O‘zbekiston | 21:12 / 10.05.2022
27876
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ikki kishini sel oqizib ketdi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 10 may kuni sel oqimlari yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni soat 16:00 lar atrofida Sariosiyo tumanining tog‘li hududi «Bog‘iston» MFY Zoxona qishlog‘ida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sel oqimi hodisasi yuzaga kelgan. Hodisada chorva mollarni boqib yurgan Uzun tuman Xursan mahallasida yashovchi fuqaro va uning chorva mollarini, shuningdek, ushbu hududda o‘zining Nexia avtomashinasida bo‘lgan Uzun tumani «Istiqlol» mahallasida yashovchi ikki nafar fuqaroni sel oqimlari oqizib ketgan.

Yuz bergan tabiiy ofatdan chorva mollarni boqib yurgan fuqaro qutulib qolgan.

Voqea joyiga viloyat hokimi boshchiligida FVB rahbariyati, qutqaruvchilar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura va tegishli xizmatlar jalb etilgan. Shuningdek, 70 nafar mahalliy aholi bilan birgalikda qidiruv-qutqaruv va sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni Samarqand, Jizzax, Navoiy hamda Qashqadaryo viloyatlarida kuchli yomg‘ir yog‘ib, jiddiy oqibatlarga olib kelgan sel kuzatildi. Sel oqimlari oqizib ketishi natijasida Forish tumanida 5 kishi halok bo‘ldi.
  • Avvalroq «O‘zgidromet» O‘zbekistonning qator hududlarida 9–13 may kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sabab bir qator hududlarda sel kelish xavfi haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid