Jahon | 17:46 / 20.05.2022
34009
10 daqiqa o‘qiladi

«Azov» jangchilarini nima kutmoqda - almashuv yoki Rossiya sudi?

Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Mariupol mudofaasida qatnashib, asir tushgan ukrain harbiylari taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Kremlparast manbalarda «Azov» polki jangchilarini qattiq jazolash bo‘yicha talablar yangramoqda - Rossiya propagandasi ularni «natsist jinoyatchilar» deb ataydi. Ammo Ukrainada ham ko‘plab rossiyalik harbiy asirlar bor, ularning ko‘pchiligi o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumonlanmoqda, shuning uchun ukrainlar ham xuddi shu tarzda javob qaytarishi mumkin. Moskva va Kiyev harbiy asirlar muammosini qanday hal qilmoqchi?

19 may kuni Rossiya mudofaa vazirligi «Azovstal» mudofaasida qatnashgan ukrain harbiy asirlari aks etgan yangi videoni namoyish etdi.

Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 16 maydan buyon (o‘shanda zavoddan yarador jangchilarni olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi) 1730 nafar harbiy taslim bo‘lgani, shundan 80 nafari og‘ir yaradorlar ekani aytiladi. 20 may kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu zavoddan 1908 nafar ukrain «millatchi» chiqqani, yana 177 kishi tinch aholi vakillari ekanini ma’lum qildi. Zavod ichida yana qancha harbiy qolgani noma’lum. Hozircha yuqori lavozimli harbiylar taslim bo‘lishmagan.

Rossiya nashrlari og‘ir yaradorlar Mariupoldan sharqda, Rossiya chegarasi yaqinida joylashgan Novoazovsk shaharchasidagi shifoxonaga joylashtirilganini ma’lum qilgan.

Harbiy asirlarning aksari Donetsk yaqinidagi Olenivka posyolkasidagi qamoqxonaga jo‘natilmoqda - Mariupol meri maslahatchisi Petro Andryushchenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda filtratsiya jarayonidan o‘ta olmagan uch-to‘rt ming atrofidagi mariupolliklar ham saqlanmoqda.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, «Azovstal» mudofaasidagilarning 89 nafari Rossiya hududiga olib o‘tilgan va Taganrogdagi izolyatorga joylashtirilgan.

Ukrain harbiylarini olib ketayotgan avtobuslar kolonnasi, 17 may.
Alessandro Guerra / EPA / Scanpix / LETA

Qisqacha tarixi

Mariupol mart oyi boshida rossiyalik harbiylar tomonidan o‘rab olingandi. Shahar Milliy gvardiyaning «Azov» polki jangchilari, dengiz piyodalari, chegarachilar, hududiy mudofaa kuchlari va politsiyachilar tomonidan mudofaa qilindi. Mariupol mudofaasi Rossiya armiyasining yirik bo‘linmalarini shu yerda ushlab turishdi va bu ukrain harbiylariga vaqtdan yutishda imkon berdi - yangi mudofaa chiziqlari va zaxira kuchlari tayyorlash uchun.

Aprel oyi oxirida rossiyalik harbiylar shaharning katta qismini egallashdi, ukrain harbiylari (ular bilan birga tinch aholi vakillari) «Azovstal» zavodida qamalda qoldi. Ularga qarshi tanklar tashlandi, hudud og‘ir artilleriya va aviatsiyadan o‘qqa tutildi, ammo qarshilik davom etdi.

Kombinat mudofaachilari korxona hududi ostidagi yerto‘lalar antisanitar holatda ekani, dori-darmon, suv va oziq-ovqat tugagani, 600 nafar atrofida yaradorlar borligini ma’lum qildi.

17 mayga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi «Azovstal»dagi harbiylarni «qutqarish amaliyoti» haqida e’lon qildi. Idora bayonotida og‘ir yarador bo‘lgan 53 kishi Novoazovskdagi shifoxonaga, yana 211 nafar harbiy xizmatchi - Olenivkaga olib ketilganini ma’lum qildi.

«Mariupol» garnizoni berilgan harbiy topshiriqni bajardi. Oliy harbiy qo‘mondonlik tomonidan Azovstaldagi bo‘linmalar komandirlariga shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish buyrug‘i berilgandi… «Azovstal» hududida qolayotgan himoyachilarni qutqarish bo‘yicha chora-tadbirlar davom etmoqda», — deyiladi Bosh shtab bayonotida. Harbiylar «almashuv jarayoni orqali» Ukrainaga qaytarilishi aytildi.

Volodimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida «ukrain qahramonlari Ukrainaga tirik holda kerakligi», ularni qaytarish ishlari «ehtiyotkorlik va vaqt talab etishi»ni ta’kidladi.

Almashuvga kim qarshi?

Harbiy asirlar va tutib turilgan tinch aholi vakillari almashinuvi keng tarqalgan amaliyotdir. Qoidaga ko‘ra, harbiy mojaro vaqtida almashuv «birga bir» hisobida amalga oshiriladi, ammo yuqori martabali harbiy asirlikka tushgan bo‘lsa, ikkinchi tomon ko‘proq narsa talab etishi mumkin.

