O‘zbekiston | 16:48 / 09.02.2022
11552
2 daqiqa o‘qiladi

Mansabdor shaxslarga o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilish taqiqlanmoqda

Parlament quyi palatasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Senatga yuboriladigan qonunda fuqarolar manfaatiga salbiy ta’sir qiladigan qaror qabul qilishda ularning fikrini eshitish shart deb belgilangan.

Foto: Shutterstock

Kecha, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun davlat organlari tomonidan fuqarolarga va tadbirkorlarga nisbatan qaror qabul qilishning yagona huquqiy standartlarini belgilashi hamda ma’muriy jarayonlarni birxillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun ma’muriy aktlarni qabul qilish, o‘zgartirish, ijro etish va bekor qilishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Yangi qonun bilan fuqarolar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida bir qancha normalar kiritilmoqda:

  • mansabdor shaxslarga o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishni taqiqlash;
  • qonun hujjatlarida mavjud bo‘lgan huquqni qo‘llashning rad etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatni suiiste’mol qilmaslik kabi yangi prinsiplar;
  • fuqaro manfaatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qaror qabul qilinadigan bo‘lsa, ushbu qaror qabul qilinishidan oldin fuqaro(lar)ning fikri eshitilishi shartligi;
  • ma’muriy organlar noqonuniy ma’muriy aktlar bilan manfaatdor shaxslarga yetkazilgan zarar uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi;
  • ma’muriy shikoyat bo‘yicha qaror – uni bergan manfaatdor shaxsning ahvolini shikoyat qilingan ma’muriy aktga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emasligi;
  • ma’muriy organ tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato aholi uchun nomaqbul oqibatlarni keltirib chiqarmasligi kerakligi belgilanmoqda.

Quyi palata tomonidan qabul qilingan ushbu qonun 10 kun muddat ichida Oliy Majlis Senatiga yuboriladi. Hujjat Senat tasdig‘idan o‘tib, prezident tomonidan imzolangach, kuchga kiradi.

Mavzuga oid