O‘zbekiston | 19:52 / 03.02.2022
5602
3 daqiqa o‘qiladi

Barcha shaxslarga o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berildi

Foto: rgcocpa.com

“Intellektual mulk obektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritildi. Sanoat mulki obektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi belgilandi.

Tegishli patentlangan sanoat mulki obektini o‘z ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi. Jarima summasi miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini to‘lashdan ozod etiladi.

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, barcha yuridik yoki jismoniy shaxs o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin, ilgari - tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslar.

Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi belgilandi.

Tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunda firma nomlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi mustahkamlandi.

Mavzuga oid