Jahon | 22:00 / 10.04.2022
54193
10 daqiqa o‘qiladi

Jirinovskiyning hayoti. Undagi asosiy nuqtalar va shov-shuvli iqtiboslar

Vladimir Jirinovskiy vafoti bilan Rossiyada bir davr yakuniga yetdi. Uning joni shunday paytda uzildiki, agar tirik bo‘lganida Ukraina voqealari bo‘yicha aql bovar qilmas chaqiriqlari bilan olamni buzishi aniq edi.

Ibtido

Ko‘pchilikka ma’lum emas, Vladimir Jirinovskiyning otasi yahudiy bo‘lgan. Lekin u o‘zini rus hisoblab yashadi va onasining familiyasini oldi. Keyinchalik ham millatiga oid savollarga mavhum javob berib keldi.

1946 yilning 25 aprelida Qozog‘istonning Olmaota shahrida Volf Isaakovich Eydelshteyn va Aleksandra Pavlovna Jirinovskaya oilasida chaqaloq dunyoga keladi va unga Vladimir deb ism qo‘yishadi.

Gap shundaki, Jirinovskiyning bobosi Isaak Eydelshteyn Polsha (ayni paytda Ukraina) hududida joylashgan yog‘ochni qayta ishlash fabrikasi egasi bo‘lib, uning qo‘lida 200 nafardan ortiq ishchi ishlardi. 1939 yilda bu hududlar ittifoqqa qo‘shib olinadi, fabrika esa davlat tasarrufiga o‘tkaziladi. 1941 yilda nemislar bosqinidan keyin undagi barcha dastgohlar Germaniyaga olib ketiladi. Volf Isaakovich Eydelshteyn va uning akasi Aaron 1940-yillarda Qozog‘istonga surgun qilingan.

Uning onasi Aleksandra Pavlovnaning qizlik familiyasi Makarova bo‘lgan. Jirinovskaya familiyasi uning birinchi eri – Andrey Jirinovskiyga tegishli. Aleksandra va Andrey 5 nafar farzand ko‘rishgan. Erining sil kasalligi tufayli o‘limidan so‘ng Aleksandra Jirinovskaya Volf Eydelshteynga turmushga chiqadi va bu oilada kichkintoy Vladimir tug‘iladi.

Ammo ota-bolaga birga yashash nasib qilmagan. Volf Isaakovich 1946 yilning aprelida Polshaga ketadi. 1949 yilda u Isroildan qo‘nim topadi va yetakchi «Likud» partiyasi faoliga aylanadi. 1983 yilda avtobus ostida qolib halok bo‘ladi.

Qizig‘i, Vladimir 1964 yilga qadar ham Eydelshteyn familiyasida bo‘lgan. Ammo institutga kirish oldidan onasining birinchi eri familiyasiga o‘tadi. Lekin unga qadar ham aksariyat tengqurlari uni «Jirik» laqabi bilan chaqirganlari ma’lum qilingan va laqab uni umri oxirigacha tark etmagan.

Dastlabki qadamlar

 

Jirinovskiy ilk diplomi bo‘yicha «Turk tili va adabiyoti» mutaxassisligiga ega. U MDU qoshidagi tillar institutini tamomlagan. Turk tilidan tashqari fransuz ingliz va nemis tillarini ham durustgina bilgan

Keyinchalik u marksizm-leninizm universitetida o‘qiydi. To‘rtinchi kursligida Vladimir Turkiyaga amaliyotga yuboriladi va SSSR qurayotgan metallurgiya kombinatida tarjimonlik qiladi. Turkiyada vaqti u yoshlarni kommunizm g‘oyalariga targ‘ib qilganlikda ayblanib, hibsga olinadi va SSSRga deportatsiya qilinadi. Bu jazo uning KPSSga kirishiga, aspiranturada o‘qishiga ham monelik qilganini aytib o‘tgan.

Holatni yodga olgan Jirinovskiy aybsiz bo‘lganini, turklar Moskva fonidagi Pushkin surati tushirilgan nishonlarni Marksning yoshligi deb o‘ylaganlarini aytadi. Voqeaning ahamiyati shuki, Vladimir xorijga chiqish imkonidan mahrum bo‘ladi va to‘la-to‘kis o‘zini siyosatga bag‘ishlaydi.

