O‘zbekiston | 15:19 / 30.12.2021
10130
13 daqiqa o‘qiladi

Dehqon va fermerlar uchun internet-platforma yaratilmoqda

2021 yil 28 dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrar sohani raqamlashtirish doirasida ishlab chiqilgan dastur va tizimlarni taqdim etdi. Platforma birqancha xizmatlarni o‘zida jamlaydi.

Foto: Agro.uz

Katta ma’lumotlarni tahlil qilish, ekin maydonlari holatini yuqoridan kuzatib turish, hosilni terib olish uchun qulay vaqtni belgilash, o‘g‘itlash sxemasini hisoblab chiqish va monitoring qilish, hosilni prognozlashtirish, tuproq holatini, o‘simliklar parametrlarini kuzatib turish, mikroiqlimni o‘lchash – bular va boshqa imkoniyatlar fazodan olingan suratlar, dronlar, meteorologik stansiyalar, datchiklar va boshqa uskunalardan olingan ma’lumotlarni jamlaydigan platforma orqali mumkin bo‘ladi. Raqamli texnologiyalar o‘simlikshunoslikning to‘liq siklini boshqarishga imkon yaratadi.   

"Joriy yil oxirigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan 5 ta axborot tizimi ishga tushiriladi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish uchun mo‘ljallangan “E-IJARA TANLOV" tizimi, ArcGIS dasturiy mahsuloti bazasidagi geoaxborot tizimi, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash” yagona axborot tizimi, “Import qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari hisobi” tizimi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining yangilangan rasmiy veb-sayti, – deya aniqlik kiritdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov.

– Shuningdek, 2022-2023 yillarda yana 5 ta elektron tizimning ishga tushirilishi ko‘zlangan. Ya’ni Agroplatforma AT, “Marketplace” elektron agrosanoat savdo portali, Toshkent davlat agrar universitetida joriy etiladigan " Smart campus" loyihasi, “Rubicon” suv resurslarini boshqarish tizimi, fermerlar uchun ekotizimni yaratishga asos bo‘ladigan 150 dan ortiq turdagi interaktiv xizmatlar va servislardan iborat "Raqamli qishloq xo‘jaligi" ASM yagona integratsiya platformasi. Ushbu innovatsion yechimlarni joriy etish ASMda tadbirkorlik faoliyatini yengillashtirish va muqobillashtirish imkonini beradi, hujjatlar almashinuvi va interaktiv xizmatlarga ega bo‘lishni osonlashtiradi, agrar sohada jarayonlar shaffofligini kuchaytiradi va eng muhimi, ASM tizimida samaradorlik natijalarini yaxshilaydi".

Endi taqdimotda ko‘rsatilgan tizimlar haqida batafsilroq, mutaxassislar keltirgan ma’lumotlarga tayanib:  

E-IJARA axborot tizimi

Prezidentning 08.06.2021-yildagi PF-6243-son "Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi mexanizmi joriy etildi. E-IJARA axborot tizimi yerlarni ijaraga berish uchun materiallarni to‘plash, loyihalarni tayyorlash va barcha manfaatdor tomonlar bilan kelishish uchun mo‘ljallangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini hisobga olgan holda 2022-2025-yillarda paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlari tayyorlanadi. 2022-yilda 80 ming gektardan ziyod yer E-IJARA tizimida alohida lotlar tarzida 0,10-1 gektardan ajratilib, E-AUKSION tizimidagi ochiq elektron kimoshdi savdolari orqali barcha hujjatlari bilan birga 10 yilga ijaraga beriladi. Ushbu tizim yordamida fermerlar bo‘sh qishloq xo‘jaligi yerlari haqida to‘liq ma’lumot olishlari hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini berishlari mumkin buladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining geoaxborot tizimi

