Armaniston prezidenti kutilmaganda iste’foga chiqdi. U Pashinyan bilan ziddiyatda edi
Armaniston prezidenti, amalda davlatni boshqaruvchi bosh vazir Nikol Pashinyan bilan tez-tez ziddiyatga boruvchi Armen Sarkisyan o‘z iste’fosi haqida e’lon qildi.
O‘z saytida e’lon qilingan bayonotida Armen Sarkisyan qarorini o‘zida siyosatga ta’sir ko‘rsatish uchun konstitutsion imkoniyatlar yo‘qligi, shuningdek unga turli siyosiy kuchlar tomonidan hujumlar bo‘layotgani bilan izohlagan.
«4 yillik faoliyatimdan keyin Armaniston prezidenti lavozimidan ketishga qaror qildim. Bu hissiyot bilan emas, uzoq o‘ylab chiqarilgan qaror.
Xalq va mamlakat uchun murakkab kechayotgan hozirgi sharoitda prezident ichki va tashqi siyosatdagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish vositasiga ega emas. Mamlakat uchun murakkab bo‘lgan zamonda, bizga birdamlik har qachongidan zarur bo‘lgan pallalarda prezidentlik instituti jamoatchilik e’tiborini eng muhim muammolardan chalg‘itgan holda g‘iybat va fitna nazariyasi nishoniga aylanib qolmasligi kerak.
Bugun har qachongidan ham mazmunli, teran o‘ylangan, mutanosib va mazmunli harakatlar zarur. Aks holda, biz, butun dunyo armanlari, o‘z missiyamizning maqsadlariga erisha olmaymiz va tarixning bir chekkasida qolib ketamiz. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q», deyiladi bayonotda.
Arman siyosatidagi hozirgi vaziyatni Sarkisyan milliy inqiroz deb atagan va konstitutsion vakolatlari yo‘qligi tufayli hech narsaga ta’sir ko‘rsata olmasligini aytgan.
«Respublikada paradoksal vaziyat yuzaga keldi, prezident davlatchilikning kafolati bo‘lishi lozim, ammo aslida u hech qanday vositaga ega emas. Konstitutsiya, shuningdek, bir institutning boshqasidan ustunligini nazarda tutadi, taniqli diaspora mutaxassislarining tarixiy vatanning davlat institutlarini boshqarishda ishtirok etishi uchun to‘siqlar yaratadi va hokazo», deya shikoyat qiladi Sarkisyan.
Uning aytishicha, u davlat rahbari lavozimini egallash taklifini qabul qilgan paytda «yangi prezident instituti tashqi siyosat, iqtisodiy, sarmoyaviy siyosatga ta’sir qilish vositalariga, diaspora bilan aloqalar, shuningdek, xalqaro maydonda milliy manfaatlarni ilgari surish, yangi ilmiy va ta’lim muhitini, yuqori texnologiyali muhitni yaratish imkoniyatlariga ega bo‘ladi, deb o‘ylagan.
Armen Sarkisyan 2018 yildan buyon prezidentlik qilib kelayotgandi, o‘shanda 2015 yilgi konstitutsiyaviy islohotlardan keyin Armaniston prezidentlik respublikasidan parlamentar boshqaruv shakliga o‘tgan va unda lavozimga kirishgan vaqtidayoq siyosatga ta’sir ko‘rsatish vakolatlari yo‘q edi: amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra prezident faqat vakillik vakolatiga ega va parlament tomonidan yetti yilga saylanadi.
Sarkisyan 1996-1997 yillarda Armaniston hukumatini boshqargan, uning nomzodi o‘sha paytdagi hukmron Armaniston partiyasi fraksiyalari va uning koalitsiyadagi hamkori — so‘l millatchi «Dashnaksutyun» partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan.
Arman politologi, Kavkaz instituti rahbari Aleksandr Iskandaryan Sarkisyanning ketishi kutilgani, lekin u aynan hozir iste’fo bergani tushunarsiz holat ekanini aytadi.
«Uning hukmron elita bilan munosabatlari avvalboshdan ziddiyatli edi [...] U inqilobdan oldingi elitaning so‘nggi vakili edi, ya’ni u bu lavozimga inqilob tufayli o‘tirmagan», deydi Iskandaryan BBC bilan suhbatda.
2018 yilda, Sarkisyan prezidentlik lavozimiga saylanishidan hech qancha vaqt o‘tmasdan, Armanistonda ommaviy namoyishlar boshlanib, hozirgi bosh vazir Nikol Pashinyan hokimiyatga keladi. U tarafdorlari bilan sobiq prezident, konstitutsion islohotdan keyin bosh vazir bo‘lib olgan Serj Sargsyanni ag‘daradi, aynan Serj Sargsyan prezidentlikka Armen Sarkisyan nomzodini ilgari surgandi.
Keyinchalik Sarkisyan va Pashinyan o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keldi.
Armanistonda Pashinyan yangi konstitutsion islohot tayyorlamoqda va yanvar oyi boshida Armen Sarkisyan jurnalistlar bilan suhbatda bu islohot amalga oshirilishiga xalal bermaslik maqsadida darhol iste’foga chiqishga tayyorligini aytgandi.
Sarkisyanning iste’fosi sabab navbatdan tashqari saylov fevral oyida o‘tkazilishi mumkin.
Mavzuga oid
09:23 / 05.12.2024
Pashinyan: Armaniston KXShT bilan munosabatlarda hal qiluvchi nuqtadan o‘tdi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
21:21 / 14.11.2024
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyasini eng katta muammo va fojia deb atadi
14:26 / 13.11.2024