Jamiyat | 00:43 / 31.01.2022
102618
18 daqiqa o‘qiladi

Qizaloq va ayiq voqeasi: ayol nega bolasini yirtqich changaliga tashlagan?

Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kishi uch yoshli qizchasini ayiq qafasiga tashlab yuborgani aks etgan video internetni «portlatdi». Videoda bola ehtiyotsizlik oqibatida emas, chindan ham qasddan yirtqich hayvon saqlanadigan joyga tashlab yuborilgani, hayvonot bog‘ini aylanib yurgan odamlar ayolni bu ishdan qaytarishga uringani, ammo ular yordamga kech qolgani ko‘rinadi.

Dastlabki maqolamizda ayol bir necha yildan buyon ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi haqida aytgandik. Bola ayiq saqlanadigan volerga sovuqqonlik bilan tashlab yuborilgani, qolaversa, ayolning keyingi harakatlari ham uning ruhiyati joyida bo‘lmaganini ko‘rsatib turibdi.

Xo‘sh, ayolning ruhiyati shu darajada buzilishiga nimalar sabab bo‘lgan? Uning ruhiyatidagi muammolar qachon boshlangan? Ijtimoiy tarmoqlarda yozishayotganidek, u chindan ham farzandlariga mehrsizmi? Nima uchun qizchaning otasi voqea shu darajada shov-shuv bo‘lgan esa-da, haligacha shifoxonaga kelib farzandi holidan xabar olgani yo‘q?

3 yosh-u 3 oylik Zarina Ahadova, jabrlanuvchi Foto: KUN.UZ

Biz ana shu savollarga javob qidirib ko‘rdik. Onaning o‘z jigarbandini yirtqich hayvon qafasiga uloqtirganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, albatta. Biroq voqeaning ko‘pchilik e’tibor qilmagan tafsilotlari paydo bo‘ldi. Biz bularni imkon qadar o‘rgandik.

«Kuyovim qizimni ko‘p kaltaklardi»

Hayvonot bog‘idagi voqea ortidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayolning ismi Zilola To‘laganova. U 30 yoshda. Otasi Yo‘ldosh To‘laganov qizining oilasi bir necha yildan buyon notinch ekani, turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarida muammolar borligi sababli anchadan buyon ota uyida yashab kelishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha muammo qudasining o‘limidan keyin boshlangan:

Qizim oila qurganiga yetti yildan oshgan, ikki nafar farzandi bor. Katta nevaram Dadaxon 6 yoshni to‘ldirib, bu yil yettiga o‘tdi. Kichkina nevaram Zarina 3 yosh-u 3 oylik.

Qizim qaynotasi hayot bo‘lgan paytda ikki yil yaxshi yashadi. Qaynotasi olamdan o‘tganidan so‘ng turmushida muammolar paydo bo‘la boshladi. Erining «hunarlari» chiqdi, oilasida halovat yo‘qoldi. Kuyov qizimni tez-tez uyimizga jo‘natib yuborishni odat qildi.

Qaynotasi tirikligida qizim 2-3 oylab uyga kelmasdi. Nevaralarimizni chaqirganimizdayam zo‘rg‘a kelib-ketardi. Qaynotasining ma’rakalaridan so‘ng biznikiga keldi, oradan 4 kun o‘tsa ham uyiga ketavermagach, ko‘nglim nimadandir g‘ash bo‘lib ayolimdan tinchlikmikan deb so‘radim.

Ayolim magistraturasining yarim yillik kontrakt puli to‘lanmagan ekan, uyidagilari pul yo‘q deyishibdi, shunga siqilib o‘tiribdi deb aytdi. O‘g‘lim singlisiga 8 million so‘m bervordi, borib o‘qishining pulini to‘lab keldi. Shundan keyin tinchib ketarmikin degandik, aksi bo‘ldi.

Qizim shamollab qolsayam qaynonasi, eri biznikiga jo‘natvoraverdi. Kelinni odam o‘rnida ko‘rib davolatish degan narsa yo‘q. Xo‘p, dedik, sabr qildik. O‘zimiz davolatib uyiga qaytarvoramiz. Ko‘p o‘tmay yana qaytib kelib uzoq vaqt qolib ketadigan bo‘ldi.

Qudalarimiz Mevazordagi hovlisini sotishgach, Sergelidan kuyovimiz uchun yangi dom olishgan. Lekin uy kuyovning nomiga emas, onasining nomiga rasmiylashtirilgan. Yangi uyda ikki oycha yashashdi xolos. Keyin kuyov xotinini ko‘chaga quvib soldi.

