O‘zbekiston | 15:13 / 28.02.2022
25498
14 daqiqa o‘qiladi

To‘dako‘ldagi mojaro. “O‘zbekbaliqsanoat” baliqchi(lik)ni bo‘ldiryaptimi yoki o‘ldiryapti?

Foto: KUN.UZ

2018 yil “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birgina buyrug‘i bilan To‘dako‘l suv havzasi 2004 yildan beri foydalanib kelgan tadbirkordan olinib, qayta tanlov o‘tkazish orqali boshqa, ochilganiga 15 kun bo‘lgan firmaga berildi. Bu To‘dako‘lda baliqchilik bo‘yicha yaratilgan tizimning ishdan chiqishiga va tadbirkor 33 mlrd so‘mga yaqin zarar ko‘rishiga olib kelgani aytilmoqda.

2017 yil may oyida Prezident qarori bilan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilgan edi. Qaror bilan mazkur uyushmaga baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning tashkiliy-texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, baliq chavoqlarini takror ko‘paytirish va ozuqa bazani mustahkamlash, tabiiy suv havzalari va sun’iy ko‘llarning resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullarni va intensiv texnologiyalarni joriy etish kabi muhim vazifalar yuklatilgan.

Ammo “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birgina buyrug‘i bilan Navoiyning To‘dako‘lida baliqchilik bo‘yicha shakllantirilgan tizim yo‘qqa chiqdi, deb hisoblamoqda Kun.uz'ga murojaat qilgan Shavqitdin Jamolov.

Shavqitdin Jamolov - “Aqua-Tudakul” MChJ rahbari / Foto: KUN.UZ

Barchasi qanday boshlangan?

2003 yilda Vazirlar Mahkamasining “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, 2004 yilda “Shams-Navoiy” korxonasi “CASEF” jamg‘armasi (Markaziy Osiyo kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, ta’sischilari Jahon banki, AQShning USAID fondi hamda Shveytsariya Iqtisodiyot vazirligi) bilan “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasini tashkil etgan va o‘tkazilgan tenderda To‘dako‘l suv havzasini 18 yil muddatga ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritgan.

Foto: “Shams-Navoiy”

O‘tgan yillarda qo‘shma korxona tomonidan xorijiy va o‘zbek olimlari jalb qilingan holda ko‘lda baliqchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilgan hamda bir qator ishlar bajarilgan.

Xususan, qo‘shma korxona tomonidan hosildorlikni oshirish bo‘yicha ko‘l bo‘yida 106 gektar sun’iy suv havzasi tashkil etilgan, Turkiyadan 167 ming AQSh dollariga baliq yemi ishlab chiqarish sexi keltirilib o‘rnatilgan. Buning natijasida ko‘lga har yili o‘rtacha 125 tonna chavoq tashlab borilgan. Shuningdek, qo‘shma korxona mutaxassislari doimiy ravishda Isroil va Vetnam tajribasi asosida baliq ovlash usullarini takomillashtirib borgan. Shu tariqa, ko‘lda katta xarajatlar evaziga baliqchilik bo‘yicha tizim yaratilgan.

Qo‘shma korxona 2004-2016 yillarda ko‘plab chet davlatlarga 1 mln 83 ming AQSh dollarilik baliq mahsulotlari eksport qilgan. Muhimi, ushbu yillarda qo‘shma korxona 700 nafarga yaqin mahalliy aholini doimiy ish bilan ta’minlagan.

Foto: “Shams-Navoiy”
Foto: “Shams-Navoiy”

2018 yildan boshlab tabiiy suv havzalari doimiy ravishda tanho foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berildi.

“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasining 18 yillik ijara shartnomasi 2022 yilda tugashi kerak edi. Tabiiy suv havzalari balansiga o‘tgach, “O‘zbekbaliqsanoat” To‘dako‘lni ijaraga berish uchun 2018 yil yanvar oyida qayta tender o‘tkazgan. 4 ta firma o‘z takliflari bilan qatnashgan tenderda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi yana g‘olib bo‘ladi hamda 2018 yil 23 yanvarda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan 10 yillik shartnoma imzolaydi.

“O‘zbekbaliqsanoat”ning ogohlantirish xati

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga 2018 yil 3 aprel kuni uyushma raisi o‘rinbosari Shuhrat Rahmatov imzosi bilan o‘zaro tuzilgan shartnomani bir tomonlama bekor qilish haqida ogohlantirish xati jo‘natgan.