Harbiy harakatlar yakunlanib, tinchlik sulhi tuzilgach esa almashuv odatda «barchaga barchani» prinsipi bo‘yicha kechadi. Bu qoida faqat tomonlardan biri so‘zsiz taslim (kapitulyatsiya) bo‘lgan taqdirda ishlamasligi mumkin.

Ukrainalik harbiylar Mariupolni mart oyi boshidan buyon himoya qilayotgandi. Foto: Getty Images

Rossiyalik urush tarafdorlariga almashuv g‘oyasi yoqmayapti. 2014 yilda Donbassda bo‘lib o‘tgan urush qatnashchisi, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXRning sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin (Strelkov) o‘z telegram-kanalida shunday yozadi: «Xabarlarga ko‘ra - kapitulyatsiya ro‘y bermadi, balki navbatdagi sharmandali kelishuv tuzildi. Yakunlarni kutamiz. Agar «Azov qahramonlari» yaqin kunlarda Kiyevda gullarga burkanadigan bo‘lsa - buni zararkunandalik va ahmoqlikning yana bir g‘alabasi sifatida baholash mumkin».

«PriZrak Novorossii» telegram-kanali yanada radikal fikr bildirdi - u Mariupol mudofaasidagi «Azov» polkini asosiy maqsadi «rus/sovet odamlarini yo‘q qilish» bo‘lgan «mafkuraviy-rusofob bo‘linma» deb atadi.

Uning mualliflari ochiqchasiga asirga tushganlarning hech birini tirik qoldirmaslikka, o‘ldirishdan oldin ularni namoyishkorona qiynoqqa solishga chaqirdi.

Rossiyalik qator siyosatchilar ham almashuvga qarshilik bildirgan. 17 may kuni «Spravedlivaya Rossii - Za pravdu» fraksiyasidan Davlat dumasi deputati bo‘lgan Anatoliy Vasserman «natsist jinoyatchilar»ni almashishni taqiqlovchi qaror yoki qonun qabul qilishni taklif etdi.

Vasserman ukrainalik harbiy xizmatchilar qaysi mezonlarga ko‘ra ukrainalik harbiylar natsist jinoyatchilar deb tasniflanishi kerakligiga aniqlik kiritmagan, ammo Duma spikeri Vyacheslav Volodin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan va mudofaa va xavfsizlik sohasi bo‘yicha qo‘mitani bu masalaga jalb etgan.

Bunday qaror loyihasini 18 may kuni ko‘rib chiqish rejalashtirilgandi, ammo buni nimadir to‘xtatib qoldi - Duma Vassermanning tashabbusini muhokama qilmadi.

Tinchlik muzokaralarida Rossiya delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan deputat Leonid Slutskiy esa «Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy qo‘yilgan bo‘lsa-da, istisno qilish va sudga oliy jazo qo‘llash imkoniyatini berish» haqida gapirgandi.

«Kommersant’» ma’lumotiga ko‘ra, Moskvada chindan ham ukrainalik harbiylarni almashuv bo‘yicha reja yo‘q va Rossiya hukumati almashuv bo‘yicha muzokaralarga jon kuydirmoqchi emas.

18 may kuni Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas telegram-kanalida «Azov»ga mansub bo‘lgan barcha neonatsistlar Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanishi kerakligi»ni yozdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, parlamentning quyi palatasidagilar ham bunday yondashuvni ma’qullaydi.

Bundan tashqari, RF bosh prokuraturasi Oliy suddan «Azov»ni terrorchi tashkilot sifatida tan olish va Rossiyada uning faoliyatini taqiqlashni so‘ragan.

Avvalroq DXR rahbari Denis Pushilin ukrain harbiylari taqdirini sud hal qilishini aytgandi.

«Jarayon juda nozik»

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning hisoblashicha, rossiyalik siyosatchilarning «azovchilar»ni almashish imkoni yo‘qligi haqidagi bayonotlari faqat ichki propaganda uchun mo‘ljallangan.

«Ushbu qutqaruv amaliyoti va muzokaralar davomida u yerdan turli kuchlarga mansub bo‘lgan turli odamlarning turli bayonotlarini eshitmoqdamiz. Shuning uchun biz ularni Rossiyaning ichki iste’moli uchun propaganda maqsadiga qaratilgan siyosiy bayonotlar sifatida qabul qilishimiz kerak», dedi Malyar.

«Muzokaralar davom etmoqda, chunki qutqaruv amaliyotining o‘zi bir necha murakkab bosqichlardan iborat. Bu jarayon juda nozik. Biz ommaviy e’lon qiladigan har qanday ma’lumot jarayonning o‘ziga va himoyachilarimizga zarar yetkazishi mumkin», degan u.

Ukrainada ham ko‘plab rossiyalik harbiy asirlar bor va Ukraina hukumati ham ularni harbiy jinoyatlar sodir etishda (tinch aholi vakillari yoppasiga o‘ldirilishi, zo‘ravonlik va talonchilikda) ayblab sud qilishi mumkin.

Bunday sud jarayonlaridan birinchisi Kiyevda boshlanib ketgan - rossiyalik 21 yoshli serjant Vadim Shishimarin Sumi oblastida qurolsiz tinch aholi vakilini o‘ldirishda ayblanmoqda. Sud davomida rossiyalik harbiy xizmatchi aybiga iqror bo‘lgan, u umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Mavzuga oid