Ayolim qudasiga, kuyovimga Xudoning zorini qildi. Qizimni uylaridan haydaganda mahalladagilar, «uchastkavoy»lar ham voqeaga guvoh bo‘lishgan, ular ham kuyovimizni bu ishdan qaytarishga harakat qilishgan. Hech kimning gapi kor qilmagan. Qizim ko‘chada qolgandan keyin borib ayolim uyimizga olib keldi. Shundan beri kuyov biror marta bolalaridan kelib xabar olgani yo‘q», dedi ayolning otasi.

«Qizim oliy ma’lumotli, ikkita diplomi bor»

Ota qizining oliy ma’lumotli ekani, ikkita diplomi borligini aytadi. Zilola To‘laganova Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan. Bakalavrda boshqa yo‘nalishda, magistratura bosqichida boshqa yo‘nalishda tahsil olgan. Ota Zilola kelin bo‘lib tushganidan so‘ng magistraturaga kontrakt asosida o‘qishga kirgani, shu payt qudasi kelinini qo‘llab-quvvatlaganini aytadi.

Qizim oliy ma’lumotli, ikkita diplomi bor. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan. Bakalavrda boshqa yo‘nalishda, magistratura bosqichida boshqa yo‘nalishda tahsil olgan.

Kelin bo‘lib tushgan paytda magistraturaga kontraktga o‘qishga kirib qoldi. Shartnoma pulini nima qilamiz, ada, deb mendan maslahat so‘raganda, sen endi o‘sha yoqning odamisan, qaynotangga aytgin. Ular istashsa seni o‘qitishadi. Bo‘lmasa o‘qishingni yig‘ishtirasan, ular nima desa shu bo‘ladi, deb aytgandim.

O‘qishga kirganini qaynotasiga aytgan ekan, u menga qo‘ng‘iroq qildi, kelinimni o‘zim o‘qitaman, bolalarimning hech biri o‘qimadi, katta kelinlarim ham o‘qimagan, ayolim ham oliy ma’lumotli emas, shu kelinimni o‘zim o‘qitaman, sizlardan hech narsa kerakmas, bu narsani o‘ylamanglar, dedi rahmatli va so‘zining ustidan chiqib, kontrakt pulini to‘lab qizimni o‘qitdi.

Magistraturani tugatadigan yili qaynotasi o‘tib qoldi. Shundan keyin oiladagi muhit izdan chiqib ketdi.

«Kuyov shuncha paytdan beri biznikida yashayotgan bolalaridan xabar olgani yo‘q»

Yo‘ldosh To‘laganovning aytishicha, qizi Zilola bundan buyog‘iga tinch hayot kechirish maqsadida eri bilan ajrashish uchun fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi. Ajablanarlisi shundaki, xotinini uydan quvib solgan er sudda ajrashish niyati yo‘qligi, aksincha, farzandlarini yetim qilishni istamasligini aytadi. Tabiiyki, bu gapi bilan u sudyani ishontirgan va ajrim amalga oshmagan. Sudya er-xotin ayni paytda birga yashamayotganini inobatga olib, otaga bolalarning ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini ham yuklatmagan.

Sudda kuyov ajrashmayman, bolalarimni yetim qilmayman, deb turib oldi. Yo‘qsa xotinini haydab yuborgan o‘zi, biz uning oilasini buzib, qizimizni olib kelganimiz yo‘q.

Ko‘pchilikning sevimli qahramoniga aylanib ulgurgan Zuzu laqabli ayiq Foto: KUN.UZ

Agar bolalarini o‘ylayotgan ekan, nega shu paytga biror marta ularning holidan kelib xabar olmadi? Mayli, narsa ko‘tarib kelmasin, o‘zi kelib ketsa bo‘ladi-ku?! Yashamoqchi bo‘lsa xotinini olib ketsa bo‘lardi-ku shu paytgacha. Shunchaki aliment to‘lashdan qochib vaqtni cho‘zib sudniyam o‘yin qilib yuribdi.

Sudya ham masalani uzil-kesil hal qilib bermadi. Kuyov bolalari uchun na aliment to‘layapti, na birga yashayapti va na ajrashyapti. Agar ajrim bo‘lganida, qizimiz bu holga tushib qolmasmidi. Allaqachon tengini topib uzatvorarmidik. Bolalarini o‘zimiz katta qilib olaverardik agar yangi joydagilari qabul qilmaganda ham.

«Eri pullarini olib qo‘yavergan, noutbukini ham sotib yuborgan»

Yaqinlarining aytishicha, Toshkent hayvonot bog‘ida ro‘y bergan voqeadan bir-bir necha kun oldin eri Zilolaga qo‘ng‘iroq qilib, ataylab ruhiyatiga ta’sir qiladigan gaplarni gapirgan. Otasi aynan telefondagi suhbatdan so‘ng ruhiyatida o‘zgarish bo‘lgan deb taxmin qilmoqda.

