O‘zbekiston | 15:02 / 30.11.2021
4684
2 daqiqa o‘qiladi

Mirishkorning sobiq so‘kong‘ich hokimi rahbarlik lavozimiga tayinlandi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining sobiq hokimi, yig‘ilishlardan birida qo‘l ostida ishlovchilar hamda unda ishtirok etgan shaxslarni haqorat qilgani uchun ishdan olingan Baxtiyor Rajabov yuqori lavozimga tayinlangan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, Baxtiyor Rajabov Qashqadaryo viloyati sobiq rahbari Zoir Mirzayev lavozimidan ketishidan uch kun avval Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan. Buni boshqarma matbuot xizmati rahbari Dilshod Karomov Kun.uz’ga tasdiqladi.

Uning aytishicha, Baxtiyor Rajabov 2021 yilning 16 noyabr Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida ish boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 2 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovga tegishli audioyozuv tarqaldi. Tuman hokimi yig‘ilish o‘tkazgani va unda qatnashganlarni soliq tushumlarini o‘z vaqtida ta'minlamagani uchun turli so‘zlar bilan haqoratlagani va so‘kkani, shuningdek, ba'zilarni urgani eshitilgan.

O‘sha paytda mazkur hodisa yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmati munosabat bildirgan va unda ovoz haqiqatan Baxtiyor Rajabovga tegishli ekani tasdiqlangandi.

Audioyozuv tarqalgandan ikki kuni o‘tib, 4 mart kuni Xalq deputatlari Mirishkor tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Baxtiyor Rajabov ishdan olingan. Sessiyada nutq so‘zlagan viloyat hokimi Zoir Mirzayev Baxtiyor Rajabovni xalq bilan hisoblashmaslikda ayblagan.

Ma'lumot uchun, Baxtiyor Rajabov 2018 yilgacha Koson tumaniga rahbarlik qilgan, 2018 yilning dekabrida ishdan olingan. Ammo 2019 yilning martida u Qarshi shahri hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, ko‘p o‘tmay viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga aylangan. 2019 yil oktyabrida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ishdan ketgach, uning o‘rinbosarlari qatorida Baxtiyor Jo‘rayev ham lavozimidan ozod etilgan va Mirishkor tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. O‘shanda Baxtiyor Rajabovga va Xurram Jo‘rayevga O‘zbekiston prezidenti “so‘nggi imkon” berayotgani ta'kidlangandi.

Mavzuga oid