O‘zbekiston | 17:56 / 20.01.2022
3476
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’ning ikki jurnalisti Ekoqo‘mita jamoatchilik kengashi tarkibiga kirdi

Ekologiya qo‘mitasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitaning yangi saylangan raisi Narzulla Oblomurodov qo‘mita qoshida jamoatchilik kengashi tuzilishi munosabati bilan kengashga a’zo bo‘lish uchun taklif qilinganlar bilan muloqot o‘tkazdi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

“Jamoatchilik kengashi avval ham bo‘lgan, lekin nizomga muvofiq bu kengash tarkibi har ikki yilda ko‘rib chiqilishi va lozim bo‘lsa yangilanishi kerak. Ammo 3 yil bo‘ldiki, kengash eski tarkibda faoliyat ko‘rsatayotgan edi. Bugun tarkibni yangilash, unga faol, ekologiya va tabiatni sevadigan, ushbu yo‘nalishda haqiqatan ham amaliy ishlar qilayotgan turli soha vakillaridan iborat yangi kengash tuzishni maqsad qildik. Kengashga yoshi, jinsi, millati, faoliyat turidan qat’i nazar, istalgan odam a’zo bo‘lishi mumkin, faqat bitta kriteriy qo‘yiladi: sohani tushunish va faollik”, dedi qo‘mita raisi.

Yangi tarkibdagi kengash a’zolari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolar va ularni bartaraf etish borasida fikrlashdilar, takliflar bildirdilar. Kengashni muvofiqlashtirish uchun telegramda a’zolardan iborat guruh tuzish, imkon qadar tez-tez yig‘ilib, yuzma-yuz fikrlashish, mavjud muammolarga e’tibor qaratib, tezkor hal qilishda ko‘maklashish kabi maqsad va vazifalar belgilandi.

2021 yilda qo‘mita tomonidan ekologiya sohasini eng ko‘p yoritgan deb topilgan Kun.uz saytidan ham ikki nafar jurnalist kengash a’zoligiga qabul qilindi. Endilikda Bobur Akmalov va Ilyos Safarov ushbu yo‘nalishda Ekoqo‘mita bilan yanada yaqin hamkorlik qiladi.

Shuningdek, kengashdan deputatlar Rasul Kusherboyev va Kamol Jumaniyozov, biolog va zoolog olimlar, vazirlik va idoralar, OO‘Yu, NTT, biznes, bank va boshqa soha vakillari o‘rin oldi.

Mavzuga oid