Jahon | 18:11 / 22.03.2022
22000
5 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniy 9 yilga qamaldi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy firibgarlik va sudyani haqorat qilishda aybli deb topilib, sud tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Foto: Sergey Fadeichev / TASS

Moskva shahridagi Lefortovo sudi 22 mart kuni rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik ishida aybdor deb topdi.

Aleksey Navalniy o‘zi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi pullarini o‘zlashtirish va sudyani haqorat qilishda aybdor deb topildi. Prokuror Navalniyga 13 yil qamoq jazosi so‘ragandi, sud 9 yil qamoq jazosi berishga qaror qildi.

Jazo qattiq rejimdagi koloniyada o‘talishi belgilangan. Shuningdek, 1,2 million rubl miqdorida jarima ham belgilangan.

Navalniyga nisbatan ilgari surilgan ayblovda u fondga xayriya qilingan 2,6 million rubl pulni o‘zlashtirgani aytilgan. Navalniyning aytishicha, hatto ayblovda ham bunga isbot keltirilmagan, da’vogarlardan biri esa chilangar bo‘lib, Navalniyning fondiga 1 million rubl o‘tkazgach, uch haftadan keyin uning ustidan arznoma kiritgan.

Aleksey Navalniy oldingi sudda sudyani haqorat qilmaganini ham aytgandi.

«Balki kulgi uchun shunday band qo‘shishgandir. «Janob sudya, siz qonunni buzyapsiz» iborasining nimasi haqorat? «Siz yakunlashingizni kutyapman», degan so‘zim kimni haqorat qildi?» degandi siyosatchi sud majlisida.

Navalniy o‘ziga qarshi ayblovlarni siyosiy pozitsiyasi uchun deb biladi.

2021 yil 2 fevral kuni Moskvaning Simonovskiy sudi Aleksey Navalniyni «Iv Roshe» ishi bo‘yicha aybdor deb topib, chiqarilgan shartli jazo muddatini bekor qilgan va unga 3,5 yilni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash jazosini tayinlangandi. Ya’ni o‘tgan yil fevral oyida Navalniy 2 yil-u 8 oyni qamoqda o‘tkazishi belgilangandi.

«Iv Roshe» ishi nima o‘zi?

2014 yil Aleksey Navalniy ukasi Oleg bilan «Iv Roshe» ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ular firibgarlik va pul yuvishda ayblangan. Navalniy o‘shanda shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va uning sinov muddati 2020 yil 30 dekabrda o‘z nihoyasiga yetgan. 2017 yil Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Navalniyning ishida Yevropa konvensiyasi talablari buzilganini e’lon qilgandi.

Keyinchalik Rossiya Oliy sudi ishni qaytadan ko‘rib chiqqan, lekin hukm o‘zgarmagandi. Oliy sud jinoyat alomati bo‘lgan ishlarni faqat mahalliy sudlar ko‘rib chiqishini iddao qilgan. Ayblovga ko‘ra, Navalniylar oilasiga tegishli bo‘lgan korxona ofshor kompaniyalarda pul yuvishda qatnashgan. Ya’ni 2008 yil Fransiyaning «Yves Rocher» parfyumeriya kompaniyasining Rossiyadagi filiali bo‘lgan «Iv Roshe Vostok» firmasi Kiprdagi oshfor kompaniyalardan biri bilan shartnoma imzolaydi. O‘zaro hamkorlik davomida «Iv Roshe»dan Navalniylar oilasiga qarashli korxona ham 19 million rubl pul oladi. Bu pullar ijara uchun deb o‘tkazilgan. 2012 yil «Iv Roshe» ijrochi direktori Bruno Lepruning arizasiga ko‘ra, Navalniylarga nisbatan ish ochiladi. Kompaniya ulardan 26 million rubl zarar ko‘rganini aytadi. Shu tariqa, Oleg va Aleksey Navalniy sud tomonidan aybdor deb topiladi.

Aleksey Navalniy 2020 yil 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganida samolyotda o‘zini yomon his qiladi. Ahvol o‘nglanmagach, ekipaj samolyotni Omskda favqulodda qo‘ndirishga majbur bo‘ladi. Omsk aeroportiga borgan tez yordam mashinasida Navalniy zaharlangani aniqlanadi va siyosatchining aytishicha, tez yordam mashinasida unga qilingan og‘uga qarshi ukol keyinchalik hayoti saqlanib qolishiga imkon bergan.

Koma holatidagi Navalniyni oilasi Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketdi. U yerda o‘ziga kelgan muxolifatchi o‘zi falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlanganini aytgandi. 2021 yil 17 yanvar kuni Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytdi va aeroportdayoq qo‘lga olindi. Shunday buyon siyosatchi ozodlikka chiqqani yo‘q. Navalniy Rossiyaga qaytganidan ikki kun o‘tib uning kanalida Vladimir Putin haqidagi surishtiruvi e’lon qilingandi.

Mavzuga oid