O‘zbekiston | 18:49 / 19.01.2022
6978
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: G‘allaorollik fermerning arpa ekini saqlab qolindi

Foto: KUN.UZ

Joriy yil 17 yanvar kuni Kun.uz’da G‘allaorol tumani qishloq xo‘jaligi mutasaddilari fermer A.Haydarovning dalasidagi arpa ekini buzib tashlanishini talab qilayotgani haqida tanqidiy maqola e’lon qilingandi. Senat axborot xizmatining xabar berishicha, fermerning arpasi buzilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi G‘allaoroldagi fermerning muammosini nazoratga olib, holatni joyiga chiqqan holda o‘rgangan.

Natijada “Yong‘oqzor ne’mati” fermer xo‘jaligi rahbari A.Haydarov tomonidan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 9 gektar sug‘oriladigan yer maydoni yong‘oq ko‘chatlari ekish uchun ajratilgani ma’lum bo‘lgan.

Biroq  fermer xo‘jaligi tomonidan yong‘oq ekish uchun ajratilgan yerning 3 gektariga arpa ekilgan. Shunday bo‘lsa-da, fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilayotgan arpa hosili pishib yetilgunga qadar saqlab qolinadigan bo‘lgan. Mas’ullar A.Haydarovga ekin maydonidan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.

Shuningdek, holat yuzasidan G‘allaorol tumani hokimligi axborot xizmati ham o‘z munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, fermer A.Haydarov 9 gektar sug‘oriladigan yerga yong‘oq ko‘chatlari ekish o‘rniga 3 gektar yerga arpa ekini ekkan. Bu borada tegishli tartibda dalolatnoma imzolanib, fermer xo‘jaligi rahbariga g‘alla ekini o‘rniga sabzavot, ertangi kartoshka ekib, ko‘proq daromad olish mumkinligi to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan.

«Shuningdek, “Yong‘oqzor ne’mati” fermer xo‘jaligi rahbari A.Haydarov fermer xo‘jaligi hisobidagi yer maydonlaridan xo‘jasizlarcha foydalanganligi uchun ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishlik bo‘yicha ogohlantirildi. Hozirgi kunda 3 gektar yerdagi arpa ekinining rivoji yaxshi bo‘lgani, fermer xo‘jaligi moddiy ahvolining yaxshilanishini e’tiborga olib, arpa hosili iyun oyida o‘rib olingandan so‘ng, takroriy ekin sifatida kartoshka ekish va bu orqali qo‘shimcha daromad olishi xaqida tavsiya va tushuntirishlar berildi», deyiladi munosabatda.

Ma’lumot uchun, fermer A.Haydarov Kun.uz muxbiriga o‘ziga tegishli yerning uch gektariga g‘alla o‘rniga arpa ekkanining bir qator sabablari borligini aytgan. Jumladan, arpaning tez pishib yetilishi va ularni qaramog‘idagi zotdor qoramollarga ozuqa o‘rnida berishi, shuningdek, kam suv quyilsa ham o‘sib yetilaverishi tufayli u  arpa ekkanini bildirgan.

Mavzuga oid