Jamiyat | 21:18 / 27.01.2022
41326
6 daqiqa o‘qiladi

4 kunlik ish haftasi reallikka aylanishi mumkinmi?

Hozir ko‘pchiligimiz haftasiga 4 kungina ishlab, 3 kun dam olish mumkinligini tasavvur ham qila olmaymiz. Lekin bundan bir asr oldin ham odamlar 5 kun ishlab, 2 kun dam olish mumkinligiga ishonishmasdi.

Foto: Dreamstime

Insoniyat doimiy ravishda ish unumdorligini oshirish, parallel ravishda dam olish kunlarini ko‘paytirish uchun harakat qilib keladi. Avval bir kunlik, keyin ikki kunlik dam olish joriy etilgan bo‘lsa, allaqachon 4 kunlik ish haftasi ustida ham eksperimentlar o‘tkazila boshlandi.

Masalan, 2018 yilda Yangi Zelandiyaning Perpetual Guardian kompaniyasida xodimlar ish haqi kamaytirilmagan holda besh kun o‘rniga to‘rt kun ishlashgan va natija a’lo bo‘lgan: xodimlarda hayotdan umumiy qoniqish yanada o‘sgan. Bandlik hissi pasayib, zo‘riqish darajasi 45 foizdan 38 foizga tushgan.

2019 yilda Microsoft korporatsiyasining Yaponiyadagi filiali xodimlariga bir oy davomida juma kunlari ishlamaslikka imkon berganidan so‘ng to‘rt kunlik ish haftasi kompaniyaning ish unumdorligini oshiradi, degan xulosaga kelgan.

Oxirgi paytlarda esa davlatlar miqyosida 4 kunlik ish haftasiga o‘tish ustida ishlanyapti. Oxirgi paytlarda Ispaniya, Belgiya va AQShda ish vaqtini qisqartirish bo‘yicha rejalar amalga oshirilayotgani e’lon qilindi.

4 kunlik ish haftasi nima degani?

Bunda ish soati o‘rtacha 40 soatlik me’yordan 32 soatga tushiriladi. Lekin bu xodimga to‘lanadigan maosh va ishxonaning umumiy foydasi pasayishiga xizmat qilmaydigan qilib amalga oshirilishi kerak. 4 kunlik ish haftasi bo‘yicha qilingan tahlillar xodimlar ko‘proq soat ishlashi qaytaga ularning samaradorligi tushib ketishiga sabab bo‘lishini aniqlamoqda.

Xodimlarga 3 kunlik dam olish jumadan yakshanbagacha berilishi mumkin yoki ish sharoitiga qarab haftaning istalgan bir kunida ta’til berilishini amalga oshirish mumkin.

Ish haftasi qisqarishi: tarixga nazar

Ish haftasini qisqartirish harakatlari o‘ziga xos tarixga ega.

Sanoat inqilobi davrida ham xodimlar kuniga 10 soatdan ko‘p ishlar, kam dam olar edi. Mana shunday vaziyatda birinchi bo‘lib 1926 yilda Amerikada Ford Motor kompaniyasi asoschisi Henri Ford o‘z xodimlari uchun 40 soatlik ish haftasini tatbiq etdi va ish soatining qisqarishi maosh kamayishiga ta’sir etmasligini ma’lum qildi.

1930 yilda britaniyalik iqtisodchi Jon Meynard Keyns odamlar 100 yildan keyin (2030 yilga borib) haftasiga 15 soatcha ishlashlari mumkinligini prognoz qilgan edi.

4 kunlik ish haftasining foydasi

Shveytsariyada joylashgan inson resurslari bo‘yicha ixtisoslashgan kompaniya Adecco Group e’lon qilgan tahlilga ko‘ra, 4 kunlik ish haftasining ijobiy tomonlari ham, salbiy tomonlari ham bor.

Xodim kamroq chalg‘iydi: 2018 yilda 4 kunlik ish haftasini eksperimentdan o‘tkazgan Yangi Zelandiyaning Perpetual Guardian kompaniyasining rahbari Andryu Barnsning ma’lum qilishicha, xodimlar kamroq muddat ishda bo‘lsa ham, ishga aloqador bo‘lmagan veb saytlarga 35 foiz kamroq kirishgan. Sababi xodimlarning ishdan tashqaridagi hayoti va xo‘jalik ishlarini tartibga solishi uchun ko‘proq vaqtlari bo‘lgan, natijada ular ish kuni o‘z muammolari haqida o‘ylashlari odatdagidan sezilarli kamaygan.

Ko‘p ishlashning o‘zi ish samaradorligini ifodalamaydi: Microsoft korporatsiyasining Yaponiyadagi filiali ham o‘z xodimlari uchun 4 kunlik ish haftasini joriy qilib ko‘radi va natijada, ish unumdorligi 40 foizga oshadi.

Aqliy va ruhan tetiklik. Kamroq ishda bo‘lish va ko‘proq oilasi uchun vaqt ajratish farzandlari bor xodimlarga hayotini balansda ushlashga ko‘proq yordam beradi. Yoshi katta ota-onalari bor xodimlar ham yaqinlariga ko‘proq yordam beradi.

Karbonat angidrid iste’moli kamayadi. AQShda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar dam olish kunlari boshqa kunlarga qaraganda transportda 17 foiz kamroq harakatlanishadi. Bu degani ish haftasi qisqarsa, havoga chiqadigan emissiyalar ham qisqaradi.

4 kunlik ish haftasining minuslari

Xarajatlar. Ish beruvchilar xodimlarni kamroq ishlatib bir xil maosh to‘lashidagi xarajatlar ularni bu fikrdan qaytarishi mumkin. Masalan, AQShda ish beruvchilar xodimlarining pensiya va sug‘urta xarajatlarini ham qoplab beradi. Shu sabab ham ish beruvchilar ish soatini qisqartirishga ikkilanishi mumkin.

Tengsizlik. 4 kunlik ish haftasi ofislarda tengsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Sababi, odatda, xodimning sarflagan vaqtiga qarab pul to‘lanadi. Malakali ishchining kamroq ishlashi va endi ish o‘rganayotganlarning ko‘proq ishlashi ular o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Barcha sohalar ham 4 soatlik ish haftasiga erisha olmasligi mumkin. Masalan, xizmat ko‘rsatish sohasida 4 kunlik ish rejimida barcha ishlarni hal qilish imkoni bo‘lmaydi. 24/7 rejimida ishlash uchun ko‘proq ish soati talab qilinishi mumkin.

Jamoani boshqarish qiyinchiligi. Ayniqsa, 24/7 soat rejimida ishlaydigan jamoalarda 4 kunlik ish haftasi joriy etilsa, xodimlar turli grafiklarda ishlashiga to‘g‘ri kelishi va shu sabab ularni boshqarishda qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin.

Kelajak o‘zgarishi mumkinmi?

Pandemiya ish beruvchilarga xodimlar masofadan yoki gibrid ishlashi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Ya’ni odamlar masofadan ishlashni ham yangi norma sifatida qabul qilishdi. 32 soatlik ish haftasi ham borib-borib yangi normaga aylana olishi mumkin.

Axir bundan bir asr oldin odamlar hatto 5 kunlik ish haftasini tasavvur qila olmasdi, lekin hozir bu biz uchun odatiy hol. Xuddi shunday: keyingi me’yor – 4 kunlik ish haftasi bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzuga oid