Iqtisodiyot | 19:54 / 18.01.2022
20460
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ko‘paydi

O‘zbekistonning «xavfsizlik yostiqchasi» hajmi 35,13 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Foto: Bloomberg

Markaziy bank 2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

1 yanvar holatida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,13 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2021 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, 34,74 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari qariyb 400 mln dollarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

Dekabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 11,4 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyaga (taxminan 6,22 tonna), uning qiymati esa 20,44 milliard dollardan 20,94 milliard dollarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 unsiya 31,1 grammga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 13,19 mlrd dollardan 13,07 mlrd dollarga yoki 120 mln dollarga kamaygan.

2021 yildagi umumiy holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 230 mln dollarga ko‘paygan (2021 yilning 1 yanvar holatida 34,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1 yanvar holatida 35,13 mlrd dollar).

Zaxiralar, shu bilan birga, mamlakatning «xavfsizlik yostiqchasi» ham hisoblanadi - ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Hozirda O‘zbekiston 15 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiraga ega. Bu xalqaro tashkilotlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tavsiya etilgan 3 oylik importni moliyalashtirish darajasidan sezilarli miqdorda ko‘p.

Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shakldagi monetar oltindan iborat.

Mavzuga oid