O‘zining siyosiy qarashlari va g‘oyalarini jamlagan Jirinovskiy o‘sha paytdagi bosh kotib Leonid Brejnevga xat ham yuborgan. Biroq partiya korchalonlari uning g‘oyalarini moliyaviy va mafkuraviy jihatdan hayotga tatbiq etishning iloji yo‘qligini tushuntirib qo‘yishadi. 

Siyosiy yo‘l

 

Vladimir Jirinovskiy siyosatning ko‘p qirralari bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. U 1991, 1996, 2000, 2008, 2012 va 2018 yillarda Rossiya prezidentligiga nomzodini qo‘ygan va biror marta g‘olib bo‘lmagan. Eng yaxshi ko‘rsatkichi 2008 yilda: 9,35 foiz. Aksariyat hollarda 5 foizgacha ko‘rsatkichlarda yurgan bo‘lsa-da, Vladimir Volfovich hamisha Rossiya siyosatining diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Rossiya Liberal demokratik partiyasi (LDPR) deganda asosan Jirinovskiyni tushunishgan. Lekin bu partiya ham hech qachon hukmron partiyaga aylanmadi, ammo Davlat dumasining doimiy bo‘lagi holicha qolaverdi.

Jirinovskiyning jiddiy siyosiy harakatlari hali SSSR tarqalishi haqida gap ham bo‘lmagan 1988 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u Valeriya Novodvorskaya yetakchiligidagi «Demokratik ittifoq» a’zosi bo‘ladi va s’yezdlardan birida nutq ham so‘zlaydi. Ammo tez orada bu partiyani tark etadi.

1989 yilda u Vladimir Bogachyov bilan birga sovetlar ittifoqi Liberal-demokratik partiyasiga asos soladi. Bu partiya ittifoq Adliya vazirligi tomonidan 1991 yilning 12 aprelida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 1992 yilda, SSSR tarqalganidan so‘ng partiya LDPR nomini oladi. 1991 yilning 12 iyunida u RSFSR prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yadi va 7,81 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallaydi. 1991 yilda u shuningdek SSSRni saqlab qolishga intilgan GKChPning tarafini oladi, keyinchalik ittifoq tarqalishining qonuniy asosi bo‘lgan hujjat – Belovej kelishuvini qattiq qoraladi va uni imzolaganlarni jinoyatchilar deb atadi.

«Qirolning dilxushi»

Vladimir Jirinovskiy o‘zining shov-shuvli chaqiriqlari bilan juda ko‘p marta diqqat markaziga tushgan. Lekin uning chiqishlarini kuzatgan siyosatdonlar partiya yetakchisi aslida rasmiy Moskva ayta olmagan gaplarni ommaga yetkazish vazifasi bilan shug‘ullanganini ta’kidlaydilar. Chunki uning aksariyat fikrlari xalqaro mojarolar, milliy-etnik ziddiyatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, Kreml bu fikrlarni rasman rad etishga hech qachon shoshilmagan.

Uning g‘alati bayonotlarini o‘rganganlar «Kreml masxarabozi» degan fikrni ham ilgari surishadi. Chunki boshqariluvchi muxolifat hamisha foyda bergan, deydi ular.

Uning sobiq ittifoq respublikalariga oid qarashlari

Ashaddiy shovinist bo‘lgan Jirinovskiy sobiq ittifoq tasarrufida bo‘lgan respublikalar albatta Rossiyaga bo‘ysunishi kerak, degan g‘oyani ilgari surib kelgan. Ittifoq tarqalgan paytda, Yelsin bilan prezidentlik kurashiga kirishgan paytlarida asosiy shiorlari mana shu yo‘nalishda bo‘lgan. Nafaqat ittifoq, balki Rossiyaning o‘zida har qanday mayda millatlar rasman ruslar boshqaruvida yashashi, turli milliy avtonomiyalardan voz kechish kerakligini ta’kidlab o‘tgan.