Oilasidagi kelishmovchiliklardan keyin qizim stressga tushib qolgani uchun uni davolatdik. Birinchi marta ikki yilcha oldin davolanib chiqdi. Eri urib-kaltaklar ekan, shuning ta’sirida shu dardga chalindi. Turmushga uzatganimizda soppa-sog‘ edi.

Oxirgi marta ikki oy oldin davolanib chiqqandi. Shifokorlar olti oyga yaqin qolganda yana kelasizlar deyishgandi. Bir yilda ikki marta davolanib turadi.

Eri bilan birga yashashganda u har kuni qizimning sumkasidan pullarini olib qo‘yarkan. Oyligi yaxshi edi, ikkita joyda ishlardi. Ham institutda dars berardi, ham nashriyotda kitoblarning muqovasini chizib berardi, ichki bezaklarini tayyorlardi, dizayner edi. Topgan pulini eri olib qo‘yavergan. Hatto asosiy ish quroli bo‘lgan noutbukiniyam ko‘chaga olib chiqib sotib yuborgan.

Davolangandan keyin darhol ishga chiqaman dedi. O‘tgan kuni bozorga tushib 8 million so‘mga o‘ziga noutbuk olib chiqdi. Yangi haftadan ishni boshlamoqchi edi. Uydanam ish qilaman degan rejalari bor edi.

Foto: KUN.UZ

Bu ishlar to‘satdan sodir bo‘ldi, o‘zimiz ham tushunmay qoldik. Dorixonaga chiqib kelaman deb ketgandi. Shifokorlar dorisini vaqtida ichib tursa, hammasi yaxshi bo‘lardi deb aytgandi. Menimcha, u dorilarini ichmay qo‘ygan. Uydan chiqib bog‘chaga borgan va doktorga oboraman deb ularni olib to‘g‘ri hayvonot bog‘iga olib ketibdi. Bu haqda na menga, na ayolimga aytgani yo‘q.

Shu voqeadan to‘rt kun oldin kuyov telefon qilib asabiga tekkan. Hozirgi holingdan battar qilaman deb aytgan. Jinni bo‘lib qolsang ham sen bilan ajrashmayman, uyda olib o‘tiraman deb aytgan. Bu gaplar unga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi.

Yo‘qsa qizim bolalarini juda yaxshi ko‘rardi. Ularga juda mehribon edi. Bo‘lgan ishlar biz uchun nihoyatda kutilmagan voqea bo‘ldi. Jahli chiqqanda, asabiylashganda yoki davolanish muddati yaqinlashganda ham hech qachon bolalariga qo‘l ko‘tarmagan, ularni urib kaltaklamagan. G‘azabini bizga sochishi mumkin edi, lekin bolalariga emas.

Kaltak boshimizda sinmasa bo‘ldi qabilidagi bayonot

Shov-shuvli voqea sodir bo‘lganidan so‘ng huquq-tartibot organlari ayolning katta farzandi – 6 yashar o‘g‘li Dadaxonni ham kelib olib ketishgan. Bola to tergov yakuniga qadar vasiylik organi qaramog‘ida bo‘lishi aytilmoqda. Ro‘y bergan voqea ham fojiadan o‘ziga kelib ulgurmagan Yo‘ldosh ota va yaqinlarini karaxt qilib qo‘ygan.

Zilola To‘laganova ota-onasi bilan 2021 yilning dekabrida Sergeli tumanining Fayzli mahallasiga ko‘chib kelishgan. Bungacha esa ota-onasi Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek qo‘rg‘onidagi ijara uyda yashashgan. «Fayzli» mahallasi raisi Saida Isayeva To‘laganovlarning mahallaga ko‘chib kelganiga bir yarim oy bo‘lgani, biroq Zilolaning ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turishini bilmagani, bu haqda mahallaga hech qanday ma’lumotnoma taqdim etilmaganini aytmoqda.

Holat bo‘yicha Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining bayonotida Zilola To‘laganova eri bilan Sergeli tumanidagi «Yangi Bunyodobod» mahallasida ijarada birga yashagani, mahalla raisi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor tomonidan oilani yarashtirish choralari ko‘rilgani ta’kidlanadi.

