O‘zbekiston | 21:31 / 11.12.2021
25512
4 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlarga gap otganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilash taklif etildi

Xotin-qizlarning orqasidan kuzatib yurish, ularga gap otish va boshqa nafsoniyatga tegadigan so‘z ishlatganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin. Adliya vazirligi, shuningdek, xotin-qizlarning intim hayoti daxlsizligini buzish bo‘yicha alohida modda kiritishni taklif qilmoqda.

Foto: Kun.uz

Qizlar va ayollarni ta'qib va zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish bo‘yicha qonunchilikka taklif tayyorlanmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz'ga xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bilan bog‘liq muammolar tahlil qilinib, ularning oldini olish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, qonunchilikda “ta'qib etish” (stalking), ya'ni qizlarni, ayollarni orqasidan kuzatib yurish tushunchasi kiritilmagan hamda bu holatdan himoyalanish mexanizmlari ham yo‘q.

Bu holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka “ta'qib etish” (stalking) tushunchasini kiritish va ta'qib ostida qolgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, qonunchilikda ish va o‘qish davomida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki ta'lim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagani tufayli bunday holatlarga chek qo‘yish uchun jabrlanuvchi va tazyiq o‘tkazgan shaxs o‘rtasidagi har qanday aloqalarni cheklash tartibini joriy etish taklif etilmoqda.

Tahlillarda xotin-qizlarning turli ko‘rinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini, ayniqsa intim hayot daxsizligini buzish holatlari ko‘plab uchragani aniqlangan. Shuni inobatga olib, ayollarning shaxsiy hayotiga turli tajovuzlarning oldini olish maqsadida, shaxsiy hayot daxlsizligini to‘liq kafolatlagan holda, ularning intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlik joriy etish nazarda tutilmoqda.

Yana bir muammo sifatida ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha markazlari zo‘ravonlikka uchrayotgan ayollarni to‘liq qamrab ololmayotgani keltirilgan. Buni hal qilish uchun sohaga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish, xususan, tadbirkorlarga yer ajratishda, davlat bino va inshootlaridan foydalanishda, soliq, davlat grantlari, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar kabi turli yo‘nalishlarda imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ayollarga gap otish va boshqa nafsoniyatga tegadigan izohlar berishni taqiqlash va ushbu harakatlar uchun ma'muriy javobgarlik chorasini belgilash, shu bilan birga ayollarga shikast yetkazish holati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSh kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, shu yil avgustda aholining turli yoshdagi qatlamlari o‘rtasida jamoat transportida tegajog‘lik holatlari yuzasidan o‘tkazilgan maxsus so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning 12,5 foizi doimiy ravishda, 40 foizi esa bir yoki ikki marta jamoat transportlarida shu kabi holatlardan jabrlanganini ma'lum qilgan. Bu holatlarga chek qo‘yish maqsadida Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi jamoat transportlarida tegajog‘likka duch kelganda xabar beruvchi tugmalar o‘rnatilgan.

Avvalroq, Toshkentda metro vagonida 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgandi.

Mavzuga oid