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ArcGIS dasturiy mahsuloti negizidagi o‘z geoaxborot tizimi 2021-yilning noyabr oyidan sinov rejimida ishga tushirilgan. Bugungi kunda ushbu tizim respublikamizning 4 ta vazirlik va idoralarining axborot tizimlari, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligining quyi tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Qayta ishlanadigan ma’lumotlar va tizim imkoniyatlari har 10 kunda butun respublikamiz bo‘ylab fazodan olinadigan suratlar, real vaqt rejimida 200 nafar dala ishchilari tomonidan to‘planadigan ma’lumotlarni monitoring qilish hisobiga doimiy ravishda kengaytirib boriladi. Kerakli barcha ma’lumotlarni olish, shu jumladan, yerdan foydalanuvchilar, tuproq xususiyatlari, sug‘orish tizimlarining mavjudligi va ekin turlarini avtomatik aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida amalga oshirilgan ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlari yaratilgan. Yaqin kelajakda Qishloq xo‘jaligi vazirligining uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish asosida olingan yuqori sifatli multispektral suratlardan foydalanish hisobiga tizimning imkoniyatlari yanada kengaytiriladi. Kelgusida tizim qishloq xo‘jaligi foydalanuvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltiriladi va uning yordamida ekin ekish va hosili yig‘ishtirib olish uchun qulay vaqtni tanlash, o‘g‘itlash sxemasini hisoblab chiqish, monitoring qilish, qishloq xo‘jalik ekinlarining hosilini prognoz qilish, kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash mumkin bo‘ladi.

“Agrosanoat majmuida yagona agroplatforma” tizimi

Tizim agrar siyosatni amalga oshirishning asosiy axborot vositasi bo‘lib, fermerlar hamda agroklasterlar, yetkazib beruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, davlat organlari, shuningdek, yerni tayyorlash va ishlov berishdan tortib, hosilni yetishitirish, yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonlarining yagona zanjirida raqamli o‘zaro ta’sirni tashkil etish uchun mo‘ljallangan.

Agroplatforma – zamonaviy raqamli platforma bo‘lib, unda 75 000 dan ziyod fermer va 600 dan ortiq agroklasterlar ishlaydi. Shuningdek, 20 dan ortiq tijorat banklari, 150 dan ziyod davlat organlari tizim foydalanuvchilari bo‘ladi.

Tizimda real vaqt rejimida elektron shartnomalar tuzish uchun elektron maydon ishga tushiriladi, u yerda kuniga qariyb 1000 ta savdo amaliyotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, elektron hujjat aylanmasi, arizalar topshirish, imtiyozli kreditlar olish, 2000 turdan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikasi va ularning ehtiyot qismlari to‘g‘risida ma’lumot olish, berilgan parametrlar to‘plami bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni amalga oshirish uchun ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumot olish imkoniyati ta’minlanadi.

Agroplatforma fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar soddalashtirilgan buxgalteriya hisobini joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu yerda kuniga 100 million so‘mdan ortiq to‘lovlar amalga oshiriladi.

"Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash" yagona axborot tizimi

Ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun subsidiyalar ajratish bo‘yicha yagona axborot tizimini yaratishga qaratilgan. Tizim modullarini bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayonida fermerlar uchun bir necha yo‘nalishdagi 35 tur sudsidiyalardan 19 turdagisini olish, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanishni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi. Subsidiyalar qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, uzum plantatsiyalari yaratish va intensiv bog‘larni yaratish, naslchilikni yaxshilash bo‘yicha chorvachilikni rivojlantirish kabilar uchun davlat tomonidan ajratiladi. "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash" yagona axborot tizimi fermerlarga subsidiyalar olish uchun masofadan arizalarni yuborish va subsidiyalar berilishi hamda muvofiqlashtirilishini kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu tizim yordamida qishloq xo‘jaligi va agrosanoatni yo‘nalishlar bo‘yicha subsidiyalash bo‘yicha kelgusi yil uchun subsidiyalar ajratishning manzilli ro‘yxati (prognoz) shakllantiriladi.

