Jahon | 23:31 / 09.12.2021
8828
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus borligini ko‘rsatuvchi himoya niqobi ishlab chiqildi

Yaponiyaning Kioto prefekturasi universiteti olimlari sirtida koronavirus izlari borligini ko‘rsatuvchi antiqa himoya niqobini ishlab chiqishdi. Agar niqobga koronavirus tushgan bo‘lsa, u ultrabinafsha nur ostida yorug‘lashadi.

Kyodo nashrining xabar berishicha, olimlar bunga niqobga maxsus yorug‘lik tarqatuvchi bo‘yoq bilan ishlov berish hisobiga erishishgan.

Foto: Kyodo

Bo‘yoq tarkibida tuyaqush tuxumidan olingan antinachalar bor bo‘lib, ular koronavirusga ta'sir ko‘rsatadi. 2020 yil fevralida olimlar koronavirusning passiv va xavfsiz shaklini urg‘ochi tuyaqushlarga kiritishgan va ular qo‘ygan tuxumlardan ko‘p miqdorda antitanachalar olishgan.

“Biz tuyaqush tuxumlaridan arzon narxda ko‘p miqdorda antitanachalar olishimiz mumkin. Kelgusida men buni har kim foydalana oladigan testlar to‘plamiga aylantirmoqchiman”, deb aytgan olimlar guruhi rahbari Yasuxiro Tsukamoto.

Niqobning sinovlarida koronavirusga chalingan 32 bemor ishtirok etgan. Ular taqqan niqoblarning barchasi ultrabinafsha nur ostida nurlangan. Bemorlarda virus yuklamasi kamayganda, niqoblar yorug‘lanmay qo‘ygan. Tsukamoto jamoasi 150 bemorni jalb qilib, sinovlarni yanada kengroq o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid