchi qo‘lga kiritdi? Javob oddiy: chunki 180 kishi shunday qaror qilgan. Ular nega bunday qaror qilishdi? Murakkablik shu yerda boshlanadi.

France Football respondentlarga beshlikni tanlashda quyidagi uch mezonga asoslanishni tavsiya etadi:

  1. Futbolchining yil davomidagi individual va jamoviy ishtiroki.
  2. Futbolchining klassi (talant va halol o‘yin).
  3. Futbolchining karerasi.

Messi birinchi kriteriya bo‘yicha yilni qanday o‘tkazdi? Individual ko‘rsatkichlar: 41 gol, 17 golli uzatma, Amerika Kubogining eng yaxshi o‘yinchisi va to‘purari. Jamoaviy: Ispaniya va Amerika Kubogi. Levandovski yilni qanday o‘tkazdi? 64 gol, 10 golli uzatma, «Oltin butsa», bundesliga mavsumida urilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord ; chempionat g‘olibligi, Germaniya Superkubogi, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.

Birinchi mezon bo‘yicha aniq parallellar o‘tkazish mumkin, keyingilari bo‘yicha esa vaziyat murakkab. Messi va Levandovskini saviya borasida solishtirish mumkin. Talant bo‘yicha-chi? Argentinalik futbolchini ko‘pchilik dunyodagi eng iste'dodli futbolchi deb biladi, ammo bu xulosa uchun yetarli emas. Halol o‘yin-chi? Bu borada Messining zarariga ishlaydigan bir epizod bor: Ispaniya Superkubogi uchun «Atletik»ka qarshi yanvarda o‘tkazilgan o‘yinda u ikki qo‘li bilan raqibni urgan va buning uchun qizil kartochka olgandi. Levandovskida esa bunday holatlar kuzatilmagan, u bundesligada to‘purarlik bo‘yicha Gerd Myullerning rekordini takrorlaganida unga hurmat bajo keltirgandi.

Uchinchi mezon bo‘yicha aytish mumkinki, Levandovskida ham, Messida ham ajoyib karera bor.

Ko‘p ehtimol bilan Leoning g‘alabasiga ikki omil ta'sir ko‘rsatgan: ovoz beruvchilarning sentimentalligi va vaqt. Ko‘plab jurnalistlar Messi Argentina bilan nimadir yutishini istashardi. Nihoyat shu yil yozda u buni uddaladi, Amerika Kubogida to‘purar ham bo‘ldi (kolumbiyalik Luis Dias kabi 4ta gol urdi, shuningdek, 5 pasga muallif bo‘ldi). Aftidan, aynan o‘shandayoq «Oltin to‘p» taqdiri ham hal bo‘lgandi. Ammo ovoz berish ancha ertaroq bo‘lib o‘tgani ham ta'sir ko‘rsatgan: jurnalistlar o‘z beshligini 24 oktyabrgacha yuborishi kerak edi, ya'ni bu vaqtda turnir xotiralari hali yangi bo‘lgan.

Qolaversa, Messi yozning asosiy qahramoniga aylandi, uning «Barselona»dan «PSJ»ga transferi katta rezonans keltirib chiqardi. Bu ham muhim edi — argentinalik futbolchining nomi matbuotdan tushmadi va bu ham uning uchun o‘ziga xos piar-kampaniya vazifasini o‘tadi. Qo‘shimchasiga, sentabr oyi oxirida Messi «PSJ» safida «Manchester Siti»ga qarshi YeChL o‘yinida muhim va chiroyli gol urdi, bu o‘yin kuzning klublar miqyosidagi asosiy o‘yinlaridan biri bo‘lgandi. Aynan o‘sha kunlarda ko‘pchilik o‘zining beshligini shakllantirayotgandi.

Hozir esa Messining g‘alabasi biroz shubhali ko‘rinadi. U «PSJ»dagi dastlabki oylarni juda kuchsiz o‘tkazdi, u Fransiya chempionatida atigi bitta gol urgan. Levandovski esa barqaror ravishda gol urishda davom etmoqda. Alal-oqibat, ularning ikkisi ham hujumchi va ularning asosiy ishi — gollar urish. Shuning uchun ham France Football forvardlar uchun alohida sovrin o‘ylab topdi va uni darhol polshalik futbolchiga topshirdi - bu xuddiki uzr so‘rash vazifasini o‘tadi.

Robert Levandovski «Oltin to‘p»ga da'vogarlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda qoldi. Foto Reuters

Messi — shubhasiz, buyuk futbolchi. U Levandovski mukofotdan mahrum bo‘lgani uchun aybdor emas, polshalik forvardga yoki o‘tgan yili o‘z mukofotini berish yoki bu yil ikkita «Oltin to‘p» qilish kerak edi.

Messining o‘zi ham taqdimot vaqtida shu haqda gapirdi: «Robert, sen «Oltin to‘p»ga munosibsan». Aftidan, argentinalik futbolchining o‘ziga qolsa, mukofotni polyakka bergan bo‘lardi.