Boshqarmaning ishontirishicha, Zilola To‘laganova «Ayollar daftari»ga kiritilgan. Biroq uning yaqinlari, hamkasblari Kun.uz’ga bu yolg‘on ma’lumot ekanini aytishmoqda. Zilolani yaqindan tanigan insonlarning so‘zlariga ko‘ra, u uy-joy masalasida bir necha marta mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman hokimligiga murojaat qilgan. Lekin ushbu murojaatlaridan natija bo‘lmagan.Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bu bayonoti ko‘proq kaltakning bir uchi o‘zlarining boshiga kelib tushishi oldini olish, o‘zlariga gard yuqtirmaslikka urinishga o‘xshaydi.

Foto: KUN.UZ

Yo‘ldosh To‘laganov kuyovi qizini muttasil urib, kaltaklab kelganini aytadi. Zilolani yaqindan tanigan insonlar ham u eri turli yo‘llar bilan ruhan ezib, xo‘rlab, masxaralab kelganini aytib bergani haqida yozishmoqda. Biroq ayolga hech qanday himoya orderi berilmagan, mas’ullar oiladagi nizoni yuzaki o‘rganish bilangina kifoyalangan. Bularning barchasi mudhish jinoyat sodir bo‘lishiga olib kelgan.

Qolaversa, ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgan ayol nima uchun faqat yilda ikki bor davolanish bilan kifoyalangani, nega u bilan psixologlar muttasil ishlamagani, ruhiy xastaligi bor ayolni jamiyatga moslashtirish, ruhiyatidagi og‘riqlardan qutqarish choralari ko‘rilmagani qator savollarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, inqiroz yoqasidagi, tiklanishi dargumon bo‘lgan oila vakillari nega ajratib yuborilmagani, ishni ko‘rib chiqqan sudya nima uchun ayolning vajlariga quloq tutmagani, bu jarayonda vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lgan mahalla raislari, xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchilar tashabbusni qo‘lga olib, bor gapni ro‘yirost aytishmagani ham tizimda kamchiliklar borligini ko‘rsatmoqda.

Voqea tarixi

28 yanvar kuni soat taxminan 12:00lar atrofida noma’lum ayol kichkina qizchani Toshkent hayvonot bog‘ining Zuzu laqabli ayiq saqlanadigan voleriga tashlab yuboradi. Bu voqeani o‘tkinchilar ko‘rib qolib, hayvonot bog‘ining xavfsizlik bo‘limi xodimi Ergash Mamatovga xabar berishadi. U o‘z navbatida hayvonot bog‘ining Yirtqichlar bo‘limi mudiri Nodir Bahromovga telefon qilib, sodir bo‘lgan hodisa haqida axborot beradi.

Mas’ul xodimlarning zudlik bilan ko‘rgan chora-tadbirlari natijasida qizcha voler ichidagi hovuzga qulaganidan 2,5 daqiqa o‘tib Zuzu ichki qafasga kiritiladi va xodimlar boshqa eshikdan volerga kirib, qizchani olib chiqishadi.

Foto: KUN.UZ

Jabrlanuvchiga hayvonot bog‘i hamshirasi tomonidan birinchi yordam ko‘rsatiladi. So‘ngra u tez tibbiy yordam xizmati mashinasida shifoxonaga olib ketiladi.

Surishtiruvlar davomida jabrlanuvchi 3 yosh-u 3 oylik Zarina Ahadova ekani, qizchani volerga tashlab yuborgan ayol esa uning 30 yoshdagi onasi Zilola To‘laganova ekani oydinlashdi. Kun.uz o‘z manbalari orqali ayolning bir necha yildan buyon ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turishini aniqladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan o‘tkazilgan rentgenologik, tomografiya tekshiruvlaridan so‘ng bolaga ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi tashxislari qo‘yiladi. Shifoxonaga olib kelingan vaqtda 5 metr balandlikdan beton qoplamali beton yuzaga yiqilgan bolaning boshi yorilgan, shuningdek, yuz qismida ham jarohat borligi ma’lum bo‘ldi. Bir kun reanimatsiya bo‘limida muolaja olgan bola ertasi kuni Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limiga o‘tkaziladi. Mutaxassislarga ko‘ra, bolaning holati o‘rta og‘ir, hushi o‘zida.

Foto: KUN.UZ

Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi Otabek Bozorovga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ona ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Nodir Bahromovning aytishicha, 24 yil avval ochilgan Toshkent hayvonot bog‘ida bunday voqea shu paytgacha kuzatilmagan. Zuzu laqabli ayiq 2016 yilda tug‘ilgan, jinsi erkak. U bu yerga 2017 yilda Bokudagi hayvonot bog‘idan olib kelingan. Mutaxassis tabiatda erkak ayiq hatto o‘zining bolalari uchrab qolsa, ularni yeb qo‘yishi yoki o‘ldirishini aytib, Zuzu bolaga ziyon yetkazmagani Allohning marhamati ekanini ta’kidladi.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid