Texnik dastgohlarga “dugona” ayollar
O‘zbekistonda xotin-qizlar ko‘proq ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritishiga ko‘nikib qolganmiz. Ammo qanchalik noodatiy tuyulmasin, bugunga kelib ularni asosan erkaklar ishlaydigan sohalarda ham uchratmoqdamiz. Kundalik hayotda traktorchi, taksi haydovchisi, duradgor, hattoki cho‘pon bo‘lib ishlayotgan opa-singillarimiz talaygina. Bugun sizga zavodda mehnat qilayotgan kran mashinisti va payvandchi ayollar haqida hikoya qilamiz.
Navoiy shahridagi temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodda temir bilan tillashgan 13 nafar xotin-qiz faoliyat olib boradi. Ularning 2 nafari payvandchi, 11 nafari kran mashinisti.
Payvandchi ayollarning vazifasi turli ko‘rinishdagi beton mahsulotlari uchun armatura va simlardan karkas to‘qishdan iborat. Ular har xil payvandlash uskunalarida armaturalarni xuddi qirq kokil qilib soch o‘rgandek to‘qib chiqishadi. E’tiborli tomoni – ular xavfsizlik talablariga doim rioya qilganliklari uchun haligacha biror marta ham ko‘zlarini “svarka” qamashtirmagan ekan.
Balandlikdan qo‘rqmaydigan kranchi xotin-qizlar esa beton plitalarini quyish, mashinalarga ortish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi.
6-7 metr balandlikdagi osma kranlarni yengil mashina boshqargandek boshqarayotgan ayollar o‘z ishlaridan mamnun. Zavodda ishlayotgan kran mashinistlarining deyarli barchasi maxsus sertifikatlarga ega. Ular ushbu sohada o‘qib, malaka oshirishgan.
Qo‘li qo‘liga tegmay mehnat qilayotgan opalar bilan ish ustida suhbatlashdik.
Shohida Fozilova, payvandchi:
“Asosan temir-beton mahsulotlarining ichiga qo‘yiladigan karkaslar yasaymiz. Bularning barchasi qurilishlarda ishlatiladi. Avvaliga laboratoriyada ishlab yurdim. Keyin payvandchilarning ishiga qarab turib, qiziqqanman va o‘rganganman.
Bu ishda 4 yildan buyon ishlayman. Uyimdagilar “Bu erkakning ishi-ku”, deya qarshilik qilishgan. Ammo mendagi qiziqishni ko‘rib, ruxsat berishgan. Hozir ancha yaxshi o‘rganib olganman ishimni.
Kasbimdan faxrlanaman. Halol mehnat qilayotganimdan, farzandlarimni halol rizq bilan boqayotganimdan xursandman. Agar o‘zida qiziqish bo‘lsa, odam har qanday kasbni egallashda qiynalmaydi. To‘g‘ri, og‘ir metallar bilan ishlaymiz. Lekin o‘rganib ketganmiz, qiyinchilik tug‘dirmaydi”.
Dinara Elmurodova, payvandchi:
“Bu erkakning, bu ayolning ishi deya ish tanlamadik. Qiziqish bo‘lsa, farqi yo‘q ekan, odam o‘rganishga harakat qilarkan. Mana, o‘zim qiziqdim, o‘rgandim, hali o‘rganishda davom etyapman. Bu ishdan ortib, uy-ro‘zg‘or ishlariga ham ulguramiz. Ertalab yana ishga shoshamiz. Ishimiz shu”.
Gulhayo Teshayeva, kran mashinisti:
“Qo‘rqinchli yoki qiyinchilik tomonlari yo‘q. Chunki 3 yildan beri ishlayman, o‘rganib ketganman, qo‘rquvlar, hayajonlar bosilgan. Dugonalarim, yaqinlarim bilan o‘tirganimda “Ana, kranchimiz keldi”, deyishadi. Xafa bo‘lmayman, aksincha faxrlanaman, o‘zgacha g‘urur tuyaman.
Ish soatimiz 8:00dan 18:00gacha. Kuniga 3-4 marta chiqib tushamiz kranga. Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati va mas’uliyati bo‘ladi. Yukni ko‘targan paytim ilgich chiqib ketgan vaqtlari bo‘lgan. Ehtiyotkorlik bilan o‘sha vaziyatdan chiqib ketganman. To‘g‘risi, o‘qimaganman va shu sababli boshqa kasblarga harakat qilib ko‘rmaganman. Odamda kasbiga nisbatan mehr bo‘lishi kerak. Nimaga erishgan bo‘lsam, shu kasbim orqali erishdim”.
Gavhar To‘rayeva, kran mashinisti:
“Bu zavodga ishga kirganimga qariyb 15 yil bo‘ldi. Oddiy farrosh bo‘lib ish boshlagandim. Kranda ishlagan ayol va erkaklarni ko‘rib, men ham qiziqdim. Garchi mumkin bo‘lmasa ham, ish orasida yashirincha kranga chiqib, boshqarib ko‘rardim. Buni ko‘rgan rahbarlarim qiziqishim bo‘lsa, o‘qishim kerakligini aytishdi. Keyin ham ishlab, ham kran mashinistligiga o‘qib oldim.
Mehr bersangiz, kranlar ham sizga quloq soladi. Qizlarimga, qo‘shnilarimga, jiyanlarimga ish jarayonini aytib berganimda, ular ham qiziqishgan. Shu tariqa ko‘plab shogirdlar yetishtirdim. Boshqa zavodlardan ko‘p takliflar bo‘lgan. Lekin ishxonamga mehr berganim uchun boshqa joyga ishga ketmadim.
Oilada yolg‘iz onaman. Ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. Turmush o‘rtog‘im 12 yil oldin vafot etgan. Ham ota, ham ona bo‘lib, belni mahkam bog‘lab, shu sohada ishlayapman. Muhimi – halol mehnat qilish”.
Temir mashinalarni mohirlik bilan boshqarayotgan kranchi va elektr uskunalardan hayiqmay foydalanayotgan payvandchi ayollarimizni ko‘rib, amin bo‘ldikki, qiziqish va intilish bo‘lsa, har qanday kasb ham jins tanlamas ekan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
16:05 / 26.12.2024
Budjet hisobidan qurilayotgan obektlarga 30 foiz miqdorida avans ajratiladi
20:49 / 30.11.2024
Navoiyda 162 xonadonli “novostroyka” 425 kishiga sotilgan. Jabrlanuvchilar tergovdan norozi
17:31 / 28.11.2024
Prezidentga ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi
10:26 / 03.07.2024