Foto: AURELIEN MEUNIER/GETTY IMAGES

Raqamlar: Messi to‘liq ustunlikka ega emas
Leoning g‘alabasi kichik farq bilan bo‘ldi: u ovoz berish yakunlariga ko‘ra 613 ochko oldi, Levandovskida esa — 580. Bu tarixdagi eng kichik farq emas – 1996 yilda Mattias Zammer Ronaldodan atigi bir punkt oldinda bo‘lgan. Bundan tashqari, Messining o‘zida ham bu eng kichik farq bilan ustun kelish emas: u ikki yil muqaddam ikkinchi o‘rindagi Virjiyl van Deykdan atigi yetti ochkoga o‘zib ketgandi.

Chempionatlar: Liga 1 30 yillik «tanaffus»ni to‘xtatdi
Fransiya chempionati vakili «Oltin to‘p» olishi oxirgi marta 1991 yilga to‘g‘ri kelgan – «Marsel» bilan muvaffaqiyatlari uchun Jan-Per Papenni tasdiqlashgan. Bundan avvalgi 11 (!) sovrin Ispaniya La Ligasi vakillariga nasib etgandi, ammo yozda ham Messi «Barselona» a'zosi edi, shunday ekan bu superseriyani chindan ham yakunlandi deyish qiyin.

G‘olib Ispaniyaga aloqador bo‘lmasligi so‘nggi bor 2008 yilda ro‘y bergan, o‘shanda Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted» bilan barcha sovrinlarga ega chiqqandi. Undan oldingi yilda esa A Seriyaning so‘nggi g‘alabasi kuzatilgan («Milan»ga YeChL g‘olibligini olib bergan Kaka), Bundesliga esa o‘zining navbatdagi oltin bolasini Zammer davridan buyon kutmoqda.

Lionel Messining yetti «Oltin to‘p»i. Foto AFP

Mamlakatlar: Argentina Messi evaziga birinchilikni bo‘lishib turibdi
Leoning gegemonligi Argentina futboli «Oltin to‘p»lar soni bo‘yicha Germaniya, Niderlandiya va Portugaliyaga yetib olish imkonini berdi. Argentinalik futbolchilar bu mukofotga faqat 1995 yilga kelib da'vogar bo‘lishgan – avval mukofot faqat yevropaliklarga berilgan (naturallashtirilganlarga ham – masalan, Alfredo Di Stefano va Omar Sivori).

Farq shundaki, Germaniyada besh nafar turli futbolchilar «Oltin to‘p» olishgan, Niderlandiya va Portugaliyada – uch nafardan, Argentina uchun esa barcha yetti sovrinni bir futbolchi qo‘lga kiritgan.

Klublar: «PSJ» uchun ilk goldenboll
France Football ilk marta mahalliy klub futbolchisini taqdirladi. «Pari Sen-Jyermen» bu borada ham top klublar qatoriga kirish uchun Messini safiga qo‘shib olishi kerak edi.

Jorjino «Chelsi»ning «Oltin to‘p» nominantlari ro‘yxatida yakuniy uchlikka kirgan ikkinchi futbolchisi bo‘ldi. Bundan avvalgisi 2005 yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda Frenk Lempard faqat Ronaldinodan ortda qolgandi.

Pozitsiyalar bo‘yicha: hujum chizig‘i vakillari dominantligi davom etadi
Robert Levandovski g‘alaba qozongan bo‘lganida ham hujumchilar ustunligi o‘zgarishsiz davom etardi. Bu ustunlik yanada mustahkamlandi deyish mumkin: o‘tgan mavsumda ikkinchi o‘rinni «Liverpul» himoyachisi Virjiyl van Deyk olgandi, darvozabon Alison yettinchi o‘rinni egallagandi. Bu safargi eng yaxshi darvozabon Janluidji Donnarumma o‘nlikni yakunlab berdi, eng yaxshi himoyachilar esa 13-14-o‘rinlarda qolishdi. Bu o‘rinlar hech qachon bir-biridan ayrilmaydigan Leonardo Bonuchchi va Jorjo Kelliniga nasib etdi.

«Oltin to‘p»ni himoya vakili olishi bilan bog‘liq holat 2006 yilda kuzatilgan, o‘shanda sovrin jahon chempioni Fabio Kannavaroga berilgandi. 1963 yildan buyon biror darvozabon bu sovringa munosib ko‘rilmagan: bu Lev Yashin bo‘lgandi.

Alohida futbolchilar miqyosida: Benzemaning yorib kirishi, Ronalduning qulashi
Levandovski va Jorjino ilk bor uchlikka kirdi, ammo ularning orasida farq katta. Yorqin mavsum uchun Karim Benzemaga ham ko‘p ovoz berildi. Bungacha ham ko‘p yillar mobaynida «Real»da muvaffaqiyatli mavsumlar o‘tkazib kelgan bo‘lsa-da, u bunga qadar hech qachon top-15ga ham kirmagandi, bu safar esa u to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Lekin futbolchidagi renessansning tan olinishi – u marosimga tashrif buyurishi uchun yetarli bo‘lmadi.

Marosimga Ronaldu ham kelmadi, ammo uning holatini to‘g‘ri tushunish mumkin. Atigi oltinchi o‘rin – 2010 yildan buyon eng yomon natija, o‘shanda Krishtianu «Real» bilan YeChLni 1/8 bosqichida «Lion»ga mag‘lub tark etgandi, bu mavsum esa «Yuventus» bilan shu bosqichda ishtirokini to‘xtatdi. 36 yoshli forvard bu sovrinni boshqa ololmasligi oydinlashmoqda.

Mavzuga oid