O‘zbekiston | 16:53 / 18.04.2022
21069
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloqdagi “Luvr”: Izboskanning oddiy maktabidagi bebaho eksponatlarga ega muzey

Andijon viloyatidagi oddiy qishloq maktablaridan birida betakror tarix muzeyi bor. Muzey bilan tanishar ekanmiz, uning eksponatlarga boyligi, bu eksponatlarning yoshi va geografiyasidan hayratga tushdik.

Moziy sinoatlarini bilish har bir inson uchun qiziq. Oldingi davr odamlarining yashash tarzi, ularning uy jihozlari, anjomlari, mehnat qurollari qanday bo‘lgani haqida esa muzeylardagi eksponatlar so‘zlaydi.

Izboskan tumani Lo‘g‘umbek qishlog‘idagi 57-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida bundan 60 yil oldin muzey tashkil qilingan. Muzey bilan tanisharkanmiz, undagi osori atiqalarning ko‘pligi va ularning qiymati bizni hayratga soldi.

1963 yili maktabning tarix o‘qituvchilari tashabbusi bilan ilk qadimiy jihozlar yig‘ish boshlanadi. Bunda o‘qituvchilar, o‘quvchilar va Lo‘g‘umbek aholisi faol ishtirok etadi. Aholi o‘z uylaridagi qadimiy ashyolarni maktabga keltirib bera boshlaydi. Avvaliga bitta shkafni egallagan muzey, ayni paytda alohida bo‘limlarga ega dargohga aylangan.

Bizni hayron qoldirgani numizmatika – tangalar bo‘limi bo‘ldi. Tangalar insoniyat rivojlanishining tadrijiy jadvali bo‘yicha yig‘ilgan. Birinchi tanga pul miloddan avvalgi 7-asrda qadimgi Yunonistonda olimpiya o‘yinlari sharafiga zarb etilgan bo‘lib, undan so‘ng Kushon davriga oid, so‘ng esa arab xalifaligi tangasi va shu davrgacha bo‘lgan tangalar mavjud.

Bo‘limda 17-18-asrlarga taalluqli qog‘oz pullar va turli davlatlarning pullarini ko‘rish mumkin. Eng qizig‘i, mazkur kolleksiyadagi har bir tanga bugungi kunda anchagina qiymatga ega. Bu haqda quyida yana so‘z yuritamiz.

Muzey asoschisi, faxriy ustoz Abdumalik Abdurahmonov bilan suhbatimiz uzoq davom etdi.

“Muzeyimizda ayni paytda 5 mingdan ortiq tarixiy buyumlar bor. Ular insoniyat rivojlanish davrlarini o‘z ichiga olgan. 1963 yili tarix o‘qituvchisi, ustozimiz Sotqinboy Tojiboyev tashabbus qilib: “Kelinglar, qishloq, mahallalarimizdan eski ota-bobolarimiz foydalangan buyumlarni topib, yig‘ib, muzey qilamiz” degandi. Avvaliga kiyim-kechak, mehnat qurollari to‘plandi. So‘ng qiziqish kuchayib muzeyni boyitishga tushib ketdik.

Eksponatlarni to‘plash uchun uyma-uy yurib shug‘ullanganmiz. Atrofdagi aholi katta yordam bergan.

Lo‘g‘umbek qishlog‘i qadim Elaton davlati hududida joylashgan, shuning uchun bu yerda qazish ishlarini olib borish natijasida miloddan avvalgi 5-asrlarga taalluqli sopol idishlar, hatto Budda tasviri tushirilgan ko‘zalar ham topilgan.

Shu tariqa, muzeyimizda qishlog‘imiz, o‘lkamizning tarixini ko‘rsatib beradigan eksponatlar yig‘ildi. Bu, ayniqsa, maktab o‘quvchilari uchun katta boylik. O‘qituvchilarimiz muzeyda dars o‘tishadi. Har bir davrni, tarixiy voqelikni tayyor eksponat-ko‘rgazmali qurol bilan tushuntirish qanday yaxshi. Muzeyimiz bilan tanishgani dunyoning ko‘p mamlakatlaridan ham kelishgan”, – deydi Abdurahmon Abdumalikov.

Besh mingdan ziyod bahosi yo‘q eksponatlarning qay biri haqida gapirishni ham bilmaymiz. Muzeydagi eksponatlar ichida Lo‘g‘umbek qishlog‘idan topilgan qadimgi buddaviylik davriga oid sopol idishlar, 7-9-asrlarga oid idishlar, 12-13-asrlarga oida mis qumg‘onlar, o‘rta asrlarda foydalanilgan mehnat qurollari, 16-18 asrlarga taalluqli charx, chig‘iriq, chilim, omoch, xirmon toshi, moychiroq, to‘pponchalar, qilichlar, shamchiroqlar... Eh-he... aqlni shoshiradigan eksponatlarning qay biriga ta’rif berishni ham bilmaydi kishi.

15-16 asrlarda hukm chiqargan Lo‘g‘umbek qozilarining arab imlosida yozilgan muhri, o‘lkamizni Chor Rossiyasi bosib olgan davrlardagi uyezd boshlig‘i muhri muzeyning eng zo‘r eksponatlaridan.

O‘tgan asr 1939 yili 45 kunda bunyod etilgan Katta Farg‘ona kanalini qazishda ishtirok etgan To‘xtamat polvonga tegishli bo‘lgan bahaybat ketmon ham bor. Muzey asoschisining aytishicha, bo‘yi 2 metr bo‘lgan To‘xtamat polvon tushlik paytida palovni mana shu katta tovoqdek keladigan ketmonga soldirib tanovul qilgan.

14 asrlarga taalluqli tegirmonchi burg‘usi, Nikolay davridagi pullar juda yaxshi saqlangan. O‘tgan asrga tegishli kinoapparatda tarixga aylangan lahzalarni tomosha qildik.

Abdumalik domladan eksponatlarga xaridorlar chiqqan-chiqmagani haqida so‘raymiz.

“Eksponatlarni so‘rab rosa ko‘p kelishgan. Bilasizmi, bu yerdagi narsalarning narxi yo‘q. Ular tarixdan so‘ylaydi. Bebaho. Men hech kimga hech narsa bermaganman. Axir bu eksponatlar shu makon – Lo‘g‘umbek qishlog‘ining mulki”, deydi muzey asoschisi.

Katta qiymatliklarga ega muzey xonasi hech qanday himoyalanmagan. Eshiklar yog‘ochdan, derazalar panjarasiz. “Shu paytgacha Xudo saqladi. Endi baribir chorasini ko‘rish vaqti keldi”, deydi Abdumalik Abdurahmonov.

Biz videomaqolani tayrlashga kirishgach, Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilov bilan bog‘lanib, muzeyni himoyalash haqida ko‘mak berishini so‘radik – chunki, maqola keng ommaga namoyish qilingach, eksponatlarga “xaridor” ko‘payib ketishi mumkin degan taxminimiz bor edi.  Tuman hokimi derazalarga panjaralar o‘rnatish ishlari boshlanganini aytdi.

Biz esa o‘quvchilarimizni yashab turgan zaminimiz tarixi bilan tanishish uchun Izboskandagi maktab muzeyiga borishga chorlab qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi –
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid