O‘zbekiston | 20:00 / 08.04.2022
17913
8 daqiqa o‘qiladi

Amir Temur shaxsini idrok etmoq – milliy o‘zlikni anglamoq demakdir

O‘zbek davlatchiligini yuqori bosqichga ko‘tara olgan, milliy tiklanish uchun xalqqa tarixiy tayanch bo‘lgan sohibqiron nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida o‘z o‘rniga ega, deb yozadi Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammedov.

Ma’lumki, Vatanimiz tarixining “ikkinchi Renessans” davri Amir Temur va temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. E’tirof etish zarurki, buyuk sarkarda nafaqat mamlakatimiz, balki jahon tarixida ham tub burilishlar sodir etgan shaxs sifatida yuksak ahamiyatga ega. Adolat va ulug‘vorlik timsoli, dunyoni lol etgan buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 686 yilligi bugun yurtimizda keng nishonlanmoqda. O‘zining yetuk va ulug‘ siymosi bilan bashar eliga tarixiy ibrat bo‘lgan mohir sarkarda hayoti, uning bosib o‘tgan yo‘lini o‘rganish bugun har bir o‘g‘il-qizlarimiz uchun sharafdir.

Uning davlatchilik faoliyati haqida so‘z yuritganda, bir qator o‘ziga xos jihatlarni alohida ta’kidlash zarur. Mamlakatni mo‘g‘ul istibdodidan ozod etib, mustaqil markazlashgan davlatga asos solganligi, Xitoydan to O‘rta yer dengizi sohillarigacha bo‘lgan ulkan hududni birlashtirib, o‘zaro urushlarga chek qo‘yganligi, Buyuk ipak yo‘li faoliyatini qayta tiklaganligi, qudratli Oltin O‘rda davlatining tor-mor etilishi natijasida sharqiy Yevropa xalqlarining, ayniqsa, Rossiyaning mo‘g‘ul zulmidan ozod bo‘lishini tezlashtirganligi, fan va madaniyatning taraqqiy etishiga homiylik qilish orqali jahon tarixida “Temuriylar davri renessansi”ga asos solganligi  – bularning barchasi – Amir Temur siymosining ulug‘vor haqiqatlarini ko‘rsatib beradi.

Amir Temur birinchi navbatda bunyodkor shaxs va har tomonlama yetuk, bilimli kishilardan edi. Uning faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, har bir odimida yurt farovonligi, obodligi, ta’lim, fan va san’atning rivoji uchun qayg‘urishini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, ziyolilarning, ilm ahlining mehnatini qadrlagan, olimlar bilan suhbatlashar ekan, qarashlarini o‘rgangan, din, ta’lim va madaniyatga muhabbati bilan Shamsuddin qozi, Jaziriy, Shayx Buxoriy va boshqa ko‘plab mashhur olim va ulamolarni o‘ziga rom qilib olgan. U o‘z saroyida mushoiralar o‘tkazib turar va o‘zi ham mushoiralarda ajoyib she’rlar o‘qir edi. Hazrat Alisher Navoiy “Majolisun-nafois”da bunday yozadi: – “Temur Ko‘ragoniy – … agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o‘qibdurlarkim, aningdek, bir bayt o‘qimoq, ming yaxshi bayt aytqoncha bor”.

Qolaversa, “Temur tuzuklari”da Amir Temur qalamiga mansub quyidagi bayt ham uning she’riyatdan yiroq bo‘lmaganligini ko‘rsatadi:

“Yorga yetkur ey sabo, Kim makr qilmushdir mang‘a,

Qildi ersa kimga makrin, qaytadur bir kun ang‘a.”

Sohibqiron taxtga chiqqandan so‘ng birinchi navbatda mamlakat taraqqiyotining asosi bo‘lmish ta’limga juda katta e’tibor qaratdi. O‘sha davrning asosiy ta’lim dargohlari bo‘lgan maktab va madrasalarga vaqf mulklari ajratish orqali ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Bu davrda Movarounnahr madaniy hayotiga katta ta’sir o‘tkazib turgan shaxs – naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Bahovuddin Naqshbanddir. Uning mashhur “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori sarkarda va xalqning o‘sha davrdagi buyuk yaratuvchilik va ijodkorlik ishlariga hamohang bo‘lib, yosh davlatning asosiy mafkurasiga aylangan.

