Australian Close: Jokovichning Avstraliyadagi sarguzashtlari
Vaksina olmagani uchun Avstraliyaga kiritilmayotgan Novak Jokovichni butun dunyo sport jamoatchiligi qo‘llamoqda. Ammo Avstraliya hukumatining ham o‘ziga yarasha haqiqatlari bor.
Hammasi nimadan boshlangandi?
17 yanvar kuni Avstraliyada tennis bo‘yicha yilning ilk «katta dubulg‘a» toifasidagi musobaqasi boshlanadi. Musobaqaning amaldagi g‘olibi bo‘lmish dunyoning birinchi raketkasi Novak Jokovich 5 yanvar kuni Avstraliyaga boradi. Tabiiyki, qo‘lida Avstraliyaga kirishga ruxsat beradigan viza bilan. Ammo Novak koronavirusga qarshi vaksina olmagani sabab mamlakatga kiritilmaydi. Chunki Avstraliya qonunchiligiga ko‘ra, emlanmaganlar kim bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakatga kiritilmaydi. Hatto tennis qiroli uchun ham istisno qilinmadi.
Keyin Jokovich emlanish mumkin emasligi haqida tibbiy guvohnoma taqdim etadi. Ammo hujjatlar to‘liq emas, degan iddao bilan uni mamlakatga kiritishmaydi. Chunki Jokovich nega emlanishi mumkin emasligi haqida tibbiy xulosa yo‘q edi. Shu tariqa Jokovichning vizasi bekor qilindi. Xullas, «dokument chatoq»ligi uchun dunyoning birinchi raketkasi atrofida jiddiy mojaro boshlandi. Avstraliya hukumati qaroriga qarshi apellyatsiya berdi, ishni ko‘rib chiqquncha uni karantinga olishdi. Sud Avstraliya chegarachilarining Jokovichni mamlakatga kiritmaslik bo‘yicha qarorini bekor qildi.
Sudda yutgach, Serbiyalik tennischiga Avstraliya vizasi qaytib berildi. Ammo sportchi Avstraliya ochiq chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin bo‘lib turgan bir vaqtda uning vizasi ikkinchi marta bekor qilindi. Bu gal yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun. Gap shundaki, hujjatlarda Jokovich Avstraliyaga kelganidan avval 14 kun davomida bir yerda bo‘lganini ko‘rsatgan. Ammo Monakado istiqomat qiluvchi tennischi bu orada Serbiya va Ispaniyada bo‘lgan. Serbiyada o‘zining surati tushirilgan pochta markasi taqdimotida ishtirok etganini aytgan tennischi hujjatlarni to‘ldirishda xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidladi.
«Agentim Avstraliyaga kelishimdan avvalgi manzillarimni xato ko‘rsatgan. U qilgan xatosidan qattiq afsusda. Ishoning, bu inson faktori bilan bog‘liq xato», dedi Jokovich bu haqda.
14 dekabr kuni Jokovich Belgraddagi basketbol matchida ishtirok etgan. O‘sha o‘yinda ishtirok etganlarning ko‘pchiligida koronavirus aniqlangan. 16 dekabr kuni Jokovichda koronavirus aniqlanadi. O‘zining aytishicha, topshirgan PZR-testi musbat chiqqanini bilmagan holda Belgraddagi ommaviy marosimda qatnashgan. O‘zining surati tushirilgan pochta markasi taqdimotida Jokovich niqobsiz bo‘lgan, odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishgan, zalda bolalar ham bo‘lgan.
Jokovich test natijasini bilmaganini aytmoqda, ammo OAVga ko‘ra, laboratoriyada test javobi 16 dekabr kuni 20:20 da chiqqan. Tennischining aytishicha, o‘zida virus aniqlanganini bilgan holda faqat bitta uchrashuvda ishtirok etgan: L'Equpie nashriga intervyu bergan. Ammo jurnalistni virus tashuvchi ekanidan xabardor qilganmi yo‘qmi, aniq emas.
Tennischining aytishicha, jurnalistga bergan va’dasini buzishni istamagan va faqat fotosessiya vaqtida maskasini yechgan. Jokovich shundan keyingi barcha uchrashuvlarni bekor qilganini aytdi.
