Makron va Putin ikki soat davomida telefonda gaplashdi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin navbatdagi telefon suhbatini o‘tkazdi. Ikki davlat yetakchisi Makron prezidentlikka qayta saylangach ilk marta telefonda gaplashdi. Ular oxirgi marta 29 mart kuni muloqot o‘tkazgandi.
Urush boshlangandan buyon Putin bilan eng ko‘p muloqot o‘tkazgan davlat rahbari aynan Makron bo‘lib turgandi. Ammo keyinchalik Fransiyada saylov jarayoni boshlangach, ikki siyosatchi gaplashmay ketdi. Bu gal Makron va Putin ikki soatdan ortiq gaplashgan.
Kreml axborotida yozilishicha, telefon suhbati davomida Putin Makronni «Mariupol ozod qilingani» va «Azovstal» zavodidan tinch aholi vakillari evakuatsiya qilingani haqida xabardor qilgan. Putinning aytishicha, Yevropa ittifoqi davlatlari ukrain harbiylarining harbiy jinoyatlari va Donbassga o‘t ochilishiga ko‘z yummoqda. Putinning fikricha, G‘arb davlatlari Kiyev hukumatiga bosim o‘tkazish va Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish orqali bu harakatlarni to‘xtatishi mumkin.
Putin Makronga Rossiya tomoni muzokaralar uchun hamon ochiq ekanini aytgan. Kreml axborotiga ko‘ra, Makron xalqaro hamjamiyatdagi xavfsizlik masalasidan xavotirga tushganini, Putin esa vaziyatni G‘arbning sanksiyalari murakkablashtirib yuborganini ta’kidlagan.
Fransiya prezidenti axborot xizmatining yozishicha, Makron Putinni Ukrainaga qarshi agressiv urushning oqibatlaridan yana bir bor ogohlantirgan. Shuningdek, Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida vazifasini bajarib, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
Makron Mariupoldagi vaziyatdan qattiq xavotirga tushganini aytib, Rossiya «Azovstal»dan fuqarolarni evakuatsiya qilishda ishtirok etishini so‘ragan. Makronning fikricha, Ukrainada evakuatsiya qilinayotgan tinch aholi vakillaridan ularni qayerga olib ketishni so‘rash kerak: Rossiya nazorat qilayotgan joylargami yoki Ukraina tomongami.
Suhbat davomida Makron Ukrainaning Qora Dengiz orqali amalga oshiriladigan mahsulot eksporti Rossiya tomonidan bloklab qo‘yilganini aytgan. Uning fikricha, bu dunyo oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir qiladi. Makron bu borada xalqaro tashkilotlar bilan birga harakat qilishga tayyorligini bildirgan. Fransiya prezidenti Putinga navbatdagi marta Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini aytib, urushni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun diplomatik harakatlarni davom ettirishini bildirgan.
G‘arb siyosatchilari orasida aynan Emmanuel Makron urush boshlangandan buyon Putin bilan doimiy muloqotda bo‘lib, uni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirib kelmoqda. Urush boshlanishidan bir necha kun avval Makron Kremlda Putin bilan uchrashgandi ham. O‘shanda olti soat davom etgan uchrashuv noodatiy uzun stol atrofida o‘tgani butun dunyoda muhokamalarga sabab bo‘lgan. O‘sha uchrashuvga ko‘ndirish uchun Makron Putinga kamida besh marta qo‘ng‘iroq qilgani aytilgandi.
Mavzuga oid
15:59
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024