O‘zbekiston | 19:39 / 19.12.2021
26309
4 daqiqa o‘qiladi

Angrenda ikki yuk poyezdi to‘qnashuvi oqibatida 20 ta vagon ag‘darildi

«O‘zbekko‘mir»ning ko‘mir ortilgan poyezdi boshqaruvsiz harakatlangan boshqa sostav bilan to‘qnashdi. FVV mashinist va yordamchisi jarohatlangani haqida xabar berdi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir ortilgan yuk poyezdi Angren hududida izidan chiqib ketgani, temir yo‘l ustida va yon atrofida yotgan ko‘mir ortilgan vagonlar majaqlanib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu holat 19 dekabr kuni soat 05:03da Toshkent viloyatining Angren shahridan 19 km sharqiy yo‘nalishda joylashgan «O‘zbekko‘mir» AJga qarashli «Angren ko‘mir koni» hududidagi temir yo‘lda sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, avariya 10-sonli lokomotiv sostav elektrovozning siqilgan havosiz qolishi oqibatida boshqaruvsiz harakatlangani va 1-yo‘lda harakatlanib ketayotgan 17-sonli lokomotiv sostaviga urilgani oqibatida kelib chiqqan. Natijada jami 33ta yuk vagonidan 20ta vagon (010-sonli lokomotiv sostavidan 14ta ko‘mir ortilgan yuk vagon va 017-sonli lokomotiv sostavidan 6ta bo‘sh yuk vagoni) temir yo‘li izidan chiqib, ag‘darilgan.

Hodisa oqibatida 010-sonli lokomotiv sostavi mashinisti va uning yordamchisi yengil tan jarohati olgani aytilgan. Ular «Temir yo‘l transporti» filiali hududidagi Tibbiy yordam punktiga olib borilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan va Angren shahar shifoxonasiga yuborilgan.

«Mazkur holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida voqea joyiga «O‘zbekko‘mir» AJ tasarrufidagi «Temir yo‘l transport» filialidan 2ta yuk krani, 2ta pogruzchik va 50 nafar ishchi-xodimlar jalb etilgan. Bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Sodir bo‘lgan holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda», deyiladi FVV axborot xizmati xabarida.

Hodisa yuzasidan «O‘zbekko‘mir» AJ ham bayonot berdi. Jamiyat axborot xizmati FVVdan farqli ravishda avariya tufayli o‘lim yuz bermagani va hech kim tan jarohati olmaganini ma’lum qilgan.

«Jamiyat tasarrufidagi «Temir yo‘l transporti» filialiga qarashli 010-sonli lokomotiv sostav ulangan elektrovozning tormoz tizimida yuz bergan nosozlik oqibatida mazkur sostav «Jigariston» stansiyasining 7-yuklash yo‘lidan boshqaruvsiz yurib ketib, «Blokpost» va «Shtolnya» stansiyalari oralig‘idagi 1-yo‘lda harakatlanib borayotgan 017-sonli lokomotiv sostaviga borib urilgan. To‘qnashuv oqibatida 010-sonli lokomotiv sostavi temir yo‘ldan chiqib ketgan va sostavga qo‘shilgan 23 vagondan 14tasi ag‘darilib, nosoz holga kelgan.

− 017-sonli lokomotiv sostav elektrovoziga ulangan 10ta yuk vagonidan 6 tasi temir yo‘ldan chiqib ketgan va ag‘darilib, nosoz holga kelgan.

O‘lim va tan jarohati olish holatlari yo‘q. 010-sonli lokomotiv sostav elektrovoz mashinisti B.J.Niyazmatov hamda mashinist yordamchisi B.A.Sobirov jamiyat hududidagi tibbiy yordam punktida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ularning tan jarohati olmaganliklari aniqlangan», deyiladi «O‘zbekko‘mir» AJ bayonotida.

Hozirda hodisa sabablari O‘zbekiston IIV Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan o‘rganilmoqda. Natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinishi aytilgan.

Mavzuga oid