Hamma Jokovich tomonda
Ushbu mojaro paydo bo‘lganidan buyon barcha Novak Jokovichning tarafini ola boshladi. Avstraliya hukumatini piarda va nohaqlikda ham ayblashdi. Faqat chetdagilar emas, Avstraliyaning o‘zida ham hukumatni bu ishi uchun qoralaganlar bo‘ldi. Avstraliya sobiq bosh vaziri Kevin Radd bu haqda shunday dedi: «Qanday syurpriz! Morrison hukumati yangiliklar olamida sarlavhalarni egallash uchun Jokovichning vizasini bekor qilibdi. Boshida unga qanaqasiga viza berildi bo‘lmasa? Buning barchasi mamlakatda ekspress-testlar va koronavirusga qarshi boshqa testlar yetishmayotgani, dorixonalardagi bo‘sh rastalar uchun qilinayotgan tanqidlardan odamlarni chalg‘itish uchun qilinyapti».
Hukumatning ham xavotirlari bor: ular antivakserlar jonlanishidan qo‘rqmoqda
O‘z navbatida Avstraliya hukumatining ham o‘z haqiqatlari bor. Birinchidan, ular noqonuniy harakat qilishmagan, chegara nazorati mamlakat qonunchiligiga asosan harakat qilgan. Hatto Australian Open tashkiliy qo‘mitasi Jokovich uchun emlanmagan bo‘lsa ham, istisno tariqasida kirishga ruxsat berish uchun so‘rov yubordi. Ammo hukumat Jokovich juda mashhur inson ekanini inobatga olib, ishni hijjalab tekshirmoqda. Avstraliya hukumati va xususan, bosh vazirning asosiy xavotiri quyidagicha: Avstraliyaga vaksina olmagan odamlar kiritilmasligi belgilab qo‘yilgan, Jokovich esa emlanmagan. Agar unga mamlakatga kirishga ruxsat berishsa, avstraliyaliklar orasida vaksina olishga qarshi namoyishlar jonlanib, antivakserlar ko‘zg‘alishi mumkin. Nima, serbiyalik tennischiga vaksinasiz yurish mumkin-u, bizga mumkin emasmi, degan iddao ilgari surilishi mumkin ular tomonidan.
Shu sabab hukumat piar qilyapti, deyish asossiz. Asosiy maqsad Avstraliyadagi sanitar holatni izdan chiqarmaslik. Avstraliya bosh vaziri Jokovichga murojaat qilib, nega vaksina olishi mumkin emasligi haqida tibbiy xulosa taqdim etishini so‘radi, lekin sportchi hozirgacha bunday hujjat taqdim etmadi va aftidan faqat qaysarligi uchun vaksina olmayapti.
Hali imkon bor
Bugun, 14 yanvar kuni Jokovichning yuristlari navbatdagi marta vizani qaytib olishga harakat qilib ko‘rishadi. Ayni damda ular uchun har bir daqiqa g‘animat, chunki 17 yanvar kuni musobaqa boshlanadi. Hozirda holat mujmal bo‘lib turibdi va Jokovich vizasi masalasi yakshanba kuni hal bo‘lishi haqiqatga yaqin. Ayni damda Jokovich masala hal bo‘lgunga qadar qayerda bo‘lishi ham aniq emas: oldin karantinda bo‘lgan mehmonxonadami yoki boshqa yerda. Katta ehtimol Jokovich Avstraliyada bo‘ladi va uning ishi yakshanba kuni ko‘riladi. Biroq buncha vaqt mashg‘ulotlarsiz Jokovich o‘zi qirolga aylangan musobaqada yaxshi ishtirok etishi qiyin. Bu esa dunyoning ikkinchi va uchinchi raketkasi Daniil Medvedev hamda Aleksandr Zverevning foydasiga ishlaydi...
Mavzuga oid
11:55
Avstraliyada maktab bitiruvchilariga atom suvosti kemasidan ish taklif qilinmoqda
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
18:11 / 11.12.2024
Avstraliyadagi laboratoriyada o‘limga olib keluvchi viruslar solingan yuzlab flakonlar yo‘qoldi
00:26 / 11.12.2024