O‘zbekiston | 20:13 / 15.02.2022
9279
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy bog‘ida daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi

Kun.uz 14 fevral kuni Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 64 ta daraxt ko‘chirilgani haqida xabar bergan edi. Shahar ekologiya boshqarmasi bu daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Suratdagi maydon daraxtzor edi, endi u yerga bino quriladi.

Qayd etilishicha, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘i yanvar oyida davlat inspektorlari tomonidan o‘rganilgan.

“O‘rganish jarayonida bog‘ hududida qurilish ishlari olib borilishi uchun ajratilgan yer maydonidagi daraxtlar tadbirkor tomonidan kerakli hujjatlar rasmiylashtirmasdan noqonuniy ravishda boshqa joyga ko‘chirilganligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan inspektorlar joyida bayonnoma rasmiylashtirib, tadbirkorga Ma’muriy kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 350 000 so‘m jarima hamda o‘simlik dunyosiga 7 614 000 so‘m yetkazilgan zarar miqdori belgilanib, chora ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Qodiriy bog‘i hududining bir qismi hukumatning yopiq qaror(lar)i bilan investorlarga sotib yuborilgan. Ular ayni paytda bog‘da qurilish ishlarini olib bormoqda.

Qurilish korxonasi vakili Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha tegishli xususiy tashkilot bilan shartnoma qilingani, shartnomaga asosan u tashkilot ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar 2 yil davomida qurib qolmasligiga kafolat bergani, daraxtlar shu bog‘ hududiga qayta ekilganini aytgandi

Ekoboshqarma munosabatida, shuningdek, Kun.uz maqolasida tilga olingan G‘afur G‘ulom bog‘ining TTZ mavzesidagi filiali ta’mirlanayotgani aytilgan. Ekologiya qo‘mitasi 2021 yilda bu bog‘ hududida ekologik aksiya o‘tkazgani qo‘shimcha qilingan.

“Bog‘ hududidagi mavjud barcha daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lib, xavotirga o‘rin yo‘qligini, ushbu hudud ekologlarning qat’iy nazorati ostiga olinganligini ma’lum qilamiz”, – demoqda Toshkentning ekologiya posbonlari.

Ta’kidlash kerak, Kun.uz o‘z maqolasida bir necha yil oldin obod bo‘lgan bog‘ hozir abgor holatga keltirib qo‘yilgani, bog‘ning kelajagi noma’lum bo‘lib turganini yozgan edi. Toshkent shahar hokimligi Kun.uz'ning bu boradagi murojaatiga javob bermadi.

Mavzuga oid