U bu qarashidan umri oxirigacha voz kechmadi va hatto vaqti-vaqti bilan ochiq tahdidlarga o‘tishgacha bordi. O‘zbekiston va Qozog‘istondagi blekaut paytida uning «biz kerak bo‘lsa masofadan turib sizlarni elektr tokidan mahrum qila olamiz» degan videosi tarqaldi. Bu lavha ancha oldin olingan va unda Jirinovskiy muayyan bir davlatni tilga olmagan bo‘lsa-da, mavzuga mosligi uchun ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Jirinovskiy va O‘zbekiston

Vladimir Jirinovskiy asli Markaziy Osiyodan ekanligini ta’kidlab yashadi. Islom Karimov Vladimir Jirinovskiyni ochiq xushlamagan. U Asqar Akayev bilan uchrashuvida «Jirinovskiy degan balolar bizdan nari bo‘lsin» deya omma oldida aytgandi.

Jirinovskiy Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonga keldi va Buxoroda tantanali kutib olindi. Unga shaxsan Buxoro viloyati hokimi, marhum O‘ktam Barnoyev hamrohlik qilgan va Buxoroni aylantirgandi. Bu haqda markaziy telekanallarda lavha ham berilgan.

Vladimir Jirinovskiydan iqtiboslar va u qo‘llagan g‘oyalar

* Rossiyada o‘lim jazosini tiklash lozim. Sudyalar xato qilib o‘lim jazosiga hukm chiqarsalar, ularning o‘zini qatl qilish shart;

* Mamlakat bo‘ylab nafaqat musulmonlar uchun, balki barcha fuqarolarga ko‘pxotinlilikka qonunan imkon berilishi kerak. Bu demografik muammolarga yechim bo‘ladi;

* Demokratiya – Rossiya taraqqiyotiga xalal beradi;

* Rossiyadagi avtonomiyalardan voz kechish, kichik elatlar assimiliyatsiyasini amalga oshirish, davlatni 7-12 guberniyaga bo‘lish kerak;

* Fuqarolarga qurolga egalik qilish huquqi berilishi lozim. Aminmanki, bizda ham bir jinslilar nikohiga ham ruxsat beriladi;

* 2012 yil: Saylovlarda g‘olib bo‘lsam, barcha migrantlarni Rossiyadan quvib solaman;

* Qur’on o‘qishimga ruxsat berishmasdi, men esa yashirib o‘qirdim;

* 2010 yil: Ukraina va Belarus federal okruglar maqomida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi lozim;

* Dostoyevskiy nima uchun kuchli yozuvchi bo‘lgan? Chunki u 10 yil qamoqda o‘tirgan. Ijod ahlini ko‘proq qamab turish kerak;

* Mening qo‘lim toza, ammo agar prezident bo‘lsam, qo‘lim qon bo‘ladi;

* Men rus soldatlari oyog‘ini Hind okeanining iliq suvlarida yuvishini orzu qilaman;

* Ayol kishi uyda o‘tirishi, yig‘lashi, bichib-tikishi va ovqat tayyorlashi kerak;

* Xalq qanchalik bilimli bo‘lsa, inqiloblar shunchalik tez sodir bo‘ladi;

* Nemislar bizga vagonni to‘ldirib bolsheviklarni yuborishgan. Endi biz Yevropaga chechenlar to‘la vagonlarni yuborishimiz kerak;

* Bu bosh kotib [Mixail Gorbachyov] ifodalash uchun rus tilida qanday so‘zlar bor? Uni xoin, vatanfurush, nobakor demasdan yana qanday atash mumkin?

* 2013 yildan buyon: Jirinovskiy vegetarian.

* Navalniy haqida: Aslida u 15-20 yil olishi va bu muddatni o‘tashi bilan jinnixonaga yo‘l olishi kerak;

* Lenin haqida: Fransiyada biznesmen Jakondani sotishi mumkin. Biz ham Leninning jasadini sotish haqida o‘ylashimiz kerak. Xaridor topiladi, budjet bundan katta foyda oladi;

* 75 yoshlik yubileyida: Yutug‘im shuki, men yuqoridan yozib berilgan gaplarni emas, o‘zim to‘g‘ri deb hisoblagan gaplarni gapirib yashadim.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid