O‘zbekiston | 17:45 / 27.01.2022
27376
5 daqiqa o‘qiladi

DXX ishlab chiqqan “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqildi

Qonunchilik palatasi yalpi majlisida DXX raisi o‘rinbosari Ravshan Abdullaxonov qonunning maqsadi va zarurati haqida ma’ruza qildi.

Foto: KUN.UZ

Kecha, 26 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik  to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda onlayn qatnashgan Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Ravshan Abdullaxonovga ko‘ra, raqamli ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xavflarning ortib borishi, davlat va jamiyat manfaatlari hamda fuqarolarning shaxsiy huquqlariga tahdid solishi – global raqamli boshqaruv uchun yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

“Raqamli ma’lumotlar oqimi mamlakat ichida ham, tashqarisida ham hakerlik hujumlariga duchor bo‘lib kelmoqda. Respublikaning axborot xavfsizligi tizimi davlat xavfsizligi tizimining bir bo‘lagi hisoblanadi. Davlat sektorining axborot tuzilmalari va resurslarining barqaror ishlashi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari uchun bir qator potensial xavflar mavjud bo‘lib, ular jamiyat manfaatlari, jamiyat va fuqarolarning salomatligi, farovonligiga tahdid solishi mumkin”, – dedi u.

DXX mas’uli kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi bir qancha xavf va muammolarni sanab o‘tdi:

  • qonunchilikda axborot xavfsizligiga doir huquqiy normalar faqat qisman amalga oshirilgan;
  • davlat organlari va aloqa operatorlari o‘rtasida kiberhujumlarni kuzatish ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik tizimi mavjud emas;
  • davlat axborot kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari identifikatsiya qilinmagan va tasdiqlanmagan holda qolmoqda, bu O‘zbekiston uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin;
  • muhim axborot infratuzilmasi obektlarida axborot tizimlari va resurslarining xavfsizlik tizimlarining baholash usullari mavjud emas.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda Rossiya, Xitoy, AQSh, Qozog‘iston, Singapur, Ukraina, Gruziya kabi davlatlarning axborot xavfsizligi sohasidagi hujjatlari o‘rganilib, amaliyotga joriy qilinishi tahlil qilingan.

Ravshan Narimonovichga ko‘ra, qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘lib, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi, uning huquq va majburiyatlari;
  • davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablarni belgilash;
  • kompyuter hodisalariga javob berish – tahdidlarni aniqlash, hujumlar va ularning oqibatlarini aniqlash va oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish;
  • CeRT (kompyuter hodisalariga javob berish markaz)larning samarali ishlashini ta’minlash;
  • muhim axborot infratuzilmasi obektlarining ahamiyatliligi  darajasi bo‘yicha me’yoriy huquqiy bazani shakllantirish;
  • muhim axborot infratuzilmasi obektlari va sub’yektlari kiberxavfsizlikni ta’minlashiga doir talablar hamda huquq va majburiyatlari;
  • shuningdek, milliy kiberxavfsizlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish – mutaxassislar tayyorlash, dasturiy ta’minotlar yaratish nazarda tutilgan.

“Shuningdek, qonun loyihasining qabul qilinishi kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta’minlashga, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo‘q qilish, o‘zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning oldini olishga xizmat qiladi”, – dedi DXX raisining o‘rinbosari.

Garchi parlament quyi palatasi “Kiberxavfsizlik  to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi”, deya xabar qilgan bo‘lsa-da, jonli efirda ketgan majlisda birorta ham deputat qonun yuzasidan fikr bildirmaganini ko‘rish mumkin.

Faqat parlamentda ushbu qonun uchun mas’ul bo‘lgan Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev fikr bildirdi.

“Qonun loyihasi fraksiyalarda ko‘rib chiqilgan, konsepsiyasi bo‘yicha e’tirozlar tushmagan, qonun loyihasi kamchilikdan xoli emas, ularni ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik davomida bartaraf qilishga harakat qilamiz”, – dedi deputat.

Ilhom Abdullayev boshchiligidagi deputatlar avvalroq, O‘zbekistonda internet tarmoqlarining bloklanishiga oid bahsli qonun tezroq amalda ishlashini hukumat vakillaridan talab qilishgan edi. Keyinroq, Abdullayev prezidentning AKTga doir tashabbuslarini maqtab chiqqan.

Bundan tashqari, deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgan “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 3666-sonli prezident qaroriga zid ravishda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmagan bo‘lishi mumkin. Chunki muhokamalar portalida “Kiberxavfsizlik” so‘rovi bo‘yicha birorta loyiha chiqmadi.

Ma’lumot uchun, 3666-sonli qaroriga ko‘ra, 2018 yil 1 maydan boshlab barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan regulation.gov.uz'da jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.

Mavzuga oid