O‘zbekiston | 13:37 / 11.04.2022
6554
2 daqiqa o‘qiladi

Ipoteka va ta’lim kreditlarining foiz stavkalari yil oxirigacha oshirilmaydi

2022 yil yakuniga qadar ipoteka krediti bo‘yicha 13 foiz, ta’lim krediti bo‘yicha 10 foizli amaldagi stavkalar oshirilmaydi.

Foto: Kun.uz

«Markazlashgan manbalar hisobidan ipoteka va ta’lim kreditlari uchun ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha foiz stavkalarini belgilash to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va ta’lim krediti uchun ajratiladigan resurs mablag‘lari bo‘yicha foiz stavkalar 2022 yil yakuniga qadar amaldagi foizlar, ya’ni ipoteka bo‘yicha 13 foiz, ta’lim krediti bo‘yicha 10 foiz miqdorida saqlab qolinadi.

Bunda tijorat banklari tomonidan beriladigan ta’lim kreditlari stavkasi 14 foiz doirasida o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Agar Markaziy bank stavkasi 14 foizdan pasaytirilsa, maqbul ipoteka va ta’lim kreditlari foizlari ham pasayishda davom etadi.

Avvalroq, O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Shundan so‘ng Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov asosiy stavka o‘zgartirilgan taqdirda uning joriy kreditlarga ta’siri shartnomada belgilangan shartlar asosida bo‘lishi haqida ma’lum qilgan. Bunda tijorat banklari va mijozlar o‘rtasida o‘zgarmas foiz stavkalarida tuzilgan shartnomalarga Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgarishlari ta’sir etmaydi.

Mavzuga oid