Mazkur xatda shartnomani bir tomonlama bekor qilishga qo‘shma korxona tomonidan shartnomaning 12-, 47-, 48-, 49-bandlarida belgilangan shartlar bajarilmagani asos sifatida ko‘rsatilgan.

Shartnomaning 12-bandida bir yillik ijara haqining 40 foizi 1 aprel kunigacha to‘lanishi belgilangan. 47-bandida tabiiy suv havzasi atrofida 22 gektar reproduktiv sun’iy suv havzasi qurish, 48-bandida ijarachi tomonidan ko‘lni yilda ikki marotaba (mart-aprel hamda oktyabr oylarida) chavoq bilan baliqlantirish, 49-bandida ovlanadigan yillik 2100 tonna baliqning oyma-oy taqsimoti berilgan.

Shartnomaning ushbu bandlariga ko‘ra, qo‘shma korxona mart–aprel oyida ko‘lga 1,1 mln dona chavoq tashlashi hamda 1,5 ming dona sadok o‘rnatishi, shuningdek, oylik taqsimotga asosan yanvar-mart oylarida 756 tona baliq ovlashi lozim edi.

Qo‘shma korxona mutasaddilariga ko‘ra, ikki oy muddatda 1500 dona sadok o‘rnatish imkonsiz. Qolaversa, 2018 yil 11 yanvardan 23 fevralgacha havo harorati minus darajada bo‘lgan va ko‘l muzlagan. Bu esa ushbu kunlarda baliq ovlash imkonini bermagan.

Shuningdek, shartnomaga ko‘ra, 48-band, ya’ni 1500 dona sadok o‘rnatish mart-aprel oylarida bajarilishi belgilangan. Ammo “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 3 aprelda, belgilangan muddat yakuniga yetmasdan shartnomani bir tomonlama bekor qilish haqida xat jo‘natgan.

“O‘zbekbaliqsanoat”ning buyrug‘i qonunchilikka qanchalik mos?

“O‘zbekbaliqsanoat” qo‘shma korxonaga xat jo‘natganidan 14 kun o‘tib, 2018 yil 17 aprel kuni uyushma va qo‘shma korxona o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish va tanlov o‘tkazish haqida buyruq qabul qilgan.

Uyushma raisining mazkur buyrug‘i “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga zid bo‘lishi mumkin. Chunki qonunning 13-moddasiga ko‘ra, tomonlarning biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda ikkinchisining talabiga ko‘ra ijara shartnomasi tegishli sudning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga asosan, taraflardan birining talabi bilan xo‘jalik shartnomasi iqtisodiy sudning qaroriga binoan faqat ikkinchi taraf xo‘jalik shartnomasini jiddiy ravishda buzgan yoxud qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Shuningdek, qonunning ushbu moddasida bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, xo‘jalik shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi talabni sudga taqdim etishi mumkinligi belgilangan.

Biroq, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga ogohlantirish xati yuborganidan 14 kun o‘tib, buyruq asosda shartnomani bekor qilgan.

Shartnomaning 56-bandida hamshartnomani bajarishda yuzaga kelgan barcha nizolar muzokaralar va yozma so‘rovlar, yozishmalar asosida hal etilishi, agar bu to‘xtamga kelinmasa sudning qarori bilan bekor qilinishi belgilangan.

To‘dako‘l 15 yillik firmadan, 15 kunlik firmaga o‘tdi

“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi bilan o‘rtadagi shartnoma bekor qilingach, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yil may oyida To‘dako‘l suv havzasini ijraga berish uchun qayta tender o‘tkazgan. Tenderda “Golden Lake Fish”MChJ g‘olib deb topilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Baliq ovlash xo‘jaliklariga tabiiy suv havzalari uchastkalarini ajratish, baliqni sanoat yo‘li bilan ovlash, baliq ovlash xo‘jaliklarining tabiiy suv havzalaridan foydalanganligi uchun ijara to‘lovini hisoblash va undirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda tanlov takliflarini ko‘rib chiqish va tanlov g‘olibini aniqlashda bir qator baholash natijalari, jumladan, talabgorning baliq ovlash va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun mavjud moddiy-texnika vositalari (rusumi ko‘rsatilgan qayiqlar, motorlar, ovlash qurollari, avtotransport vositalari, baliq va baliq mahsulotlarini saqlash uchun sovitish uskunalari va hokazo) bo‘lishi belgilangan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Golden Lake Fish” MChJ tender o‘tkazilishidan bor-yo‘g‘i 16 kun oldin, 2018 yil 7 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu esa MChJning baliqchilik sohasidagi imkoniyatlari va tajribasini baholash talablariga javob berishini jiddiy shubha ostiga qo‘yadi.

33 mlrd so‘mlik baliqni hech kim “ko‘rmayapti”

To‘dako‘l suv havzasidan ijara asosida foydalanish huquqi “Golden Lake Fish” MChJga o‘tganida ko‘lda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga tegishli qariyb 33 mlrd so‘mlik yetishtirilgan baliq bo‘lgan. Bu qo‘shma korxonaning soliq va statistika hisobotlarida ham aks ettirilgan.

Shuningdek, “Xolis baholash xizmati” MChJning baholash xulosasi bilan 2018 yil 18 aprel holatiga ko‘lda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasiga tegishli jami 34,76 mlrd so‘mlik baliq zaxirasi mavjud bo‘lgani tasdiqlangan.

“Xolis baholash xizmati” MChJning baholash xulosasi to‘g‘ri ekani esa Moskvadagi “Xalqaro baholash markazi” AJ konsalting guruhi ekspert xulosasi bilan tasdiqlangan.

Tadbirkor ko‘lda 33 mlrd so‘mlik zaxira balig‘i bo‘lganini, u na tenderda, na “O‘zbekbaliqsanoat”ning boshqa hujjatlarida tilga olinmasdan, tanlov g‘olibi “Golden Lake Fish”MChJ ixtiyoriga o‘tib ketganini aytmoqda. Qo‘shma korxona mutasaddilari tomonidan zaxirada qolgan baliqni ovlab olish bo‘yicha qilingan murojaatlarga esa “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rad javobini bergan.

Tadbirkorlik sub’yektining buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga jo‘natilgan xulosa hamda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining xati ham masalaning ijobiy yechim topishida natija bermagan.

Jumladan, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisiga 2018 yil 11 dekabr kuni jo‘natilgan xulosada uyushmaning shartnomani bir tomonlama bekor qilish haqidagi buyrug‘i Fuqarolik kodeksining 382-, 384-moddalariga zidligi, uyushma mazkur buyrug‘ini o‘zgartirishi va korxonaning buzilgan huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini tiklash choralarini ko‘rishi lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi esa “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga 2018 yil 5 noyabrda jo‘natgan xatida mazkur holat O‘zbekistonning investitsion imidjiga ta’sir qilishini bildirgan.

Mazkur ish doirasida ko‘plab sud mahkamalari bo‘lib o‘tgan. Ammo ularning hech birida “Aqua-Tudakul”ning foydasiga qaror chiqmagan.

Ma’lumot uchun, 2018 yilga qadar 14 yil davomida To‘dako‘l suv havzasidan foydalanib kelgan “Aqua-Tudakul” MChJ “SHAMS-NAVOI” XK (60,2%) va “Central Asiya Small Enterprise F” (CASEF) jamg‘armasining (39,8%) ta’sischiligida ochilgan.

CASEF jamg‘armasining ta’sischilari Jahon banki, AQShning USAID fondi hamda Shveytsariya Iqtisodiyot vazirligi hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan izoh olish maqsadida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi matbuot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva bilan bog‘landi. Avvaliga tahririyatni qiziqtirayotgan savollar yuborilsa, javob berilishi ma’lum qilindi. Savollar ham yuborildi. Ammo oradan olti kun o‘tib, barcha savollarga sud jarayonlari tugagach javob berilishi aytildi.

Darhaqiqat, ayni paytda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va tadbirkor o‘rtasidagi nizo Yuqorichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudida qaytadan ko‘rilmoqda. Mazkur sud majlislarida Kun.uz muxbiri bevosita ishtirok etib, protsessni kuzatmoqda. Qonunga ko‘ra, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib uning natijalarini taxmin qilish taqiqlanadi. Shu bois, bu ishda kimnidir haq yoki nohaq deyish fikridan yiroqmiz. Biz shunchaki tadbirkor va uyushma o‘rtasidagi qariyb 4 yillik tarixga nazar tashladik xolos. Yakuniy bahoni sud beradi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid