O‘zbekiston | 10:25 / 09.02.2022
20114
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon XTB: O‘qituvchilar uzr so‘ratilgan yig‘ilishni tuman hokimi o‘ylab topgan

Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkamilov maktablarda o‘qituvchilar uzr so‘ratilgan yig‘ilishni o‘tkazish tashabbusi Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshevning shaxsan tashabbusi ekanini ma’lum qildi.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkamilov Marhamat tumanida bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazilishi topshiriq berilgan, tuman hokimining shaxsan mazkur holat bo‘yicha o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilaman», degan u.

U viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida birorta umumta’lim maktabi direktorlariga va o‘qituvchilariga intizomiy chora ko‘rish yoki ularni kamsitish mumkin emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilib, ogohlantirilganini qayd etgan.

«Shuni aytib o‘tish joizki, viloyat hokimi o‘qituvchilarni e’zozlashi va doimiy ustozlarga ko‘mak berishini barcha andijonlik ziyolilar yaxshi biladi.

Bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin emasligi bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tuman hokimining o‘rinbosariga aytilgan va bu tashabbus mudir tomonidan berilmagan. Mazkur holat yuzasidan menga ma’lum bo‘lgach, men viloyat hokimining o‘rinbosariga va tuman hokimiga mazkur mazmundagi yig‘ilishlar viloyat hokimining va ustozlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lishini aytganimdan so‘ng yig‘ilishlar o‘tkazilishining oldi olindi.

O‘z vaqtida yuqoridagi holatlarning oldini olmaganim uchun va ustozlarni himoya qilmaganim uchun barchangizdan uzr so‘rayman!», deyiladi viloyat XTB munosabatida.

Mavzuga oid