Jahon | 21:28 / 14.04.2022
20097
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil jangovar lazerni sinovdan o‘tkazdi

Isroil hukumati mamlakat chegaralari bo‘ylab bir nechta lazer majmualarini joylashtirishni rejalashtirgan. 

Foto: The Times of Israel

Isroil mudofaa vazirligining ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boshqarmasi hamda Rafael kompaniyasi o‘ta kuchli lazer sinovlarini muvaffaqiyatli yakunladi, deb xabar berdi mamlakat mudofaa vazirligi.

Xabarga ko‘ra, namunaviy model dronlar, minomyot snaryadlari, raketalarni muvaffaqiyatli ravishda tuta olgan.

Rafael kompaniyasi ushbu tizimni Elbit Systems kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan.

"Maqsadimiz – ushbu tizimni imkon boricha tezroq ishga tushirish. Bu samarali, arzon va innovatsion himoya vositalariga ega bo‘lish imkonini beradi", - dedi Isroil mudofaa vaziri Beni Gans. 

Qayd etilishicha, Isroil hukumati mamlakat chegaralari bo‘ylab bir nechta lazer majmualarini joylashtirishni rejalashtirgan.

Mamlakat bosh vaziri Naftali Bennet fevral boshlarida Isroil armiyasi bir yil ichida yangi lazer tizimiga ega bo‘lishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimdan dastlab sinov rejimida Isroil janubida foydalaniladi, keyinroq esa mamlakatning barcha qismlarida ishga tushadi.

Mavzuga oid