Amir Temur davrining madaniy hayotida eng rivojlangan soha shubhasiz, me’morchilikdir. Sohibqiron hukmronlik yillarida Movarounnahr, ayniqsa, Samarqand va Shahrisabz qiyofasi butunlay o‘zgarib ketdi. O‘z poytaxti Samarqandni dunyodagi eng go‘zal shaharga aylantira oldi. Samarqand go‘zalligi va ulug‘vorligidan ispan elchisi Klavixoning qanchalik hayratga tushganini uning kundaliklaridan bilish mumkin. Bu davrda Samarqand shahri atroflarini jannat bog‘lariga teng keluvchi “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i nav”, “Bog‘i behisht”, “Bog‘i chinoron” va “Bog‘i shamol” o‘rab turardi. Shu o‘rinda ibn Arabshohning bir qiziq ma’lumotini keltirib o‘tish o‘rinli: “…shahar ahlidan badavlat-u miskinlar u [bo‘ston]larga qarab yo‘l oladilar....Bog‘lardagi shirin, mazali mevalar bab-baravar [tekin] edi. Chunki mevalardan bir qintori ham arzimagan bahog‘a bo‘lsa-da, sotilmasdi”. Bundan ko‘rinib turibdiki, Amir Temurning jannatmakon bog‘lari oddiy fuqarolar uchun ham doimo ochiq bo‘lgan. Bu maskanlarda xalq sayllari, bayramlar o‘tkazilgan.

Amir Temurning eng yirik qurilishlari Ahmad Yassaviy maqbarasi, Shohizinda majmuasi, Keshdagi Oqsaroy Samarqand markazidagi Ko‘ksaroy va boshqa ko‘plab oliy imoratlar edi. Samarqand atrofida ko‘plab shaharchalar qurilib, ularga jahonning Parij, Qohira, Damashq va boshqa shu kabi mashhur shaharlarning nomi berilgan edi. Bobur mirzo “Boburnoma”da Samarqand va Buxoro oralig‘i Amir Temur tomonidan butunlay bog‘-u rog‘ qilinganligini yozadi. Bu bog‘larning har birining o‘rtasida ajoyib me’morchilik obidalari qurilgan edi. Sohibqironning eng yirik bog‘laridan biri Samarqand va Kesh o‘rtasida ham barpo etilgan bo‘lib, undagi qasr “Taxta Qoracha” nomi bilan mashhur edi.

Amir Temur qurilish ishlarini Bag‘dod, Sheroz, Sultoniya, Tabriz, Kobul va boshqa ko‘plab Movarounnahrdan uzoqdagi shaharlarda ham olib borgan, ularni go‘zallikka burkagan. Nizomiddin Shomiy qalamiga mansub “Zafarnoma” asari orqali bizgacha yetib kelgan Bag‘dod shahrini obodonlashtirish va vayronaga aylangan imoratlar o‘rniga yangilarini bunyod etish haqidagi farmoni buning yorqin misolidir. Buyuk sarkarda tomonidan Eron Ozarboyjonida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan Bayloqon shahrining qayta tiklanishi, Mug‘on cho‘liga yangi kanal orqali suv chiqarilganligi ham e’tiborga molik. Amir Temur bu kanalni o‘z qabilasi nomi bilan “Bahri barlos” deb atagan edi.

Sohibqiron rahnamoligida amalga oshirilgan madaniy hayotdagi o‘zgarishlar Ulug‘bek davridagi Samarqandda, Shohruh va Navoiy davridagi Hirotda yuz bergan madaniy yuksalishga poydevor bo‘ldi.

Aytish kerakki, Amir Temur shaxsini idrok etmoqlik – tarixni idrok etmoqlik, milliy o‘zlikni anglamoqlikdir. Sohibqiron Amir Temur –  insoniyat tarixida yengilmas sarkarda, jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi, xalqimizning g‘ururidir. O‘zbek davlatchiligini yuqori bosqichga ko‘tara olgan, milliy tiklanish uchun xalqqa tarixiy tayanch bo‘lgan sohibqiron nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida beqiyos o‘ringa ega.    

Bahodirjon Shermuhammedov,  
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
Pedagogika fanlari doktori, professor Ⓣ

Mavzuga oid