O‘zbekiston | 12:38 / 25.01.2022
14635
2 daqiqa o‘qiladi

Svet o‘chishi operatsiyalar jarayoniga xavf tug‘dirmaydi – SSV

25 yanvar kuni Toshkent shahrining aksariyat hududlari elektr energiyasi ta’minotisiz qoldi. Ayni paytda hali ta’minot tiklangani yo‘q. 

Foto: Kun.uz

Kun.uz poytaxtda yirik tibbiy markazlar faoliyat yuritishi va ularda uzluksiz operatsiyalar o‘tkazilishini hisobga olib, bemorlar hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi masalasida vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayevdan izoh oldi.

«Xavotirga o‘rin yo‘q. Barcha operatsion bloklar zamonaviy tarzda jihozlangan va qo‘shimcha ta’minot generatorlariga ulangan. Bir manbadan uzilish darhol ikkinchisi ulanishiga sabab bo‘ladi.

Albatta, yordamchi dizel generatorlar bilan uzoq vaqt ishlab turish qiyin. Lekin tez orada umumiy ta’minot tiklanishiga umid qilamiz. Keyingi jarrohlik amaliyotlari shunga qarab rejalashtiriladi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan tezkor chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Tibbiy maskanlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi», – dedi Furqat Sanayev.

Ayni paytda ta’minot tiklanmagan, chorrahalarda tirbandliklar saqlanib turibdi, suv ta’minotida ham uzilishlar kuzatilyapti. Toshkent aeroporti reyslar qabul qilishni to‘xtatgan.

O‘zbekiston energetika vazirligi ushbu holatga Qozog‘istondagi energotizimda ro‘y bergan avariyani sabab qilib keltirgan.

Mavzuga oid