Import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi hisobi

Import qilingan qishloq xo‘jaligi texnologiyasini hisobga olish uchun maxsus axborot tizimi ishlab chiqilmoqda, u import qiluvchilar va xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaruvchilarga import qilinayotgan yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sinovini o‘tkazish yoki sertifikatlash uchun onlayn tarzda ariza yuborish imkonini beradi. Arizalarni ko‘rib chiqish jarayonida inson omili minimallashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Tizim ishga tushirilganidan so‘ng arizalarni ko‘rib chiqish va shartnoma tuzish muddati 50% ga qisqaradi, qog‘ozli hujjat almashinuvi elektron hujjatlar almashinuvi bilan almashtiriladi.

Yiliga qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasining 40 ga yaqin turi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan agregatlar sinovdan o‘tkaziladi.

"Marketplace" elektron agrosanoat savdo portali

2022 yilda elektron agrosanoat savdo portali – “Marketplace" ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Fermerlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, yirik klasterlar, agrologistika markazlari, qayta ishlovchilar, mayda va yirik savdo tarmoqlari savdo portali foydalanuvchilariga aylanishadi. “Marketplace”, ayniqsa, moliyaviy xizmatlar kam bo‘lgan aholi punktlarida yashovchilar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning mobilligi kam bo‘lgan toifalari uchun dolzarb bo‘ladi. Kelgusida ushbu platforma orqali eksport shartnomalarini tuzish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish mumkin bo‘ladi.

“Rubicon” suv resurslarini boshqarish tizimi

Avstraliyalik hamkorlar bilan birgalikda 2022-yil boshida Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor Qamashi kanali misolida suv resurslarini avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi. Loyiha doirasida simsiz texnologiyalardan foydalangan holda masofadan boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan 26 ta shlyuz o‘rnatiladi.

ASM yagona integratsiya platformasi

Markazning navbatdagi, asosiy loyihasi – bu ASM (agrosanoatni raqamlashtirish platformasi) yagona integratsiya platformasidir, unda 40 dan ziyod vazirlik va idoralar biznes jarayonlari birlashtiriladi. ASM agrar sohada "yagona darcha" tamoyili bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi, ya’ni fermerlar o‘z faoliyati uchun kerakli bo‘lgan xizmat yoki ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ayni paytda "ASM yagona integratsiya platformasi"ni ishlab chiqish ishlari davom etmoqda, sinov tariqasida ish boshlashi esa 2023-yil oxiriga rejalashtirilgan.

TDAUda " Smart Campus"

"Smart Campus" loyihasi zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ta’limning yangi zamonaviy uslublari yordamida uning sifatini oshirishga qaratilgan. 

Ushbu loyiha foydali ma’lumotlarni yaratishga, talabalarning reytingi va portfoliosi asosida ularning bilimlari haqida ma’lumotlar bazasini tuzishga yordam beradi. Tizim, shuningdek, universitet o‘quv jarayoniga bir qator o‘zgarishlarni kiritadi. “Smart Campus” loyihasi ma’lumotlardan (bilimlardan) tezkor foydalanish imkoniyatini beradi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Smart Campus” maqsadlari:

  • interaktiv muhitda o‘qish imkonini yaratish,
  • har bir talaba uchun individual yondashuv va sharoitlar,
  • universitet resurslari, boshqa xorijiy universitetlarning resurslaridan oson foydalanish imkonini yaratish va boshqalar.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy veb-saytining yangi tasnifi

Ushbu veb-sayt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.06.2021 yildagi "Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ushbu veb-sayt agro-maslahatlar uchun tezkor va yengil chat-botni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, fermerlar uchun agromaslahatlar, Agroklinika xizmati, qonunchilik bazasi hamda imtiyozlar va subsidiyalar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.

Veb-sayt o‘simlikshunoslik, urug‘chilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi, chorvachilik singari qishloq xo‘jaligining barcha sohalari bo‘yicha keng ma’lumotlarni taqdim etadi. Saytda har kim o‘ziga foydali ma’lumotlarni topishi mumkin. O‘z biznesini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan fermerlar xalqaro grantlar haqida, shuningdek, ASM sohasiga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar, investitsiya loyihalari hamda investorlar uchun imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin.

Mavzuga oid